CHIQINDIXONALARNI ORALAB.

Ijtimoiy tarmoqlarda shahrimizdagi "Zargarlik" va "Olmazor" (Olmazor city) mahalla fuqarolar yig'inida chiqindilarni olib chiqib ketish paysalga solinayotganligi, natijada atrofga qo‘lansa hid tarqalayotganligi, holat bartaraf etilmasa turli hasharot va hayvonlar tufayli kasallik o‘chog'iga aylanishi keskin tanqid qilindi. 

Vaziyatni o‘rganish maqsadida dastlab "Zargarlik" MFYga borganimizda mahalliy va respublika OAV xodimlari, blogerlar, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, viloyat IIB JXX JTSB patrul-post xizmati batalyoni xodimlari jam bo‘lganligi va "Eco house" MCHJ tomonidan chiqindilar olib ketilayotganligiga guvoh bo‘ldik. Shuningdek, "Zebo" savdo markazi atrofiga tashlab ketilgan chiqindilar nazoratga olinib, davlat inspektorlari tomonidan chiqindilarni noqonuniy tarzda tashlab ketilgan holatlar bo‘yicha huquqbuzar fuqarolarga ma'muriy javobgarlik belgilandi. Aholi tomonidan turli joylarga qattiq, maishiy va qurilish chiqindilari tashlab ketilgan 7 ta holat bo‘yicha ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, MJtKning 91-moddasi 1-qismiga asosan BHMning ikki baravari bo‘yicha (680 000 so‘m) jarimalar qo‘llanildi. Shu o‘rinda bir mulohaza: ko‘p qavatli turarjoylarda hovli, qo‘shimcha yer maydoni yo‘qligi barchaga ayon. O‘z-o‘zidan uyida ta`mirlash ishlarini olib borayotgan fuqaro qurilish chiqindilarini vaqtinchalik qayerga qo‘yib turadi? Shunday bo‘lgach, yuqoridagi holatlar bo‘yicha fuqarolarning jarimaga tortilishi qanchalik adolatli?

Bu ham mayli, chiqindilarni olib chiqib ketish uchun ijtimoiy tarmoqlarda jar solish orqali mas'ullar e'tiborini qaratish lozimmi? Mazkur vaziyatdan kelib chiqib aytilsa, albatta ha. Biroq har kim o‘z ishiga mas`uliyat bilan yondashsa, bunga hojat yo‘q. Afsuski, so‘nggi vaqtlarda biz shunga odatlandik, qayerdaki muammo haqida jar solingach, matbuot va OAV yoki ijtimoiy tarmoqda bong urilgach, muammoga ko‘r-ko‘rona qarab, biroz muddat o‘tguncha vaziyatni yumshatishga o‘rgandik. 

Shuningdek, "Zargarlik" MFY joylashgan 3 ta CHTSHlarining holati o‘rganilganda "Eco house" MCHJ tomonidan chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmaganligi aniqlandi. 

- Joriy yil yanvar oyida ishni yangicha yondashuv bilan boshladik. Jumladan, Jizzax shahriga 3 ta maxsus texnika xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 20 tani tashkil etadi, - deydi "Eco house" MCHJ boshlig'i o‘rinbosari Muhammad Hamroqulov. - Yil yakunigacha yana 10 ta texnikalar olib kelishni rejalashtirganmiz. Shuningdek, O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan chiqindi tashish uchun mo‘ljallangan elektromobilni olib kirdik. Investorlar bilan kelishuvlarga erishilib, yaqin yillarda mana shunday turdagi elektromobillarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Shuningdek, yanvar oyidan buyon shahar hokimligining homiyligida 30 ta chiqindi tashish konteynerlari berildi. 

Bu raqamlar albatta shahar obodligi yo‘lida olib borilayotgan sa`y-harakatlarning dalolatidir. Biroq atrof-muhitimizdagi vaziyat buning aksini ko‘rsatayotganligi sir emas. Mas`ullar bunga to‘lov qobiliyatining pastligini ro‘kach qilishdi. "Eco house" MCHJ boshlig'i o‘rinbosari Muhammad Hamroqulovning aytishicha, "Zargarlik" MFYda aholining 70 foizi ijara asosida yashaydi. Ularning aksariyati bilan ijara shartnomasi qilinmaganligi tufayli aholi sonini aniqlashtirishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan chiqindi uchun to‘lovga ham ta`sir qilmay qolmaydi. Shuningdek, mahallada faoliyat yuritayotgan 200 dan ziyod yuridik tashkilotdan bor-yo‘g'i 43 tasi bilan shartnoma qilingan. Bu holatni oqlamoqchi emasmiz, albatta. Lekin xizmat sifatining yaxshilanishiga bu raqamlar ta`sir qilmasligi, ekologik toza muhit yaratishga sabab qilib ko‘rsatilmasligi kerak. Vaholanki, sifatli xizmat ko‘rsatilgandagina to‘lovni amalga oshirishda muammo bo‘lmasligi turgan gap. 

Shahrimizning eng katta turarjoy massivlaridan biri "Olmazor city"da ham ahvol achinarli darajada. Hududda 4 ta chiqindi to‘planadigan joy bo‘lsa, ulardan ikkitasidagina konteynerlar mavjud. Qolgan ikkitasidagi holatni tasavvur qilavering. 

- Ikki oy avval shu yerdagi ahvol haqidagi videoni ijtimoiy tarmoqqa joylagandim, lekin natija bo‘lmadi. Oradan yigirma kunlar vaqt o‘tgach ikkinchi marotaba video joyladim, - deydi 1-uy 23-xonadonda yashovchi Habiba Mansurova. - Shundan keyin ikki marotaba chiqindilarni olib ketishdi, lekin shunda ham to‘liq emas. Kuni kecha ham chiqindi ortish uchun mashinani olib kelib qo‘yishdida, lekin olib ketishmadi. Shu chiqindi to‘plash joyida yashovchi ayol atrofni tozalab turadi, chiqindini mashinaga ortib ham beradi. Lekin kechasi bu ishni kim qiladi?

Habiba Mansurovaning ta`kidlashicha, u chiqindi uchun to‘lovni doimiy tarzda amalga oshiradi. Qo‘shnilar ham shunday. Biroq so‘nggi vaqtlarda sifatsiz xizmat uchun haq to‘lash norozilik uyg‘otayotganligini ham yashirib o‘tirishmadi.

Aholining aytishicha, ota-onalar axlatlarni tashlab kelishni yosh bolalariga topshirishadi. Bolalar esa o‘yinga chalg'ib, 20-30 qadam nariga borishga erinib, chiqindilarni ariqlar ichiga tashlab ketisharkan. Mazkur holat orqali fuqarolarning ekologik madaniyati oqsayotganligiga yana bir karra guvoh bo‘ldik. Aks holda ariqlar ichi axlatga to‘lmas edi. Bu endi fuqarolar, mahalla faollari, ota-onalarning ishi.

Xurshida Quronova 1-uy oldidagi chiqindi tashish joyida yashaydi. 5 nafar farzandi bilan polietilen idishlar (baklashka) terib tirikchilik qiladi. 

- Turmush o‘rtog'im vafot etgach, shu yerda yashashga majbur bo‘ldim. Baklashka terib topshirishdan haftasiga 70-80 ming so‘m ishlaymiz. Chiqindixonadan tashqari, ko‘chalar, uylar atrofidan ham baklashka terib kelamiz. Kuchim boricha chiqindilarni mashinaga ham ortib beraman, - deydi u.

Ajablanarlisi, ayolga hech qanday oylik maosh to‘lanmaydi. U bor-yo‘g‘i shu boshpanadan foydalangani uchun chiqindilarni ortib berishga majburdek nazarimizda. Suhbat davomida ayolning holidan na mahalla yettiligi, na yuqori turuvchi tashkilotlar xabar olmaganligidan hayron qoldik. X.Quronova ham hech qayerga yordam so‘rab murojaat qilmagan. 

Biz o‘rganish davomida bir muddat bazo‘r chiqindixona atrofida turdik. Yillar davomida shu yerda yashashga majbur ayol va uning farzandlarining sabriga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q. 

Yuqoridagi ikki hududdagi mavjud chiqindixonalarning ayanchli ahvoli, axlatlarning haftalab, hatto oylab olib ketilmayotganligi mas`ul tashkilotlar zimmasidagi vazifa. Real vaziyatdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, har kim o‘z ishiga mas`uliyat bilan yondashsin. Ayniqsa, gap ekologik barqarorlikni ta`minlashdek dolzarb masala haqida ketayotgan bo‘lsa. "Eco house" MChJ rahbariyati endi qanday yo‘l tutar ekan? Biz bu mavzuga yana qaytamiz.


Gavhar SAYDULLAYEVA

(«Jizzax ovozi»)



Авторизация