O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat Kengashi raisi Nuriddin Xolmatov tadbirni kirish so‘zi bilan ochdi.
Nomzodning ishonchli vakili, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zulayho Akramova uchrashuv ishtirokchilarini Ulug‘bek Inoyatovning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Ulug‘bek Inoyatov jizzaxlik saylovchilarni o‘zining saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Eng muhimi, notiq o‘z ma`ruzasida to‘qqizta yo‘nalishdan iborat hujjatni sharhlash asnosida so‘nggi yetti yilda mamlakatimizda ro‘y bergan o‘zgarishlarni Jizzax zamini misolida alohida so‘z yuritdi. Viloyatning 1,5 millionga yaqin aholisi hayotida kelgusida sodir bo‘ladigan yangiliklarda dasturning hissasi bo‘lishi shubhasiz.
Mehnat faxriysi Imomqul Berdiyev, xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputati Musaxon Imomov, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Dilbar Saidova, talaba Davron Ergashev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Forish tumani Kengashi raisi Noriniso Irisova Prezidentlikka nomzodning dasturi to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Barchani 9-iyulda bo‘lib o‘tadigan saylovda Prezidentlikka nomzod uchun ovoz berishga chaqirdi.
Ulug‘bek Inoyatov bir guruh siyosiy partiya faollari va elektorat vakillarining turli mavzularga oid savollariga javob qaytardi.
Bir ovozdan ta`kidlanganidek, muloqotda Jizzax viloyatining mamlakatimizdagi nufuzi, mavjud imkoniyatlari va istiqbolli yo‘nalishlari tahlil etildi. Yangi rejalar belgilandi. Eng muhimi ham shu.
R.YUNUSOV
***
Botir QUDRATOV olgan surat