JIZZAX VILOYATI SANOATI RIVOJLANGAN HUDUDGA AYLANMOQDA

JIZZAX VILOYATI SANOATI RIVOJLANGAN HUDUDGA AYLANMOQDA


Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bilan tanishish maqsadida 10 fevral kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.

Safar dasturidagi birinchi manzil Paxtakor tumanidagi "Paxtakor elita urug'chiligi" fermer xo'jaligi bo'ldi. Xo'jalik maydoni 100 gektar bo'lib, shundan 80 gektarida paxta va g'alla, qolgan qismida soya, sarimsoqpiyoz, beda ekilgan.

Davlatimiz rahbari o'tgan yili oktabrda Sirdaryo viloyatida bo'lganida dala chetlaridagi yerlardan samarali foydalanish, fermer va ishchilarga qulaylik yaratish uchun dala uylari qurish zarurligini aytgan edi. Buning ijrosi va samarasi mazkur fermer xo'jaligida namoyon. Dala chetiga tut, uzum, poliz va dukkakli mahsulotlar ekilgan, asalari uyalari qo'yilgan. Yengil konstruktsiyalardan dala uyi qurilgan, uning tomida quyosh panellari o'rnatilgan.

Prezidentimiz ushbu uyni kirib ko'rdi, fermer oilasi bilan suhbatlashdi.

Qishloq xo'jaligi sohasi muta-saddilari va paxta-to'qimachilik klasterlari rahbarlari bilan mulo-qotda hosildorlikni oshirish, aholi bandligini ta`minlash bo'yicha ko'rsatmalar berildi.

- Biz nimaga boyligimiz bo'lgan yerni klasterlarga berdik? Xalqqa nafi tegishi uchun. Endi klasterlar islohotlarga munosib bo'lib, davlat siyosatini amalga oshirishi kerak. Qishloq xo'jaligini sanoatlashtirish, korxonalar ochish va kasanachilik orqali o'z hududida ishsizlikni kamaytirishi zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma`lumki, yurtimizda ishsiz fuqarolarga dehqonchilik uchun yerlar ajratilmoqda. Jizzax viloyatida bu orqali 13 mingdan ziyod yoshlarning bandligini ta`minlash mo'ljal-langan.

- Bir paytlar 1 gektar yerni xalqqa berish mumkin emasdi. Hozir 200 ming gektar ajratdik. Nima uchun? Odamlar-ga daromad manbai bo'lishi uchun. Endi "qarsak ikki qo'ldan chiqishi" kerak, - dedi davlat rahbari.

Fermerlarning manfaat-dorligini ta`minlash, mahalla-larning "o'sish nuqtalari"ni qo'llab-quvvatlash bo'yicha ko'rsatmalar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev "Jizzax" erkin iqtisodiy zonasidagi korxo-nalar faoliyati bilan tanishdi.

Oldinlari Jizzax viloyati sanoat ko'rsatkichlari aholi jon boshiga eng past bo'lgan hududlardan biri edi. Bugungi kunda har bir tumanga sanoat kirib bordi.

"Jizzax" erkin iqtisodiy zonasida 27 ta loyiha amalga oshirilib, 5 ming 300 ga yaqin ish o'rni yaratilgan. Oxirgi yillarda uning faoliyati takomillashtirilib, biznes uchun qulayliklar yanada kengaytirildi. Hozir bu yerda ko'p turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ular qatoriga 2022-yil oktabrda "Iruskon" qandolat korxonasi ham qo'shildi. 

Davlatimiz rahbari uning ish jarayonini, mahsulotlarini ko'zdan kechirdi.

Korxonada Rossiya, Turkiya, Germaniya va Italiya tajribasi asosida "Deya" brendi bilan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Yillik quvvati – 12 ming tonna. 100 ga yaqin kishi ish bilan ta`minlangan. Kelgusi yil ikkinchi bosqich uchun Germa-niya va Turkiyadan yana 5 million dollarlik uskunalar olib kelish rejalash-tirilgan. Buning natijasida 550 nafar yangi ish o'rni yaratiladi.

Iqtisodiy zonadagi yana bir korxona - "Master Building Products" mas`uliyati cheklangan jamiyatida yiliga 3 million dona quvur va fiting mahsulotlari, quri-lish materiallari tayyorlanadi. 600 ga yaqin ish o'rni yaratilgan. Dav-latimiz rahbari ushbu mahsulot-lar ko'rgazmasi bilan tanishdi.

"Global Optical Communication Uzbekistan" O'zbekiston - Janubiy Koreya qo'shma korxonasi ham ko'zdan kechirildi. Bu yerda yiliga 85 ming kilo-metrlik optik tolali kabel mahsu-lotlari ishlab chiqarilmoqda. 115 kishi mehnat qilmoqda.

(Davomi. Boshi 1-sahifada)

Prezidentimiz korxonalarda mahalliylashtirish darajasini oshirib, import o'rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.

"Jizzax" erkin iqtisodiy zonasida yana 14 loyiha amalga oshiril-moqda. Shundan 5 tasi joriy yilda ishga tushiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax shahridagi Qozon federal universiteti filialida bo'ldi.

Bu universitet Rossiyadagi eng qadimiy va keng qamrovli oliy ta`lim muassasalaridan biri. Uning Jizzax filiali o'tgan yili ish boshladi va bugungi kunda 325 nafar talaba ta`lim olmoqda. Umuman, muassasa 1 ming 88 o'rinli.

Bu yerda davolash ishi, stomatologiya, farmatsiya, tibbiyot biokimyosi, jurnalistika, iqtisodiyot, geologiya, tilshunoslik, dasturiy muhandislik, axborot tizimlari va texnologiyalari hamda texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish kabi 11 yo'nalishda mutaxassis tayyorlanadi.

Davlatimiz rahbari muassasa uchun qo'shimcha bino ajratib, qulayliklarni kengaytirish bo'yicha ko'rsatma berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 fevral kuni Jizzax viloyatida sanoatni rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko'paytirish masalalari bo'yicha yig'ilish o'tkazdi.

Viloyatda yangi sanoat korxonalari barpo qilish uchun so'nggi olti yilda qariyb 5 milliard dollar investitsiya jalb qilingan. Buning natijasida 2 mingga yaqin yangi korxonalar tashkil qilinib, ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 baravarga oshdi.

Oldin viloyatning sanoat mahsuloti asosan paxta tolasi bo'lgan bo'lsa, hozirgi kunda elektrotexnika, optik tola, avtomobil, murakkab kimyoviy moddalar, energotejamkor materiallar kabi yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Bu sohada 54 ming aholi band. Viloyatdagi sanoat eksporti 1,8 baravar oshib, 166 million dollarga yetdi.

Davlatimiz rahbari bu sur`atni davom ettirib, joriy yilda viloyat sanoatini 14 foizga oshirish imkoniyati borligini ta`kidladi. Buning uchun 750 million dollarlik 10 ta yirik loyiha va 580 million dollarlik 110 ta hududiy sanoat loyihasi bajarilishi qayd etildi. Ularda 7 ming 500 ta yangi ish o'rinlari yaratiladi. Shuningdek, kelgusi ikki yilda Jizzaxda avtomobilsozlik va metallurgiya sohalarida yirik loyihalar ishga tushadi.

Jizzaxda eng tez o'sayotgan sanoat tarmog'i bu - qurilish va energiyatejamkor materiallar ishlab chiqarish. Oxirgi besh yilda bu sohada 180 ta yangi korxona tashkil etilgan, 900 million dollarlik 210 ta loyiha ishga tushirilgan. Buning hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 10 baravar oshib, import bo'layotgan 110 million dollarlik mahsulotlar mahalliylashtirildi, eksport esa 7 baravar ko'payib, 35 million dollarga yetdi.

Viloyatda birgina bazalt zaxirasi 26 million tonna bo'lib, respublikadagi jami zaxiraning 25 foizini tashkil etadi. Lekin, bular ilgari umuman ishlatilmagan. Hozir esa, bazaltdan talab yuqori bo'lgan 7 xil zamonaviy mahsulotlarni ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Bu Forish tumanida 6 ta korxonadan iborat yaxlit klasterga aylandi.

Shu bilan birga, Baxmal, G'allaorol, Sharof Rashidov, Zomin, Zarbdor, Zafarobod, Forish va Yangiobodda bazalt, sement, keramzit, shisha va mineral xom ashyo zaxirasiga boy 200 ga yaqin konlar bor. Prezident ularga tadbirkorlarni jalb qilib, bozorbop mahsulotlar tayyorlashni yo'lga qo'yish zarurligini ta`kidladi.

Bu yil qurilish materiallari bo'yicha 460 million dollarlik 31 ta loyihani ishga tushirish vazifasi qo'yildi.

Yig'ilishda energetika ta`minotini yaxshilash masalasiga ham e`tibor qaratildi.

Jizzax viloyatida kamida 2 ming megavatt qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun salohiyat borligi ta`kidlandi. Bundan foydalanib, 270 megavatt quyosh energiyasi quvvatlari ishga tushirilishi aytildi. Buning hisobiga 236 million kilovatt soat ishlab chiqarilib, tanqislik ortig'i bilan qoplanadi, jami 71 million kub metr gaz tejaladi.

Jumladan, G'allaorolda Birlashgan Àrab Àmirliklarining "Masdar" kompaniyasining 200 million dollar to'g'ridan-to'g'ri investitsiyasi hisobidan, 220 megavattli yirik quyosh stansiyasi ishga tushiriladi. Kelgusi yilda bu stansiya to'liq quvvatga chiqib, 500 million kilovatt soat elektr olinadi va viloyat ehtiyojining 20 foizini qoplaydi.

Shuningdek, ijtimoiy soha va davlat idoralari binolarida 5 megavattli, Sanoat zonasi va tadbirkorlar binolarida 15 megavattli quyosh panellari o'rnatish mumkinligi ko'rsatib o'tildi. Àholi xonadonlariga 8 megavattli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o'rnatish uchun jozibador sharoitlar yaratiladi. Tadbirkorlarning o'z ehtiyojlari uchun 5, 10, 15 megavattli quyosh stantsiyalari qurish tashabbuslari qo'llab-quvvatlanadi.

Zafarobodda bu yil jami 2 megavattli 2 ta kichik GES quriladi va bu yil 2,4 million kilovatt soat elektr ishlab chiqaradi. Osiyo taraqqiyot banki bilan birga, Forishda 150 megavattli yirik quyosh stantsiyasi loyihasi boshlanadi. Bu stantsiya to'liq quvvatga chiqqanda, 370 million kilovatt soat elektr ishlab chiqaradi. Jizzax shahrida ham issiqlik, ham elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi kogeneratsiya markazi quriladi.

Davlatimiz rahbari Jizzax elektr tarmoqlaridagi yo'qotishlar ko'p ekanini qayd etib, buni kamaytirish, viloyatda 4 mingdan ziyod korxonaning energiya samaradorligini oshirish bo'yicha topshiriqlar berdi.

Viloyat jamoatchiligi vakillari, nuroniylar va yoshlar bilan muloqot bo'ldi. Ular yurtimizdagi yangilanishlar, yaratilayotgan sharoitlar samarasi haqida o'z hayoti va faoliyatidagi muvaffaqiyatlar misolida so'zlab berdi. Davlatimiz rahbari ularning taklif va tashabbuslarini tinglab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. 

Yig'ilish so'ngida yana bir muhim voqea - 3 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimi bo'ldi. Ular - Forish tumanidagi "Eco Basalt Group", Jizzax sanoat zonasidagi "Mono Electric" va "Super medical elements" shirkatlaridir.

Birinchi korxona bazaltdan yiliga 5 ming tonna kompozit quvurlar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo'ladi. "Mono Electric"da 1 ming 500 turdagi elektr texnika mahsulotlari, "Super medical elements"da 40 turdagi tibbiy buyumlar ishlab chiqariladi. Ushbu korxonalar hisobiga 700 dan ortiq aholi yuqori daromadli doimiy ish joyiga ega bo'ladi.

Marosimda videoaloqa orqali korxonalar vakillari bilan muloqot qilindi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni ishga tushirdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifi yakunlandi. 


Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom ÀVVÀLBOEV,

Àbdujalol QÀYUMOV,

O'zÀ muxbirlari




Авторизация