JAMOAT TRANSPORTIDAN QONIQASIZMI?
Har birimiz jamoat transportidan foydalanamiz. Ayniqsa, yo‘nalishsiz taksi narxlarining sun`iy oshib yuborilishi tufayli jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyoj ikki-uch barobarga ortdi. Natijada ushbu sohada ham qator kamchiliklar ko‘zga tashlandi.
Aytish lozimki, jamoat transportidan foydalanuvchilarning asosiy qismini o‘rta va kam daromadli aholi, shuningdek o‘quvchi va talabalar tashkil etadi. Demak, jamoat transportining yo‘lovchilarga tezkor xizmat ko‘rsatishi dolzarb ahamiyat kasb etadi. Aslida esa oraliq kutish vaqtlarining uzoqligi bunga to‘sqinlik qiladi. O‘z-o‘zidan uzoq kutilgan avtobusda tirbandlik yuzaga keladi. Bu holatda yurish uchun esa kuchli asab va vaqt zarur. Boz ustiga kunning tig‘iz paytlarida yo‘lovchilar oqimining ortishi tufayli oyoq bosishga joy qolmagan avtobus salonini yanada to‘ldirishga harakat qilishadi. Boshqa yo‘nalishdagi avtobuslar bilan poygalashib, ba`zan juda tez va qaltis, ba`zan o‘ta sekin harakatlanishi bir bo‘lsa, bekatlarda uzoq vaqt kutib qolish hollari esa muammolarni yanada oshiradi.
O‘rni kelganda aytish lozimki, tirbandlik odamlarga noqulaylik tug‘dirishi tabiiy. Ayniqsa, tiqilinch xotin-qizlar uchun hijolatli vaziyat ekanligini yashirishga hojat yo‘q. Yosh bolali ayollar uchun esa tiqilinchda harakat qilish ikki barobar mushkul ish.
Oraliq masofasi uzoq marshrutlar, masalan 1, 16-avtobus yo‘nalishiga talab doim yuqori. “Chas pik” mahali bu ehtiyoj yanada ortadi. O‘qish, ishdan qaytish mahali esa ushbu yo‘nalishlardagi avtobuslarga chiqish amrimahol.
Jamoat transporti haqida gap ketganda albatta bekatlar xususida ham to‘xtalib o‘tish kerak. Boisi shahrimiz bo‘ylab joylashgan bekatlarning 80 foizi savdo do‘konlariga aylantirilgan. Yo‘lovchilar uchun esa sharoit talab dajasida emas. Boz ustiga yo‘nalishsiz taksilar ham bekatlarga kirishda to‘xtab olishi tufayli odamlar avtobuslarni yo‘lning qatnov qismida kutishga majbur bo‘lmoqda.
Jizzax davlat pedagogika universiteti bosh binosi oldidagi svetofor oldida transport haydovchilari aynan piyodalar yo‘lagining ustida to‘xtab, yo‘lovchi olib, tushirishadi. Orqadan kelayotgan avtomobillar va yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodalar uchun bu holat albatta noqulaylik tug‘diradi.
“Oblastnaya bolnitsa” bekatida esa ahvol bundanda battarroq. Yo‘nalishsiz taksilar aynan bekatga kirish joyida to‘xtab odam oladi. Svetoforning yashil chirog‘idagi avtobus esa bekatga kira olmay, “Narimonov” ko‘chasidan harakatlanib kelayotgan ulovning yo‘lini to‘sib qo‘yadi.
“Jizzax ovozi” gazetasining 2022-yil 12-fevraldagi 7-sonida chop etilgan “Sarson piyoda” sarlavhali maqolada ham mazkur masala ko‘tarilgan edi. Biroq mutasaddi tashkilotlar ushbu holatga hali-hanuz loqaydlik bilan qarashmoqda. Vaholanki, kichik ehtiyotsizlik sabab yo‘l-transport hodisasi yuzaga kelishi hech gap emas.
Jamoat transportida shuncha muammo va kamchilik bor ekan, yoqmagan odam taksida yursin deyishingiz mumkin. Biroq oxirgi vaqtlarda yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lkira narxining oshirib yuborilishi yo‘lovchilar oqimi o‘zgarishiga turtki berdi. Gap borib, narx-navoga taqalar ekan, mas`ul tashkilotlarning diqqatini yana shu mavzuga qaratmoqchimiz. Yo‘lkira narxi oshganiga yoqilg‘i tanqisligini ro‘kach qilishadi. Bunga yo‘lovchi aybdor emas-ku? Uning oyligi oshmadi yoki borish-kelish xarajati uchun kompensatsiya to‘lanmadi. Jamoat transportining narxi sun`iy oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Biroq yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini nazorat qiluvchi tashkilotlar negadir jim.