IQLIM O‘ZGARISHIGA HAR BIRIMIZ SABABCHIMIZ

Yildan-yilga iqlim o‘zgarishi muammosi dolzarbligi oshib bormoqda. Nima sababdan bu holat ro‘y berayapti? 

So‘nggi yillarda nafaqat global isish, balki yog‘ingarchilikning me`yordan ortiq yoki kamligi tabiiy ofatlarni yuzaga keltirmoqda. 

1980-yildan, ya’ni ma’lumotlar global darajada qayd etilish boshlangandan beri va 2017-yil holatiga ko‘ra, solishtiradigan bo‘lsak, Yer sayyorasining harorati 1 C ga oshgan. Bu raqam juda katta emasdek ko‘rinishi mimkin. Biroq butun yer yuzasini hisobga olsak, bu o‘zgarish oqibatida muzliklar erib, okean va dengizlar sathining keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘layapti. Olimlarning fikricha, issiqxona gazlarining tarqalishi to‘xtamasa, Yer sayyorasi o‘rtacha haroratining 4C ga oshib, quruqlikning katta qismini inson hayoti uchun yaroqsiz holga keltirib qo‘yishini ta`kidlashmoqda. Ya`ni mutaxassislar fikriga ko‘ra, yaqin 25-30 yil ichida iqlim yanada issiqlashadi va ob-havo sharoiti keskinlashadi. Demak, ob-havoning injiqliklari yanada oshadi. Buning oldini olish chorasi bormi? Albatta, bor. Biroq, iqlim o‘zgarishining eng yomon oqibatlarini oldini olish uchun qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish jarayonini sezilarli darajada tezlashtirish kerak.

Bugungi kunda qayta tiklanadigan eng kam energiya manbalariga shamol turbinalari, quyosh panellari, gidroelektrostansiyalar va atom elektr stansiyalari kiradi. Qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish qimmatga tushadigandek tuyulishi mumkin, ammo iqlimga yetkazilgan zararni qoplash va havo ifloslanishi bilan bog‘liq kasalliklarni kamaytirish orqali bu vositalar o‘zini oqlaydi. 

Shuni qayd etish kerakki, har bir inson ob-havoning keskin o‘zgarishini oldini olish uchun hissa qo‘sha oladi. Buning uchun kundalik hayotda elektr energiyasidan oqilona foydalanish maqsadida yorug‘lik lampalarini energiyani tejaydigan lampalar bilan almashtirib, xonadan chiqayotganda chiroqlarni o‘chirish talab etiladi. Shuningdek, yaqin manzillarga yetib boorish uchun jamoat transportidan foydalanish mashinadan chiqadigan zararni kamaytirishga xizmat qiladi. 

Bu usullar arzimas, qadamlar kichik bo‘lib tuyulishi mumkin. Bu ko‘rsatmalarga amal qilish sizning muammo haqidagi xabardorligingizni oshiradi va atrofingizdagilarni bundan xabardor bo‘lishga undashingizga turtki beradi.

Kelajak avlodga toza havo va betakror tabiatni qoldirishga hissa qo‘shaylik.


Авторизация