Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi, O‘zbekiston Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish Vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahri, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar ishtirok etishdi.
Trening davomida ekolog.uz saytining bosh muharriri, filoligiya fanlari doktori N. Qosimova, gender eksperti, “Qalb nuri” NNT direktori N. Alimova va boshqa mahalliy ekspert-energetiklar tomonidan O‘zbekistonda muqobil energiya manbalarini rivojlantirish va energiyani tejashning asosiy holatlari, qishloq joylarida uy-joy qurilishida foydalanilayotgan energiya tejovchi texnologiyalar, ushbu mavzularni yoritishda jurnalistik yondashuvlar yuzasidan mulohazalar bildirildi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari ommaviy axborot vositalarida energiya tejash mavzusini yoritishda jurnalist va tahririyatlarning roli yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
- Elektr energiyaning asosiy qismi foydali qazilmalarning yoqilishidan olinadi. Dunyoda 200 milliard tonnadan kam neftь zaxirasi bor. Bu bor-yo‘g‘i 47 yilga yetadi. Ko‘mir zaxirasi esa 1 trilion tonna, tabiiy gaz 170 milliard kub metr qolgan. Yanada aniqroq raqamlarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, ko‘mir 133 yilga, gaz esa atigi 57 yilga yetadi, xolos. Shuning uchun, tabiiy resurslardan oqilona, tejamkorlik bilan foydalanish lozim, deydi mediatrener N. Qosimova.
Trening doirasida ishtirokchilar e'tiboriga OAV materiallarida infografika uchun zarur mulьtimedia vositalaridan foydalanish bo‘yicha ijtimoiy roliklar ham namoyish etildi.
Seminar yakunida tadbir qatnashchilari Toshkent viloyati markazida qurilgan namunavi “yashil uy” bilan yaqindan tanishdilar. Bu yerda energetika mutaxassislari energotejamkor uyning afzalliklari haqida to‘liq ma'lumot berishdi.