O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, mustabid yillarida "qonxo‘r", "jallod", "yo‘lto‘sar" deb xalq ongiga uqtirilgan sohibqiron Amir Temurning qanday shaxs ekanligini nafaqat bizning, balki butun dunyo olimlari isbotlab berdi. Binobarin, qariyb 500 yil hukmronlik qilgan temuriylar sulolasi xususida jahon adabiyotida ilmiy va badiiy hamda sahna asarlari yaratib kelindi va yaratilmoqda.
Amir Temur Movarounnahrda yirik markazlashgan davlatni barpo etgach, butun kuch-g‘ayratini turkiy xalqlarni birlashtirishga, Ulug‘ Turon davlatini barpo etishga qaratgan edi.
Temur Shahrisabz yaqinidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida, Barlos beklaridan Muhammad Tarag‘ay oilasida dunyoga kelgan. Uning otasi Tarag‘ay bahodir Qashqadaryo vodiysidagi barlos urug‘ining boshlig‘i edi. Onasi Takina Moh begim bo‘lgan.
Muhammad Jahongir Mirzo Amir Temurning katta o‘g‘li bo‘lib, 1356-yilda tug‘ilgan, uning onasi Turmish Og‘odir.
Umarshayx Mirzo Amir Temurning 2-o‘g‘li bo‘lib onasi To‘lin Og‘odir. Umarshayx Mirzo Kurdistondan o‘tib borayotganda, yo‘l chekkasidagi Harmotu qal`asiga ko‘zi tushadi. Qal`ani yaqinroqdan tomosha qilish niyatida bir tepalikka chiqib, nazar tashlaydi. Shu payt qal`a ichidan otilgan nogahoniy o‘q Mirzoning qulog‘i tagidagi ko‘k tomiriga kelib tegadi va u shu zahoti jon beradi. Umarshayx Mirzo jasadi avval Sherozga muvaqqad dafn qilinadi. Keyinchalik marhum Umarshayx Mirzoning xotinlari Sevinch Qutlug‘ Og‘o begim, Beka Mulk Og‘o begim va Mulkat Og‘o begimlar hamda hali voyaga yetmagan o‘g‘li Iskandar Mirzo jasadni Sherozdan Keshga (Shahrisabz) olib keladi va temuriylar xonadoni uchun maxsus qurilgan daxmaga dafn qiladi.
Uning farzandlari: Pir Muhamad Mirzo Umarshayx Mirzoning katta o‘g‘li bo‘lib, 1379-yilda tug‘ilgan. Solih Mirzo 1406-yilda tug‘ilgan. Rustam Mirzo Umarshayx Mirzoning 2-o‘g‘lidir. U 1381-yilda tug‘ilgan. Iskandar Mirzo Umarshayx Mirzoning 3-o‘g‘lidir. U 1384-yilda tug‘ilgan. Onasi Mulkat Og‘o begim edi. Ahmad Mirzo Umarshayx Mirzoning 4-o‘g‘lidir. U 1388-yilda tug‘ilgan. Saydi Ahmad Mirzo amirzoda Umarshayx Mirzoning 5- o‘g‘lidir. U 1391-yilda tug‘ilgan. Boyqaro Mirzo Umarshayx Mirzoning 6-o‘g‘lidir. U 1393-yilda tug‘ilgan. Uning onasi Mulkat og‘o begimdir. Mironshoh Mirzo Amir Temurning 3-o‘g‘li bo‘lib, 1366-yil tug‘ilgan. U Temurning Xurosonga yurishlarida 14-yoshidanoq ishtirok etgan. Harbiy kuchni yaxshi egallagan. 1393-yil Temur Shimoliy Eron, Iroq va Kavkazortini Mironshoxga topshiradi.
Uning farzandlari: Abubakr Mirzo 1382-yil Mironshohning mo‘g‘ul xotinidan tug‘ilgan. Umar Mirzo Mironshox Mirzoning 2- o‘g‘lidir. U 1383-yilda tug‘ilgan. Xalil Sulton Mirzo Mironshoh Mirzoning 3-o‘g‘lidir. U 1384-yilda tug‘ilgan. U yoshligidan Saroymulkxonimni tarbiyasida bo‘lgan. Iyjal Mirzo Mironshoh Mirzoning 4-o‘g‘lidir. U 1387-yilda tug‘ilgan. Suyurg‘atmish Mirzo Mironshoh Mirzoning 5-o‘g‘lidir. U 1399-yilda tug‘ilgan. U biron viloyatga hukmronlik qilmasdan 1411-yil vafot etgan. Sulton Muhammad Mirzo Mironshoh Mirzoning 6-o‘g‘lidir. Uni qachon tug‘ilib va qachon vafot etgani noma`lum.
Shohrux Mirzo Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li bo‘lib u 1377-yil tug‘ilgan. Uning onasi Tag‘oy Turkon Og‘odir. U yoshligidan Saroymulk-xonim tarbiyasida bo‘lgan. U 20 yoshida otasining Falastin yurishida qatnashdi. 1397-yilda unga Xuroson, Seyston va Mozandaron hokimligi topshiriladi. U yoshligidan shariatga qattiq rioya qilgan. Shuning uchun Temur uni valiahd qilishni xush ko‘rmagan edi. Temur vafotidan keyin taxtga da`vogar bo‘ladi va Pir Muhammad bilan sulh tuzib Xalil Sultonga yurish qilgan edi. Pir Muhammad vafotidan so‘ng o‘zi kurasha boshlaydi. 1409-yilga kelib Samarqandni oladi va o‘g‘illariga hududlarni bo‘lib berib, o‘zi Hirotga qaytadi. Uning davrida mamlakat bir muncha gullaydi va poytaxtni Hirotga ko‘chiradi. U ko‘pincha davlat ishlarini xotini Gavharshod bilan boshqarar edi. Ancha qarib qolgandan keyin taxt vorisini tayinlay olmay qoladi, vorislikka esa nabirasi Alouddavla Mirzoni mo‘ljallagan edi. U o‘z ajali bilan 1447-yilda vafot etadi.
Uning farzandlari: Ulug‘bek Mirzo Shoxruh Mirzoning to‘ng‘ich o‘g‘lidir. Ibrohim Mirzo Shohruh Mirzoning 2-o‘g‘lidir. U 1394-yilda tug‘ilgan. Uning onasi To‘ti begim edi. Boysung‘ur Mirzo Shoxruh Mirzoning 3-o‘g‘lidir. U 1397-yilda tug‘ilgan. Suyurg‘atmish Mirzo Shoxruh Mirzoning 4-o‘g‘lidir. U 1398-yilda tug‘ilgan. Onasi Mulkat O‘gi begimdir. Muhammad Juki Mirzo Shohruh Mirzoning 5-o‘g‘lidir. U 1403-yilda Hirotda tug‘ilgan. Onasi Gavharshod begim edi.
Amir Temurning qizlari: O‘gi begi-xonim Amir Temurning katta qizidir. O‘gi begixonimning qaysi yilda tug‘ilgani haqida aniq ma`lumot yo‘q. 1382-yilda O‘gi begixonim to‘satdan og‘ir bedavo kasalga uchraydi va shu yil oxirida vafot etadi. Sulton Baxt begim Amir Temurning ikkinchi qizidir. Sulton Baxt begimning onasi sohibqironning ikkinchi xotini O‘ljaoy Turkon Og‘o begim edi. U 1366-yildayoq vafot etganligi ma`lum. Sulton Baxt begimning tug‘ilgan yilini 1360-366-yillar oralig‘i deb taxmin qilish mumkin.
Hamroqul Eshonqulov,
Jizzax davlat
pedagogika universitetining
dotsenti