Borliq olam tinmay o‘zgarishda va rivojlanishda bo‘lishi hammaga ayon. Ushbu o‘zgarishlar jamiyatga va inson ongiga turlicha ta'sir etadi. Natijada inson ongi ham o‘zgaradi. Tilga turli davrlarda xilma-xil ta'rif berilgan. Barcha ta'riflar tilning u yoki bu jihatini qamrab oladi. 1989-yil 21-oktabrda O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. "O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida"gi Qonun qabul qilindi.
Sobiq ittifoq tarkibida turib, bunday qonunni qabul qilishning o‘zi bir jasorat, qahramonlik edi. Bu qonunning qabul qilinishi millatimizning, O‘zbekiston ziyolilarining yutug‘i bo‘ldi. Bu ham katta sharaf, ham katta ma'suliyatdir. Chunki o‘sha davrlarda rasmiy-idoraviy ish yuritish, ilmiy tadqiqot ishlari rus tilida olib borilar edi. Natijada o‘zbek tilining rasmiy-idoraviy uslubi, ilmiy uslubi, publitsistik uslub rivojlanmay qolgan edi. «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonunning qabul qilinishi esa bu kamchiliklarga barham berdi. 1995-yil, 21-dekabrda ushbu qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilib, yangi tahrirda qabul qilindi. Qonunning qabul qilinganligiga 34 yil bo‘ldi. Shu davr ichida tilimiz jamiyat bilan hamnafas tarzda rivojlandi. Rasmiy-idoraviy uslub, ilmiy uslub, publitsistik uslub kamol topdi. Shuningdek, o‘zbek tili dunyodagi barcha tillar kabi o‘zining imkoniyatlarini ko‘rsata oldi va milliy o‘zlik hamda davlatchiligimiz timsoli sifatida gurkirab rivojlanmoqda.
Til ijtimoiy hodisa bo‘lib, jamiyat bilan uzviy aloqada yashaydi. Jamiyat taraqqiyoti til taraqqiyotini belgilaydi. Shu jihatdan til va jamiyat bir-birisiz yashay olmaydi. Insonlarning o‘zaro aloqasi til orqali amalga oshiriladi. Natijada til o‘zaro aloqa-aralashuv vositasi sifatida birinchi o‘ringa chiqadi. Til nafaqat aloqa vositasi, balki inson ongini ko‘rsatuvchi oyna hamdir. Alisher Navoiy "So‘z - dur, uning daryosi ko‘nguldir", deb bejiz aytmagan. Inson o‘z qalb daryosidan so‘zlarni terib, yuzaga chiqarar ekan, o‘zining dunyoqarashini, ongini, bilim darajasini ko‘rsatadi. Shuning uchun inson nutqiga qarab, unga baho beriladi. Shu jihatdan qaralsa, til - dil ko‘zgusi va inson hayotida muhim element hisoblanadi. Hayotimizning muhim elementi bo‘lgan tilimizga bo‘lgan munosabat davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
O‘z tilini mukammal bilmay turib, boshqa tillarni to‘liq o‘zlashtirish murakkab va qiyin ekanligini hamma ham anglab yetmayapti. Shuning uchun keng jamoatchilik, ziyolilar bu masalaga jiddiy yondashishini zamon talab qilmoqda. Biz xorijiy tillarni o‘rganmang, o‘z tilingizni bilsangiz yetadi, deyishdan yiroqmiz. Faqat o‘z tiliga mehr-muhabbat bilan munosabatda bo‘lgan kishi boshqa tilga ham shunday munosabatda bo‘la oladi deb aytmoqchimiz, xolos. Chunki ona tili grammatikasini puxta o‘rgangan o‘quvchi boshqa tillarni ham o‘zaro qiyoslash asosida tez o‘rgana oladi. Bugun dunyo globallashuv jarayonida ekan, turli tillar o‘rtasidagi mushtarak va farqli nuqtalarni anglash, jahondagi tillarning lug‘at boyligini izohli tadqiq etish, o‘zaro solishtirish dolzarblik kasb etmoqda. Chunki har bir tilda til egalarining dunyoqarashi, ruhi aks etadi. Shunday ekan, til faqat aloqa vositasi emas, balki xalq ruhini aks ettiruvchi omil hamdir.
"Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma'naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma'naviy-ma'ifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir", deyiladi hujjatlarda. Darhaqiqat, tilimiz bebaho boyligimiz bo‘lishi bilan birga milliy qadriyatimiz hamdir. Shunday ekan, tilimizning rivojlanishi, nufuzining oshishiga barchamiz teng mas'ulmiz. Chunki til jamiyat bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun bir kishi yakka holda rivojlanishini ta`minlay olmaydi.
Navoiy bobomiz so‘zning qudratini juda chiroyli ifodalab, so‘z o‘lgan odam tanasiga ruh bag‘ishlaydi, deydi va so‘z orqali tilning mohiyatini ochib beradi. Haqiqatan, so‘z orqali inson o‘z qalbini, yuragini ochadi. Shuning uchun so‘z inson qalbi ko‘zgusi sifatida talqin etiladi. Insonning nutqi orqali uning ma'naviyati, bilim saviyasi anglashilib turadi. Yusuf Xos Hojib "Qutadg‘u bilig" asarida chiroyli va teran nutq irod qilgan kishini dono deb bilib, pala-partish so‘zlagan kishini bilimsiz deydi:
Dono so‘zi go‘yo oqar suv erur,
Suv oqsa yer uzra ko‘p ne'mat unur.
Donolar bo‘ladi misoli chimzor:
Qayga oyoq qo‘ysang, u yerda suv bor.
Bilimsizning ko‘ngli qum erur go‘yo,
O‘t-o‘lan o‘smaydi kirsa ham daryo.
So‘z kishi ruhiyatini aks ettiruvchi noyob boylik hisoblanadi. Uning vositasida insoniyat o‘z bilimlarini, madaniy boyliklarini asrab-avaylab, kelajakka yetkazadi. Shuning uchun so‘z ma'naviy boyliklarimiz xazinasidir. Unda insoniyatning hozirgi kungacha bo‘lgan barcha izlanishlari, tajribalari va madaniy merosi saqlanib kelmoqda.
U.RAHIMOV,
S.AHMEDOV,
Davlat tilida ish yuritish
asoslarini o‘qitish va malakasini oshirish markazi hududiy
bo‘linmasi rahbarlari