"INTIZOR KO'ZLARDA HALQA-HALQA YOSH"(2022 YIL PUBLITSISKASI HAQIDA AYRIM MULOHAZALAR

 

"SЕN BIR DARAXT, MЕN BIR DARAXT..."

Usmon Azimning qo'shiqqa aylangan o'sha mashhur she'ri qulog'ga chalinsa poytaxtimiz-ning ko'hna bog'lari ko'z oldimizdan o'tadi.   

O'tgan yili yozda Toshkent-ning Chilonzor va Uchtepa tumanlarida ro'y bergan navbatdagi daraxtkushlik ijtimoiy tarmoqlarni "portlatdi". O'shanda 99 tup daraxt - eman va chinorga zarar yetgani ortidan Chilonzor tumani hokimi va prokurori ishdan olingan, shahar hokimi va prokuroriga hayfsan berilgan edi. Daraxtzorlarga qirg'in keltirish odatiy holga aylangan poytaxtda ahvol tuzalish o'rniga battar bo'lyapti. 

"Oila va tabiat" gazetasining 36-sonida huquqshunos Saidali Muxtoraliyev "Daraxtkushlik to'xtamayotganiga asosiy sabab nimada?" degan maqolasida shunday yozadi: "Tasavvur qiling, "uddaburon" tadbirkor poytaxtning markaziy hududidan 30 sotix joyga hokimning qarorini chiqartirib, hududni o'rab olgan, bu yerda ko'p etajli xonadonlar qurib sotishni reja qilgan. Kutilayotgan daromad 50 mlrd. so'm. Biroq bu yerda 60 ta "boshog'riq", ya'ni 60 ta ko'p yillik daraxt bor. Shu joyida plyus-minuslar solishtiriladi: moratoriy bor, daraxtlar kesilsa tabiatga 500 million so'm zarar hisoblanadi va kompaniyaning qo'g'irchoq rahbariga JKning 198-moddasi bilan ish ochiladi va u uch yilgacha qamalib ketishi mumkin. Biroq, bu zarar  3 barobar qilib, ya'ni 1,5 mlrd. qilib to'lansa, hech kim qamalmaydi, ozodlikdan cheklash ham berilmaydi, 60 mln. so'mgacha jarima yoki 3 yilgacha axloq ishlari berilishi mumkin. Bo'ldi, tadbirkorni boshqa hech narsa qiziqtirmaydi, kiprik qoqmay o'sha 60 ta daraxtni bir kechada kestirib qo'porib tashlaydi... Afsuski, ayni paytda tizim mana shunday ishlamoqda". 

Shuningdek, yozuvchi, publitsist Hakim Sattoriyning "Ular "ro'yxatlarda yo'q" edi. Shovullagan oqbadan teraklar qani?" maqolasi poytaxtimiz-ning yalong'ochlashib, ta'bir joiz bo'lsa cho'llashib borayot-gani haqida. ("Hurriyat", 50-son). Ko'pqavatli uylar, yo'llar, bino va restoranlar qurish bahonasida yuz yillik daraxtlar ayovsiz kesib tashlanayotgani juda ta'sirchan tasvirlangan. "Daraxtlarni kesaversak oxiri nima bo'ladi?", "Daraxtkushlik qachongacha davom etadi?" sarlavhali maqolalar ham shu mavzuda ("Oila va tabiat", 48-son; "Ishonch", 2022-yil, 125-son). 

Keyingi besh-olti yil ichida Toshkentda necha ming daraxt kesildi ekan? Poytaxtning yashil maydonlarini quritishga kim buyruq bergan? Issiq o'lkani soyasiz qoldirishdan kim manfaatdor, degan savollar juda ko'pchilikni o'ylantiryapti. Ijtimoiy tarmoqlar deyarli har kuni shu muammo xususida bong uradi. 

 "Yoshlar ovozi" muxbiri Sh.Sattorova gazetaning 2022-yil 15-oktabr sonida "Toshkent odam yashab bo'lmaydigan shaharga aylanyapti" deb yozdi. Saida Ibodinovaning "Toshkent chang shahriga aylanmoqda...(mi?) maqolasi poytaxtning tobora ifloslanib borayotgan havosi haqida ("Oila va tabiat", 2022-yil 41-son). Saidaning "Qog'ozlarda "ekilgan" nihollar" ("Oila va tabiat", 42-son) maqolasi qon-qonimizga singib ketgan qo'shib yozish, salla desa kallani olib kelish odatimizdan so'zlaydi. Maqolani o'qib, millionlab mablag'larni havoga sovurayotganlar nima uchun hech kimdan va hech nimadan qo'rqmasligini anglab yetasiz. Shahruza Sattorova "Yoshlar ovozi" gazetasining 21-sentabrdagi sonida "Qachon Toshkentda yashillik 30% ga yetkaziladi?" deya savol qo'ygan bo'lsa, 12-oktabr sonida "Pulini to'lasangiz bo'ldi, kesavering daraxtlar-ni..." deya kinoya qiladi. 

Darhaqiqat, bog' qo'ynidagi bir-biriga intizor daraxtlar o'tin bo'ldi. Qo'shiqqa aylangan she'r kuygan ko'ngillardan yodgorlik sifatida qoldi, xolos!

"BU YO'LLAR KO'P QADIM YO'LLARDIR..."

Saida Ibodinovaning "Maktab avtobuslari tashkil qilinadimi yoki uch yildan beri ijro etilmayotgan va'da haqida" maqolasida ("Oila va tabiat" gazetasi, 38-son) "O'zbekistonda yo'l-transport hodisalari natijasida 5 yoshdan 14 yoshgacha bo'lgan bolalar o'limi Yevropa davlatlariga qaraganda 4 barobar ko'p" degan ma'lumotni keltiradi. Maktab avtobuslari xizmati borasida AQSHdan bir asr orqada ekanmiz. Musulmon dunyosida ham bu muammoni allaqachon yechgan davlatlar bor. Aholisi bizdan bir necha o'n  barobar kam bo'lgan BAAda o'quvchilar maktabga "School bus"larda qatnaydi. "Oila va tabiat" gazetasi muxbiri Noilaxon Ahadova "Uch oyda 39 ta mash'um falokat... ulkan yo'qotish" maqolasida Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozog'istonda jamoat transportidan foydalanish imkoniga ega bo'lmagan va olis hududda joylashgan aholi punktlari yoki avtomobillar ko'p va serharakat bo'lgan hududlardan o'tib boradigan o'quvchilarni maktablarga eltib qo'yish uchun maktab avtobuslaridan foydalanilishi haqida yozadi (2022-yil, 20-son). "Oila va tabiat" gazetasi-ning 2022-yil 12-sonida S.Ibodinovaning "Bu yo'llar tirband yo'llar va shu tirband yo'llardagi o'ylar" nomli ikki sahifali maqolasi e'lon qilingan. Maqola o'ta jiddiy mavzuda yozil-gani, millionlab insonlar dardini aks ettirgani bilan ahamiyatli. 

Gazetaning   13-sonida "Toshkentning noqulay yo'llari" sarlavhasi ostida xorijliklar fikri berilgan. Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchisi Tim Torlou "Dunyoning boshqa hech bir   mamlakatida men ikki tomonlama qatnov o'rtasidagi burilib olishlarga duch kelmaganman, bu juda qo'rqinchli. Odamlar juda tez haydashadi va buning uchun sanksiyalar (jazolar) yo'qdek ko'rinadi. Yana bir xavfli haydash, bu nafaqat tez, balki haydash uslubidir. Buni ham to'g'rilash mumkin" desa, taniqli urbanist Arkadiy Gershman "Toshkentning keng ko'chalarini piyodalar kesib o'tishi juda qiyin. Shovqinli, eng yomoni, ular avariyabop, odamlar halok bo'lmoqda. Ko'chalar go'yo trassa sifatida qurilgan, yo'l harakati uchun noqulay tashkillashtirilgan. Piyodalarning svetoforsiz o'n polosani kesib o'tishi - alohida mavzu" deya ta'kidlaydi. Fransiyaning O'zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Bris Rokfey "Rostini aytsam, mashinalar harakati qo'rqinchli. Men rulda o'tirganimda qo'rqib ketaman. Sababi, qoidalar umuman ishlamaydi. Sizni o'ng tomondan, chap tomondan quvib o'taverishadi. Hech kim burilish chiroqlarini ishlatmaydi. Chiziqlar hurmat qilinmaydi, ya'ni chiziqlar bo'yicha yurishmaydi. Chapga burilish ayniqsa juda qiyin. Menimcha, bunday yo'llarda baxtsiz hodisalar ko'p bo'ladi" deydi taassuf bilan. Toshkentga kelgan beloruslar ham hayron-u lol bo'lib qolishgan: "Haydovchilar juda tez va zich yurishadi. Yo'lni kesib o'tayotganda hushyor bo'lish kerak, piyodalarga yo'l berishni xohlashmaydi. Shahar muhiti juda bahstalab. Parklar ko'p, lekin bu yerda piyodalar hech kim emas. Yo'llar keng, ba'zan kesib o'tish joyini topish uchun kilometrlab yurish kerak. Kesib o'tish joylarida svetofor yo'q va hech kim senga yo'l berishga shoshilmaydi". 

"Oila va tabiat"ning 26-sonida Saida Ibodinovaning 31-mart kuni chop etilgan "Bu yo'llar tirband yo'llar va shu tirband yo'llardagi o'ylar" maqolasiga tahririyat izohi bor. Unda maqolada bildirilgan takliflarga uch oy o'tsa ham O'zbekiston Avtomobil yo'llari qo'mitasidan biron bir munosabat bildirilmagani aytib o'tilgan. 

Menimcha, qo'mita rahbariyati o'zbekning ayollari tinimsiz tug'yapti, bir yilda o'rtacha 2-2,5 ming odam o'lsa nima qipti deya o'ylagan bo'lishi mumkin.

Gazetaning o'sha sonida tilshunos Eldor Asanovning "Yo'llari maksimal darajada qisqartirilgan, hayot tinch va sokin yoxud piyodalar manfaati birinchi o'ringa qo'yilgan Yevropa shaharlari" degan maqolasi chop etilgan. Jahongashta olim yigirma kun davomida Yevropaning Bryussel, Gent, Bryugge, Kyoln, Bonn kabi shaharlarini kezib, hayot juda sokin, tinch, mashina kam, odamni vahimaga soladigan, adashtirib yuboradigan keng yo'llar yo'qligini yozadi. "Germaniyada, Belgiyada, ularga qo'shni davlatlarda mana shunaqa tinch, sokin hayot hukmron. Bunga erishish uchun mashinalar harakati radikal tarzda qisqartirilgan, yo'llar toraytirilib, odamlar piyoda yoki velosipedda harakatlanishi uchun qulaylashtirlgan. Endilikda jamoat transportiga katta e'tibor berilmoqda. Barcha yirik va o'rta shaharlarda tramvay yo'llari bor".

Toshkentda 1912-yil 30-dekabrdan boshlab elektrda harakatlangan tramvayni 115 yillik yubileyiga bir yilcha qolganda - 2016-yil 2-may kuni  batamom badarg'a qildik. Keyin trolleybus ham quvildi. Salkam sakson sakkiz kilometrlik tramvay yo'li bugun xotiralarda qoldi, xolos.  

Yo'llar, avtomobillar, haydovchilar haqida eng ko'p yozgan gazeta "Oila va tabiat" desam ishonavering. 

"Yoshlar ovozi" gazetasi ham bu mavzuda Shahruza Sattorovaning "Yo'llarda yana qancha qurbonlik kerak?" maqolasini chop etgan (2022-yil, 3-dekabr). Maqolada keltirilgan mana bu raqamlarga e'tibor qiling: "2021-yilda O'zbekistonda 10 mingdan ortiq yo'l-transport hodisasi sodir bo'lgan, 9 mingdan ortiq fuqaro jarohat olgan. 2,5 mingga yaqin inson halok bo'lgan, shundan 263 nafari yosh bola. 2022-yilning o'n oyida  esa 7 ming 636 ta YTH sodir etilib, ularda 7 ming 174 nafar fuqaro jarohatlangan va 1 ming 931 fuqaro halok bo'lgan. Halok bo'lganlarning 226 nafari yosh bolalar". 

Kuni kecha internetda o'qib qoldim. Unda 2022-yilda 9902 ta YTH ro'yxatga olingani, avariyalar oqibatida 2356 kishi halok bo'lgani, 9606 nafar yurtdoshimiz jarohatlangani haqida yozilgan. 

Bu raqamlar har yili bir katta qishloq aholisi qirilib ketayot-ganini anglatadi. "Ishonch" gazetasida e'lon qilingan "Yo'llar qachon ravon bo'ladi?"   (2022-yil, 11-son), "Yo'lning egasi yo'qmi?" (2022-yil, 33-son), "Milliy tiklanish" gazetasi chop etgan "Bolalar qoniga tashna haydovchilar..." (2022-yil 25-son) maqolalari ham shu mavzuda. 

 "XXI asr" gazetasining 40-sonida Norqobil Jalilovning "YTH "Stop": hayot baribir shirin!" sarlavhali maqolasi berilgan. Bosh muharrirning quyidagi savoli, aslida, minglab jabrdiydalar savoli: "YTH sodir etib, insonlar o'limiga sababchi bo'lgan haydovchilarga tegishli tartibda jazo belgilashda qachongacha insonparvarlik qilamiz? Og'ir fojiali holatda aybdorlarni umrbod transport boshqarish huquqidan mahrum etish kerakligi haqida ham jiddiy o'ylab ko'rish vaqti kelmadimi?"  

Mamlakatimizdagi yo'l-transport, qurilish, kommunal, maishiy sohadagi muammolarni aytishdan armon qolmadi. Bu yilgi qahraton javobsiz savollar beradigan xalqning umid chechaklarini so'ldirib, orzumand ko'ngillarni sovutdi.

Olim TOSHBOYEV,

filologiya fanlari nomzodi,


Авторизация