IJRO INTIZOMI FAQAT QOG'OZDAMI?

IJRO INTIZOMI FAQAT QOG'OZDAMI?


“Jizzax ovozi” gazetasining 2023-yil 21-yanvardagi 4-sonida chop etilgan “G‘alvir suvdan ko‘tarilganda…” sarlavhali maqolada yurtimizda kuzatilgan anomal sovuq kunlari tabiiy gaz, elektr energiyasi hamda ichimlik suvi ta`minotidagi muammolar tanqid ostiga olingan edi. 

Ushbu maqola yuzasidan tegishli tashkilotlarga 2023-yil 23-yanvarda xatlar yuborilib, kamchilik va muammolarni bartaraf etish borasida amalga oshirilgan va rejalashtirilgan ishlar xususida ma`lumot taqdim etish so‘raldi. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, murojaatlarga 15 kun ichida javob yuborilishi belgilangan. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax hududiy filiali va “Jizzax suv ta`minoti” MCHJ rahbariyati esa haligacha jim. Bundan ularning murojaatlar bilan ishlash holatiga baho berib bo‘ldik.

“Hududgaz Jizzax” gaz ta`minoti filialidan olingan javob xatida keltirilishicha, “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali tomonidan 2022-2023-yillar kuz-qish mavsumida 10,8 km. gaz quvurlarini rekonstruksiya qilish, 25 dona gaz taqsimlash punktlarini mukammal ta’mirlash, 2306 dona gaz taqsimlash punktlarini reviziya qilish, 130,9 km. gaz bosimi ostida zinchlikka sinash va havo bosimi yordamida tozalash, 161,1 km. gaz quvurlarining holati tekshirish, 230,2 km. gaz quvurlarida bo‘yoqlash ishlari bajarilgan. Natijada viloyatdagi mavjud 161 mingdan ortiq tabiiy gaz iste’molchilari xonadoni bir me’yorda tabiiy gaz bilan ta’minlashi ko‘zda tutilgan.

Joriy yil boshidan yurtimizning barcha hududlarida anomal havo kuzatilib, aholining energiya resurslariga, jumlada tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji 2 barobar ortdi. Natijada gaz quvurlarida torayish va yorilish holatlari, ayrim hududlarda gaz bosimi pasayishi va uzilishlariga sabab bo‘ladi. Shunday og‘ir vaziyatda filial tomonidan tezkor brigada guruhlari, navbatchilik asosida kunduz-kech ishchi guruhlari shakllantirilib, iste`molchilardan kelib tushgan murojaatlar o‘rganildi, muammolarni ijobiy hal etish choralari ko‘rildi.

Jizzax viloyatida og‘ir hududlar sanalgan mahallalarda tabiiy gaz bosimini me`yorlashtirish ishlari olib borildi. 

Jumladan, viloyat bo‘yicha yana 7,8 km. masofaga qo‘shimcha gaz quvurlari tortildi. Qo‘shimcha gaz taqsimlash punktlari o‘rnatilib, ayrim gaz quvurlari halqalandi. Buning natijasida viloyatdagi jami 5200 ta aholi xonadonidagi tabiiy gaz ta `minoti tiklanib, yaxshilandi”. Biz bu ma`lumotlarni inkor etmoqchi emasmiz. Agar ushbu ishlar o‘z vaqtida bajarilganda edi, izg‘irin sovuqda aholi qiynalmagan, tizimda nosozliklar yuzaga kelmagan bo‘lar edi. 

O‘rni kelganda aytish lozimki, aynan kuz-qish mavsumida yong‘in va is gazidan zaharlanish tufayli insonlarning umriga zomin bo‘lishi holatlari ko‘payadi. Bunga sabab sifatida esa albatta xonadonlarda nosoz isitish pechlaridan foydalanganlikka urg‘u beriladi. Jizzax shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limidan olingan ma`lumotlarga ko‘ra, 2022-yilning dekabr oyida 8 ta, 2023-yil 9-fevral sanasigacha 14 ta yong‘in kelib chiqqan, 1 ta is gazidan zaharlanish holatida 4 nafar fuqaro vafot etgan. Ushbu raqamlar kishini vahimaga soladi. Ayniqsa, inson umri bilan bog‘liq noxush holatlar ko‘ngilni xira qiladi. Xo‘sh, bunga sabab nima? Yuqorida ham ta`kidlanganidek, nosoz isitish pechlari, dudburunlardan foydalanish bo‘lishi mumkin. Biroq gaz bosimining me`yorda berilmasligi ham bunga sabab bo‘lishini inkor etib bo‘lmaydi. Aytaylik, xonadondagi barcha oila a`zolari tongda ish, o‘qishga ketadi. Gazning to‘satdan o‘chib qolib, kelishi esa uyda gazning to‘planib, havo-gaz to‘qnashi oqibatida yuzaga keladigan chaqnashga sabab bo‘ladi. Yoki tunda bu holat yuz bersa, achinarli hodisalarga olib kelishi shubhasiz.

Biz bu haqida ko‘p gapirmoqchi emasmiz. Ammo mutasaddi tashkilotlar, mas`ul rahbarlarning diqqatini yana bir karra ushbu muammolarga qaratib, ularga tezroq yechim topishni istardik. Zero, ijro intizomi faqat qog‘ozda qolib ketmasin.

Gavhar SAYDULLAYEVA


Авторизация