OILADA OTANING O'RNI QAERDA? ONANINGCHI?!

Yoshligimda dasturxon boshiga kelib o‘tirsak, onam «Tur, bu joy dadangning joyi. Hech qachon bu joyda o‘tirmanglar!» deb uqtirardilar. Har doim shu o‘gitga amal qilardik. Hatto otamiz, akalarimiz oldida oyoq uzatib o‘tirish ham uyat sanalardi.

Oiladagi shu ko‘zga ko‘rinmas tarbiya usulining hayotda nechog‘lik beqiyos o‘rni bor ekanligini bizning yoshimiz tengilar, aka-opalarimiz yaxshi bilishadi, ammo bugun bu tarbiya usuli sezilarli darajada o‘z o‘rnini yo‘qotgan, bor bo‘lsa ham juda kam oilalarda saqlanib qolgan. Keyingi vaqtlarda ko‘p oilalarni kuzatdim. Àchinarlisi, oilalarda ota va onaning dasturxon boshidagi o‘rni qayerda ekanligini topolmadim. Hamma xohlagan paytda, xohlagan o‘rinda ovqatlanib turib ketaverish odat tusiga aylanib ulgurdi.

Zamon rivojlanayapti, davrlar taraqqiy etayapti deymizu, o‘sha zamonni, davrni inson qo‘li, ongi orqali boshqarishini inkor etayapmiz. Bolaga ma`naviy tarbiya berishdan ko‘ra, uning kundalik ehtiyojlariga ko‘proq vaqt ajratayapmiz. Oilani birdamlikda ushlab turishdan ko‘ra, asosiy vaqtimizni moddiyatimizni rivojlantirishga sarflayapmiz. Tabiiyki, oilada o‘z o‘rnimiz ham bir qadar bo‘sh qolyapti. Bolalarimizning kelajagi porloq bo‘lishi uchun harakat qilayapmizu, ammo kelajak porloq bo‘lishi tarbiyamizga ham bog‘liqligini unutib qo‘yayapmiz. Bolalarimizning aytganini qilaverganimiz sari o‘z bilganidan qolmaydigan, gapimizga umuman quloq solmaydigan xudbin kimsaga aylanib katta bo‘lyapti.

Àvvallari otamizga qarshi biror og‘iz gap qaytaradigan bo‘lsak, onamizning ko‘zlari bir yomon qarashi bilan jim bo‘lib qolardik. Hozir-chi, hozir onalarimiz nigohlaridagi o‘sha salobat, o‘sha yovqarash umuman yo‘qolgan. Uning o‘rniga far-zandlarimizning tarafini olib, (hatto farzandimiz nohaq bo‘lsa ham) otasiga qarshi boryapmiz. O‘g‘il otani odam o‘rnida ko‘rmay ko‘ngliga kelganini qiladigan, qiz otadan hayiqmay (onadan ham), o‘z bilganidan qolmaydigan bo‘lib ulg‘ayayapti. E`tibor bergan bo‘lsangiz o‘g‘il bilan (qiz bilan ham) ota o‘rtasida dahanaki janglar asosan moddiyatga borib taqalayapti. Àfsuski, ona ham bolasini ma`qullab turishi otalarimizning oiladagi o‘rnini qancha pul topishi belgilanayotganligini ko‘rsatadi.

Àvvallari dasturxon boshida to otamiz ishdan kelguncha, onamiz ovqat suzmay kutib o‘tirardi va biz ham indamay otamizni kutardik. Hozir-chi, otamiz ishdan kelishi yoki kelmasligi bilan ishimiz yo‘q, bemalol ovqatlanaveramiz. Àksariyat otalarimiz pul topish uchun chet davlatlarga ishlagani chiqib ketgan. Oramizda hatto o‘n yillab kelmay ishlab yurgan otalar bor. Tasavvur qiling, otasini o‘n yil davomida bir marta uyda ko‘rmagan bola oilada otaning o‘rni borligini qayerdan bilsin? Yoki aksincha, onaning o‘rnini? 

Àslida shu oddiygina dasturxon boshida ota-onaning o‘z O‘RNI bo‘lishi, bizning birdamligimiz, bir musht ekanligimiz, bir oila ekanligimiz belgisi hisoblanadi. Chetga ketgan ota yoki ona bolasining noto‘g‘ri ishi uchun bir og‘iz gap aytadigan bo‘lsa, gapini olmasdan ota o‘rnida, ona o‘rnida ko‘rmasdan o‘z bilganidan qolmayotgan bolalarimizdan qanday natija kutish mumkin?!

Harom yo‘l bilan pul topishni afzal ko‘rgan yigit-qizlarning paydo bo‘lishi ham oilada ota-onaning o‘rni yo‘qligida, nazarimda.

Izdan chiqishga ulgurgan, ulgurayotgan hayotimizni, O‘RNIMIZNI bir oz to‘xtab, o‘ylab izga soladigan vaqtimiz yetib keldi. Shu jarayonda avvalo, INSON ekanligimizni unutmasligimiz kerak.

Qadrli ota-onalar «pul topaman, bola boqaman, uy solib, mashina olaman» deya  nafsimizga qul bo‘lishdan o‘zimizni isloh qilaylik. Nafsiqullik oiladagi o‘rnimizni, bolalarimiz kelajagini o‘z komiga tortib ketayotganini o‘ylab ko‘rish vaqti keldi!

Sàvriya TOHIROVÀ


Авторизация