AYOLLAR MILLAT TARBIYACHISI

Bugun ma`naviyat va ma`naviyatsizlik haqida gapirish juda oson bo‘lib qoldi va aksincha, juda chigal mavzuga ham aylandi, desak adashmaymiz. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda shiddat bilan tarqalayotgan turli videotasvirlardan kishining g‘ashi kelibgina qolmay, g‘ururi borlarning dod solib yig‘lashigacha olib borayotgan bo‘lsa ajab emas. Bunga sabab nima?

O‘tmishdan ma`lumki, nafaqat o‘z oilasi tinch-totuvligi uchun kurashgan, balki butun bir saltanat taqdirini o‘ylab oqilona yo‘l tutgan ayollar - To‘marisning jasorati, Bibixonimning dono maslahatlari shu kunlargacha tillarda doston bo‘lishi bejiz emas. Biroq odamlar bugun bu kabi "o‘tmishdan ertaklar" eshitishni istashmaydi. Vaholanki, kechagi kundan yaxshiroq natijalarga erishish hayotda mazmunli yashashning ifodasidir.

Xalqimizda shunday naql bor: "Alpni ham, olimni ham ona dunyoga keltiradi". O‘z-o‘zidan farzand tarbiyasida ham onaning o‘rni beqiyos. Ayol tabiatning sirli hilqatiki, uni mukammal ta`riflashga til ojiz. Ayniqsa, o‘zbek ayoli, o‘zbek xotin-qizlarining har qanday sharoitga moslashib, hayotga chanqoqlik bilan yashashga intilishi tahsinga sazovordir.

Zamon shiddat bilan o‘zgarayapti. Odamlar ham shunga yarasha tezkorlik bilan faoliyat yuritib, bir-birini yo‘qlash u yoqda tursin, farzandlari tarbiyasiga e`tibor bera olmayotganligi achinarlidir. Afsuski, bu chuqur ildiz otib borayotgan loqaydlik tufayli o‘sib kelayotgan avlod ma`naviyatida bo‘shliq hosil bo‘lib, "ommaviy madaniyat" kabi salbiy ta`sirlar bosimida qolayotganligi ham bor gap. Achinarlisi, xotin-qizlarimiz orasida noxush vaziyatlarning keng tus olayotganligini qanday sabab bilan tushuntirishga bosh qotgan. 

Achchiq bo‘lsa ham tan olish kerak, ayollarimiz orasida qo‘pollik, to‘porilik libosini kiyish barobarida ortiqcha shirin so‘zlilikka mukkasidan ketganlar ko‘payib borayapti. Xalqimizda shunday gap bor: o‘zbek qizining faqat tili va ko‘zi "gapirsin". Bugun-chi? Bugun qizlarimizning nafaqat tili va ko‘zi, balki butun vujudi ham "gapirmoqda". Afsuski, ha... Tilidan chiqayotgan so‘zlarga ham bee`tiborligi, qizlarning xorijiy tillarda aralash-quralash so‘zlashi ularning farosat darajasini ko‘rsatib berayapti. 

Internet yaxshi, biroq undan qanday foydalanish kishining o‘ziga bog‘liq. So‘nggi vaqtlarda ayollarning nojo‘ya xatti-harakatlar qurshovida qolayotganligi yoki aksincha behayo qiliqlar sodir etayotgan holatlari ko‘payib borayotganligini hech qanday sabab bilan oqlab bo‘lmaydi. Shu o‘rinda tanganing ikkinchi tomoni borligini ham unutmaylik. Shunday vaziyatlarda bir tomondan ayol jabrlangan bo‘lsa, ikkinchi tomondan jabr o‘tkazuvchi ham bo‘lishi mumkin. Jamiyatning 50 foizini ayollar tashkil etadi. Endi maktab davrini bir yodga olsak. O‘qish vaqtida faol va a`lo baholarga o‘qigan qizlar turmushga chiqib, uy yumushlari bilan ovora bo‘ladi. Yaxshi tarbiya olgan, yaxshi o‘qigan bo‘lsa, demak u farzandlariga ham yaxshi tarbiya, bilim bera oladi. Lekin mehr ko‘rmagan qizlar yo‘ldan adashib, nafaqat huquqbuzarlik, balki jinoyatga ham qo‘l uradi. Umumiy jinoyatchilikda ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 9 foizni tashkil etadi.

Bir necha kun oldin Buxoroda me`moriy obida oldida behayo qiliqlar bilan raqsga tushgan bir qiz va yigitning videotasvirlari tarqaldi. Bu holatni yoshlar orasida "yulduzlik"ning ortidan quvlash deya ta`riflash mumkin. Aks holda ushbu tasvirlar ijtimoiy tarmoqqa joylanmagan bo‘lar edi nazarimizda.

Shoira Tursunoy Sodiqova o‘zining bir kitobida "...tumonat xalq ichida yarim yalang‘och ketayotgan ...qiz shu kiyimi bilan nima demoqchi?" degan dardli savolni o‘rtaga tashlaydi. Bu jihat albatta har bir o‘zbekni o‘ylantirishi kerak. Demak, kiyinish bobida ham e`tibor qaratadigan jihatlarimiz talaygina. Shu o‘rinda ayrim o‘ta zamonaviy fikrlovchi kishilar "Gap kiyimdami, ko‘ngil to‘g‘ri bo‘lsa bo‘ldi-da?" deya iddao qilishi mumkin. Lekin kiyim - inson ma`naviyatining, ko‘ngilning ifodasi ekanligini unutmasligimiz lozim. Vaholanki, libosni niqob qilib olganlar ham borligini inkor eta olmaymiz.

Inson davr bilan birga yashab, o‘zgarishlarga moslashishi darkor. Lekin shu jarayonda tamomila yot ta`sirlar oqimiga tushib qolmay, ma`naviyatni asrash  haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish zamonning dolzarb talabiga aylandi. Zero, millatni ayol tarbiyalaydi. Demak, o‘zbek ayolining ma`naviyati millatning nafaqat o‘tmishi va buguni, balki kelajagining ham asosiy o‘lchovi bo‘ladi.

Gavhar SAYDULLAYEVA


Авторизация