DAQIQALIK EFIR "DARS"

Àncha vaqt oldin bir film ko‘rgan edim. Hozir nomi yodimda yo‘g‘-u, ammo jangari filmning «o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan» qahramonining bir harakati xotiramga mustahkam muhrlanib qolgan.

…Film qahramoni yo‘lda katta tezlikda ketyapti. Àtrof biydek dala, dov-daraxt yo‘q. Uzoqdan yo‘l chetida harbiylar joylashgan «palatka»lar ko‘rinadi. Kuchli shamol sabab chodir tepasiga tikilgan bayroq kutilmaganda yo‘lga uchib tushadi. Shunda qahramon shunaqangi tormoz bosadiki, mashina «g‘iyillab-chiyillab» bayroqqa bir qarich qolganda to‘xtaydi. Qahramon zudlik bilan mashinadan tushib, yerdan bayroqni oladi-da, uni mehr bilan o‘padi. So‘ng yugurib kelayotgan harbiylardan eng birinchi yetib kelganiga peshvoz chiqib, bayroqni unga beradi. Qahramonni harbiylar «chest» berib, kuzatib qolishadi…

Bilasizmi, mana shu epizodni professional darajada suratga olish uchun ancha-muncha vaqt va mablag‘ ketgani aniq, ammo uning efir vaqti nari borsa, ko‘pi bilan bir daqiqa chiqadi, xolos. Lekin, o‘sha bir daqiqa ta`sir doirasi, kuchi bo‘yicha «bayroqni sev, uni ulug‘la» deya auditoriyalarda soatlab o‘tkaziladigan turli tadbirlarni «changida qoldirib ketadi».

Endi o‘zingiz ayting, film qahramoniga o‘xshashni havas qiladigan bolalar va yoshlarga bayroq bilan bog‘liq epizod ta`sir qiladimi? Àlbatta, qiladi. Àyniqsa, o‘sha davlat vakillariga.

Bayroq bilan bog‘liq yana bir holat: xalqaro anjuman boshlanyapti. Nufuzli mehmonlar va ishtirokchilar o‘z joy-joyini egallagan, faqat bir ishtirokchi negadir tik turibdi. Àslida, aytilgan taklif unga qaratilgan bo‘lsa-da, umumiy ohangda «marhamat, joylaringizni egallashingiz mumkin» deyildi. U esa o‘zini eshitmaganga olib, tik turaverdi. Hamma hayron. Oxiri moderator «quloqsiz»ning ism-sharifini aytib, uni o‘tirishga taklif qildi. Shundan so‘nggina hammani o‘ziga qaratib turgan ishtirokchi tilga kirdi: «Uzr, avval davlatim bayrog‘ini to‘g‘irlab qo‘yishsin, keyin o‘tiraman». Shunda hamma zal to‘riga qo‘yilgan bayroqlarga diqqat bilan nazar tashladi.

Ma`lum bo‘ldiki, bayroqlardan bittasi yon tomonga bir qarich nari-beri sal qiyshayib turgan ekan. Bayroq to‘g‘rilangach, mehmon joyiga o‘tirdi. «Qaysar»ning «qilig‘i» ko‘pchilikka ta`sir qildi, hatto, ayrimlar beixtiyor qarsak ham chalib yuborishdi.

Yaroqsiz yalovlar

Bilmadim, yuqoridagi holatlar qattiq ta`sir qilgani uchunmi qachon, qayerga borsam, bayroq bor joyda unga razm solaman. Ochig‘i, majlislar zali, ma`naviyat va ma`rifat xonasining bir burchagida rangi o‘chgan, «yonboshlab» qolgan, yirtig‘i bor bayroqlarga ham ba`zan ko‘zim tushgan. Bunday e`tiborsizlik va hurmatsizlikni qanday baholash mumkin bilmadim-u, ammo bitta narsa aniq: bayroqqa bepisand qaraganlarga hecham bee`tibor bo‘lmaslik lozim. Ularni bayroqni ulug‘lashga o‘rgatish kerak.

Menimcha, stol ustiga qo‘yiladigan, turli tadbirlarda ishlatiladigan bayroqchalarga e`tibor qaratish zarur. Bir so‘z bilan aytganda, bayroqcha sifatsiz o‘yinchoqqa o‘xshab qolmasligi kerak.

Hech ahamiyat berganmisiz, odatda biz har yili 18-noyabr arafasida bayroqni eslab qolamiz, unga bag‘ishlab deyarli hamma joyda (asosan auditoriyalarda) katta-kichik tadbirlar o‘tkazamiz. So‘ng… oradan roppa-rosa bir yil o‘tgach, sana munosabati bilan o‘sha «ssenariy» yana takrorlanadi.

Turli tadbirlar va bayram konsertlarida bayroqni yelkasiga tashlab olib, sevgi-muhabbat haqidagi qo‘shiqlarga jo‘r bo‘ladigan yoshlar bayroqqa oid hecham eskirmaydigan muqaddas tushunchalar borligini bilisharmikan? Ya`ni, bayroqni qadash, yalovni tikish, yalovbardor bo‘lish, tug‘ni egallash, bayroqni bermaslik kabi tushunchalar milliy davlatchiligimiz tarixida muhim ahamiyat kasb etgan.

Mag‘lub g‘oliblar

Tarixdan ma`lumki, dunyoning kattagina qismini zabt etgan Iskandar Zulqarnayn hech joyda uchramagan qarshilikka bizning diyorimizda duch keladi. Àxrimaz ismli sarkarda yetakchiligidagi kichik qo‘shin uni «mot» qilolmasa-da, harqalay o‘zi ham yengilmaydi. Kam talofat ko‘rish va aksincha, dushmanga ko‘proq qiron keltirish maqsadida Àxrimaz kam sonli qo‘shinini toqqa, g‘orga olib chiqib ketadi. Dushman qancha harakat qilmasin g‘orni zabt etolmaydi. Shunda Iskandar Àxrimazga elchi yuboradi. Elchi «Taslim bo‘lsang, omonlik, bo‘lmasam yomonlik», degan taklifni yetkazadi.

Àxrimaz elchi va uning hamrohlarini g‘or og‘ziga olib chiqib, «Shuni bilinglarki, biz oxirgi qonimiz qolguncha jang qilamiz», deydi. So‘ng eng baland cho‘qqini ko‘rsatib, «Huv anavu cho‘qqini ko‘ryapsizlarmi? Àgar o‘sha cho‘qqiga bayroqlaringni qaday olsanglar, mayli, taslim bo‘laman, qaday olmasanglar, ortga qaytib ketasanlar», deb shart qo‘yadi.

Shartni eshitgan Iskandar qo‘shin ichidan eng abjir, eng epchil askarlarni saralab oladi va ularni bir necha kun maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazadi. Sinovdan o‘tganlarning har biriga bayroq beriladi va…

Àrqon, ilgak kabi jihozlar bilan «qurollangan» yovlar cho‘qqiga chiqish «yo‘l»ida yiqiladi, uchadi. Àmmo bittasi uddalaydi, cho‘qqiga bayroq qadaladi.

Elchilar «xushxabar»ni Àxrimazga yetkazishadi va unga bayroqni ko‘rsatishadi. Àxrimaz so‘zidan qaytmaydi, taslim bo‘ladi. Faqat avval bir ish qiladi: u judayam xavfli bo‘lsa-da, bitta o‘zi cho‘qqiga chiqishga bel bog‘laydi. Hamma hayajonda, hamma hadikda. Oradan ancha vaqt o‘tadi. Bir mahal Àxrimaz ko‘rinmay qoladi. Hamma uni o‘ldiga chiqaradi, yuraklar eziladi. Yo‘q, bir mahal dushmanning qadalgan bayrog‘i «yo‘qolib qoladi»…

Àxrimazning qo‘lidagi yirtilgan, bo‘laklangan bayrog‘ini ko‘rgan Iskandar qahri kelib, raqibini qatl ettiradi, ammo mard o‘g‘lonning jasurligi va yurtparvarligiga ich-ichidan tan beradi.

Buyuk mutafakkir, tariqat peshvosi, shayx Najmiddin Kubroning vatanparvarligi, jasorati haqida to‘lqinlanmasdan so‘zlashning sirayam iloji yo‘q. Ulug‘ ajdodimiz nafaqat o‘z ilm-u urfoni bilan, balki o‘z o‘limi bilan ham o‘ziga haykal qo‘yib ketgan.

Ma`lumki, Najmiddin Kubro Chingizxonning «shaharni tark eting, ketavering, boravering, yuravering…» degan taklifini keskin rad etib, yurt himoyasi uchun bo‘lgan jangda yog‘iylarga qarshi mardonavor kurashadi. U mo‘g‘ul qo‘shinining bosh bayrog‘ini ko‘tarib turgan yalovdorning qo‘lidan tug‘ni yulqib oladi va yerga bosib, tepib, tuproqqa bulg‘aydi… Tug‘ni tortib olish maqsadida uch-to‘rt navkar shayx ustiga tashlanadi, ammo uddalay olmaydi. Shunda bayroqni oldirib qo‘ygan, qahri qo‘zigan alamdor shayxga nayza sanchadi. Yog‘iy navkarlari shayxning qo‘lidan tug‘ni chiqarib olishga har qancha urinmasin, shayxning jonsiz qo‘llari, barmoqlari yog‘ochga payvand bo‘lib qolgandek, dastani qo‘yvormaydi. Shundan so‘ng ular bayroqni olish va tiklash uchun shayxning qo‘lini, panjalarini oybolta bilan chopib tashlashadi…

Àgar ahamiyat bergan bo‘lsangiz, har ikki holatda – Àxrimaz ham, Najmiddin Kubro ham jondan kechib, yovning yalovini «yanchib tashlaydi».

G‘arbcha shakllardan ko‘ra…

Keyingi vaqtda poytaxtimiz va viloyat markazlarida e`tirof etishga arzigulik yana bir katta o‘zgarish bo‘ldi. Bu – 50-60 metr balandlikdagi maxsus ustunlarga o‘rnatilgan bayroqlardir. Uzoqdan ko‘rinadigan bu bayroqlarning shamolda hilpirashi yurakni hapqirtiradi.

Kimga qanday bilmadim-u, ammo o‘sha bayroqlarning deyarli hamma shaharlarga o‘rnatilgan «yurak»lardan «o‘lsa o‘ligi ortiq». O‘sha yurak shakli tushirilgan inglizcha yozuvlar tarbiyaviy ahamiyati bo‘yicha bayroq oldida «ip esholmaydi», ishoning…

Bundan bir necha oy burun ijtimoy tarmoqda judayam ta`sirli lavhaga ko‘zim tushgandi. Unda Janubiy Koreyadagi ikki-uch nafar yurtdoshimiz pastga tushib qolgan bayrog‘imizni ustunga tirmashib chiqib, tikib, tiklab, hilpiratib qo‘yadi. Yigitlarning bu fuqarolik va farzandlik burchiga juda ko‘pchilik munosabat bildirib, «Rahmat… Qoyil… Barakalla… Ota-onasiga rahmat…» deyishdi.

Ha, o‘sha yigitlar bayroq qabul qilingan sana munosabati bilan har yili turli auditoriyalarda o‘tkaziladigan tadbirlardan ming chandon ta`sirli saboq berishdi, ajoyib «master klass» o‘tishdi. Rahmat.

Mabodo, shabada esib turgan payt bayroq o‘rnatilgan ko‘chadan o‘tib qolsangiz, unga bir razm soling-a, uni faqat ko‘z emas, ko‘ngil bilan ham kuzating: bayrog‘imiz chiroyli va mardonavor hilpirab, auditoriyadan tashqarida tinimsiz ta`sirli «dars-saboq» berayotgandek.

Milliy g‘urur va iftixorimiz ramzi bo‘lmish bayrog‘imizni shunchalar ulug‘laylikki, shu qadar e`zozlaylikki, toki ozod va obod O‘zbekiston bayrog‘i tobora baland va mangu hilpirayversin.

Àlijon ÀBDURÀHMONOV

“Ishonch”


Авторизация