ULOVIDAN TUSHOVI QIMMAT

Bugun deyarli har birimizning bo‘ynimizda kredit bo‘lsa ajab emas. Buning o‘ziga xos sabablari bor, albatta. Kimdir uy-joy olish, qurish yoki ta`mirlash uchun bankdan qarz olsa, boshqa birov avtomobil, yana kimdir iste`mol krediti asosida ro‘zg‘origa zarur texnikalarni sotib olishni mo‘ljallaydi. Har qadamda avtokredit, kredit evaziga va muddatli to‘lov asosida savdo qiluvchi do‘konlar va do‘konlar tarmog‘ining ko‘payib borayotganligi ham shundan aslida. Vaholanki, bundan boshqa iloj ham qolmadi. 

Keling, yaxshisi gapni avtokreditdan boshlay qolaylik. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mamlakatimizda monopoliyaga yo‘l qo‘yilmaydi. Biroq UzAutomotors xususida bunday deb bo‘lmaydi. Avtomobil uchun ham to‘lovni 100 foiz oldindan to‘lagan fuqaroning bir necha oy, hatto yillab kutishini hech qanday sabab bilan oqlab bo‘lmaydi. Boz ustiga, milliy mahsulotni hamyonbop narxlarda xarid qilish ro‘yodek go‘yo. Shunday bo‘lgach, ulov egasi bo‘lishni istab, shuning ortidan tirikchilik qilish niyatidagilarning yo‘li bitta: ma`lum miqdordagi boshlang‘ich to‘lovni (10, 20-25 yoki 30 foiz) amalga oshirib, bir-ikki kun ichida avtomobil minish orzusi ushaladi. Lekin, 1 yildan 7 yilgacha muddatda rasmiylashtirilgan avtokredit otning kallasidek foiz (24-28 foiz) "tug‘ib", aholini qiyin vaziyatga tushirib qo‘yishini hech kim inkor etmasa kerak. Vaholanki, xorijiy davlatlarda boshlang‘ich to‘lovning minimal miqdori 4, maksimali esa 30 foizni tashkil etadi. Eng muhimi, kredit foizining minimal miqdori 2,4 foiz, yuqori ko‘rsatkich esa 18,5 foiz etib belgilangan. Hisob-kitob qilinsa, O‘zbekistonda eng kam avtokredit foizi uchun ham har oy kamida ikki million so‘m to‘lash kerak bo‘ladi. Agar fuqaro kuniga 5600 so‘m topganda ham bu pulni to‘lashi dargumon. Chunki u ro‘zgor tebratsinmi yoki kredit to‘lasinmi? Shu o‘rinda "To‘lashiga ko‘zi yetsa olsinda", deyishingiz mumkin. Biroq aholining farovon turmushi haqida gapirilganda, nima uchun banklarning foiz stavkalari balandligi haqida hech kim o‘ylamaydi? Afsuski, Markaziy bank bu borada sukut saqlashni afzal bilgan ko‘rinadi, foizlar oshsa oshayaptiki, lekin pastlaganicha yo‘q hali. Agar kredit foizi past va olish shartlari qulay bo‘lsa, aholimizda kredit olish madaniyati yanada shakllanib, mamlakat iqtisodiyotiga foyda bo‘lishi turgan gap.

Bugun yurtimizda 30 dan oshiq bank faoliyat olib borayapti. Har birimiz qaysidir bir bankning mijozimiz. Biroq "Nima uchun aynan shu bankni tanlagansiz?" degan savolga aniq javob bera olmasak kerak. Boisi, barcha banklarda xizmat ko‘rsatish sifati, tariflar, foiz stavkalari deyarli farq qilmaydi. Shu tufayli banklar o‘rtasida raqobat yo‘q desak xato bo‘lmas. 

Banklarda hozir mikroqarz ommalashayaptiki, biroq uning ham beriladigan summasi mikro, foizi esa makro. 

O‘zbekiston Respublikasining "Markaziy bank to‘grisida"gi Qonunga ko‘ra, Markaziy bank tijorat banklari faoliyatini nazorat qiladi. Shuningdek, qonunning 29-moddasi «Markaziy bankning pul-kredit operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalari» deb nomlanib, unda "Markaziy bank har xil turdagi pul-kredit operatsiyalari bo‘yicha bir yoki bir nechta foiz stavkasini belgilashi mumkin. Markaziy bank amalga oshirilayotgan pul-kredit siyosati doirasida bozor foiz stavkalari darajasiga ta'sir ko‘rsatish uchun foiz siyosatini qo‘llaydi" deya keltirilgan. Shunday ekan, nima uchun xorijiy mamlakatlarda foiz stavkalari past, kredit olish qulay-u, bizda bu bir dunyo hujjat, kafillik, ovoragarchilikdan keyin otning kallasidek foizli kredit olish shunchalik mushkul? 

O‘zbek topganini to‘yga sarflaydi, uy-joy quradi. Kimdir borini to‘plab, amallasa, boshqa birov qarz havola qiladi. Bugun tijorat banklari tomonidan aholiga ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish, ta`mirlash uchun kreditlar ajratish yo‘lga qo‘yilgan. Biroq bu ham bir borganda bitadigan ish emasligi hech kimga sir bo‘lmasa kerak. Ma`lum bo‘lishicha, jarayon ikki bosqichda kechadi. Birinchi bosqichda hujjatlar to‘planib, davlat xizmatlari markazidan ta`mirlanadigan, quriladigan uy-joyning kadastr hujjatiga QR-kod olish kerak. Kredit chiqarib berilgan taqdirda ham bironta qurilish firmasiga, qurilish do‘konining hisob-raqamiga tushirib beriladi. Ushbu masalada ma`lumot to‘plar ekanmiz, shaxsini oshkor qilishni istamagan bank mijozi dardini to‘kib soldi:

-    Kim uyini firmaga qurdiradi? Kim bolor, reyka, taxta, shifer, mix... balo-battarlarni do‘kondan oladi. Àxir bozor arzon-ku... Kamiga uy qurilishi uchun loyiha-smeta qildirish kerak ekan. Àxir, loyiha-smetani qildirishga ham menimcha, nari-beri 2 million so‘m ketadi. Ekspertiza xulosasi, baholash yana xarajatmi? Kadastrni qaytadan qildir, smetachiga bor, pudratchi top, do‘kon qidir, baholashga chop, arxitekturani topib rozilik xati ol... Ehhe... O‘zi oyligi kam odam qurilish, ta`mirlash ishlarini qilishga qiynalib, kredit oladi. Uning oyligi yetmasa nima qilsin? Puli ko‘p odam shundog‘am qurilish qilaveradi-da. Boz ustiga amallab, to‘lashni ko‘zlab kredit olayotgan odam dastlab kredit miqdorining 15 foizini to‘lashi, 20 yilga yillik 18 foiz bilan to‘lashi kerak. Bu «Xalq banki»dagi holat. «O‘zsanoatqurilishbank»da rekonstruksiya uchun kredit 17 foiz ekan. Lekin, pishiq g‘ishtdan qurilgan imoratni "zalog"ga qo‘yish talab qilinarkan.  

Bu odamning gapini eshitib, qanday xulosa qilishga hayronmiz. 

Ma`lumki, joriy yilning 1-martidan boshlab fuqarolarga subsidiyalar berish yo‘lga qo‘yildi. Mazkur mablag‘lar faqatgina uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalar, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yoshlar va shu toifadagi boshqa O‘zbekiston fuqarolariga ajratilishi belgilangan. Biroq subsidiya ariza topshirgan har bir talabgorga beriladi, degani emas. Buning uchun bir qator talablarga javob berish lozim. Ya`ni mas`ul organlar vakillaridan shakllantirilgan maxsus komissiya ariza beruvchilarga mezonlar bo‘yicha ball beradi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: «Mas`ul organlar kim?» Mas`ul organlar - ichki ishlar bo‘limi, moliya bo‘limi, davlat soliq inspeksiyasi, bandlikka ko‘maklashish markazi, kadastr korxonasi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, Yoshlar ittifoqi shahar (tuman) kengashi, tuman (shahar) hokimliklari, tijorat banklari hisoblanadi. Bularning barchasi ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning haqqoniy ekanligini tekshirish uchun kerak.

Ball to‘plash uchun mezonlarga talabgor va (yoki) uning oilasining daromadi (shahar va qishloq joylari uchun alohida ko‘rsatkichlar belgilangan), turar joy maqomi (ijara yoki shaxsiy mulk), ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lganlar (mehnat migrantlari, yetim va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, yolg‘iz ayollar va hokazo), shuningdek, oilada nogironligi mavjud bo‘lgan shaxslar inobatga olingan.

Subsidiya tartib bo‘yicha ball to‘plaganlarga beriladi.

Demak, subsidiya olish uchun hujjatlarni ko‘tarib idorama-idora yugurishga to‘g‘ri keladi. Bunday deyishimizga sabab bor. Boisi arizachi va oila a`zolarining daromadi hisobga olinadi, undan to‘lanadigan soliq va to‘lovlar ham e`tibordan chetda qolmaydi. Biroq ushbu majburiy to‘lovlar o‘z vaqtida va tegishli manzilga yetib bormaganligi sabab subsidiya uchun ariza rad etilgan holatlarga guvoh bo‘ldik. Batafsilroq aytsak: Deylik, xodim subsidiya uchun bergan arizasi rad etilganligining sababini bilish uchun murojaat qilganda, oylik ish haqi kiritilmay qolganligi, shuningdek, jamg‘arib boriladigan pensiya uchun ham to‘lov qilinmaganligi iddao qilindi. Arizachi ish joyidagi buxgalteriga kelib vaziyatni tushuntirganida, hisobchi pensiya to‘lovini terib qo‘yganligi, soliq orqali tegishli tashkilot tortib olishi kerakligini aytadi. Endi xodim bu vaziyatda nima qiladi? Buxgalterga aytsa ham, mas`ul tashkilotga aytsa ham ikkisi o‘zidan soqit qilishga urinadi. Subsidiya uchun ariza bergan fuqaro esa shunday ikir-chikirlar bilan aralashib maqsadiga yetolmay qolib ketaveradimi?

Kimga qancha miqdorda subsidiyalar ajratishni hal qiladigan KOMISSIYA tomonidan shunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgach, aholi dodini kimga aytsin?

Mas`ul tashkilotlar kredit foizlarini aholining daromadidan kelib chiqib belgilashsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Agar qulay va kam foizli kreditlar soni ko‘paysa, aholining undan foydalanish salmog‘i ortib, foyda ko‘proq bo‘lar edi, nazarimizda. 

Biz bu haqda shunchaki odamlarning fikrini keltirdik, xolos. Biroq haqiqatan ham Markaziy bankdan kredit foiz stavkalarini aholiga qulay shartlrda ko‘rib chiqishini so‘rab qolardik.

Gavhar SAYDULLAYEVA   


Авторизация