ANOMAL ISSIQDAN HIMOYANGIZ QANDAY?

May oyidanoq kunning nihoyatda isib ketishi odamlarni biros lohas qildi. Ko‘chaga chiqqimiz kelmaydi, yog‘li ovqatlarni esa ko‘nglimiz tortmay qoldi. Muzdekkina suv, ayron, sharqirab oqayotgan soy bo‘yida dam olish, yashil archalarga burkangan tog‘larni istab qoldi ko‘ngil. To‘g‘ri-da, kun nihoyatda isib ketdi. Ayni vaqtda yoz faslining birinchi oyi - iyun. Va aytish kerakki, respublikamiz bo‘ylab normal qiymatdan yuqori bo‘lgan g‘ayritabiiy issiq hukmron. Aytishlaricha, bu Eron hududlaridan kirib kelgan quruq va issiq havo bilan bog‘liq.

O‘z-o‘zidan savollar tug‘iladi: «Anomal issiqlik nechog‘li xavfli? Issiqdan himoyalanish uchun nimalarga e'tibor berish kerak? Jaziramada quyosh urgan kishiga qanday yordam ko‘rsatish lozim?» Shu kabi saollarga javob topish maqsadida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi terapevti Oynisa Rahmonovaga murojaat qildik.

- Aytingchi, anomal issiqlik sog‘liq uchun qanchalik xavfli?

- So‘nggi yillarda yurtimizda yoz faslida issiq, quruq ob-havo hukmronlik qilmoqda. Bunday issiqda qishloqda yashovchilar daraxtlar soyasida, soylar bo‘yida yoki o‘z uylarida issiqdan saqlanishlari mumkin. Shahar aholisi esa bunday paytlarda biroz qiynaladi, chunki, kunduzi issiq, kechasi esa dim bo‘ladi. Anomal issiqlik inson salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda yoz faslida kuzatilayotgan anomal issiq havo ko‘proq iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lib, bunday jazirama keksalar, surunkali kasalliklar (yurak-qon tomir, endokrin, nafas olish a'zolari, metabolik va ruhiy xasta-liklar) bilan og‘riydigan bemorlar uchun xavfli.

- Anomal issiqda ko‘proq suyuqlik ichish kerak, shundaymi?

- Darhaqiqat, shunday. Suvsizla-nishning oldini olish uchun ham issiqlikda tez-tez suv ichish kerak. Tanada suv balansini ushlab turish uchun kuniga o‘rtacha 2-3 litr suyuqlik (sovutilgan ko‘k choy, gazsiz mineral suv, mevali, kam yog‘li sutli ichimliklar, quritilgan mevalarning qaynatmalari) ichish tavsiya etiladi. Faqat suv ichishning ham o‘z qoidalari bor. Jumladan, kunning eng issiq vaqtida, quyosh qizdirgan paytda suyuqlikni ko‘p iste'mol qilmagan ma'qul. Yaxshisi suvni ertalab va kechqurun ichish kerak. Chunki bu paytda tana to‘qimalarda namlikni saqlash imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Yana shuni ham aytish kerakki, issiq havoda gazli ichimliklarni kamroq ichish, muzqaymoq iste'mol qilmaslik lozim. Chunki, havo haddan ziyod isib ketgan paytda gazli, shirin suvlarni ichish buyraklar va jigar uchun o‘ta zararlidir. Bu sog‘liq uchun juda xavfli, chunki g‘ayritabiiy issiqlik davrida buyraklardagi yuk juda keskin oshadi.

- Quyoshda kuyganlik, oftob urishining ilk belgilari qanday namoyon bo‘ladi?

- Jazirama payti quyosh urishi - eng xavfli holat bo‘lib, u tashqi termal omillar ta'sirida organizmning umumiy qizib ketishi natijasida yuzaga keladi. Jabrlanuvchida ko‘ngil aynishi, qusish, burundan qon ketish, ko‘rishning buzilishi, yurak urishi va nafas olish kuchayadi. Og‘ir holatlarda esa alahsirash boshlanadi. Tana harorati, hatto 41-42 darajagacha ko‘tarilishi, chuqur behushlik holati kuzatilishi mumkin.

Bunday paytda bemorni, eng avvalo, salqin joyga ko‘chirib o‘tkazish lozim. So‘ng uni gorizontal holda yotqizib, oyoqlarini sal ko‘tarish, kiyimlarini yechish, yuzini sovuq suvda yuvish va biror ho‘llangan matoni yurak sohasiga qo‘yish kerak.

Shuningdek, bemorga salqin ichimlik yoki qatiq ichirish va zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim. Sababi – quyosh urgan inson shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj.

Shunday ekan, eng avvalo, ko‘chaga chiqayotganda ochiq rangli, tabiiy matolardan tikilgan yengil libos kiyish, issiqdan saqlaydigan bosh kiyim, ko‘zoynak va soyabonlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Shuning bilan birga, yog‘li, dudlangan taomlarni iste'mol qilmaslik kerak. Tez buziladigan ovqatlardan ehtiyot bo‘lish lozim. Kun davomida iliq dush qabul qilish, vaqti-vaqti bilan badanni sovuq suvda namlangan dastro‘mol bilan artib turish ham tanani haddan ziyod qizib ketishdan saqlaydi.

- Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur.


Suhbatni Sayyora MAVLONOVA yozib oldi.



Авторизация