Yoshlarning bugungi kundagi o‘y-u hayollarini, qiziqishlarini, ularni tashvishga solayotgan muammolarni ham aynan ularning tengdoshlari yaxshi bilishlari, anglashlari, shubhasiz. Eng muhimi, bugungi kunda yurtimizda kechayotgan jarayonlarga yoshlarimiz befarq emas, ularning ham o‘z fikr-mulohazalari, takliflari bor.
O'zLiDeP Jizzax viloyat hududiy partiya tashkiloti "Yoshlar qanoti" guruhi faollari tashabbusi bilan Jizzax shahridagi IT park Jizzax viloyat filialida Yoshlar parlamenti a'zosi Sarvinoz Hakimova ishtirokida tashkil etilgan ochiq muloqotda ham bu hol yaqqol ko'zga tashlanib turdi.
Muloqot chog'ida dastlab yosh siyosatchi tengdosh-lariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yosh-lar parlamenti a'zolari ayni kundagi faoliyati haqida so'zlab berdi.
Ta'kidlanganidek, partiyamizdan 64 nafar eng faol yigit-qizlar Yoshlar parlamentiga saylangan bo'lib, bu mamlakatimizdagi yetakchi siyosiy kuchning yoshlarga bo'lgan ishonchinining, ularning siyosiy jarayonlardagi faol ishtirokini ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlarining samarasidir.
O'z o'rnida yosh siyosatchilar ham jamiyatdagi dolzarb masalalarga nisabatan o'z qarashlarini, yangi g'oya va takliflarini ilgari surmoqda. Ular mamlakatimizda yoshlar siyosati samaradorligini yanada yuksaltirish, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ta'lim, tadbirkorlik, innovatsiya, ekologiya, madaniyat va boshqa sohalardagi dolzarb muammolarni hal etishda faol ishtirok etmoqda.
Qolaversa, O'zLiDeP safidan saylangan bu yosh siyosatchilar 5 maqsad va 500 vazifadan iborat partiya Saylovoldi dasturida belgilangan maqsad va vazifalarni, mamlakatimiz aholisining asosiy qismini tashkil qiluvchi yoshlar orasida keng targ'ib qilish, ularning orzu-maqsadlarini amalga oshirishga ko'maklashishda ham muhim rol o'ynashi kutilmoqda.
Misol uchun, Jizzax shahridagi "Jizzaxlik" mahallasida faoliyat olib borayotgan yosh tadbirkor Komil Jabborov poyabzal ishlab chiqarish bilan shug'ullanadi. Mahalladagi 7 nafar yoshlarni doimiy ish bilan ta'minlagan tadbirkorning mahsulotlari qo'shni viloyatlarda ham xaridorgir. Yosh tadbirkor ayni paytda faoliyatini kengaytirish taraddudida. Buning uchun yangi yer maydoni talab qilinadi. Mazkur murojaatni e'tiborsiz qoldirmaslik maqsadida Yoshlar parlamenti a'zosi va partiya faollari muloqotdan so'ng, bevosita tadbirkor faoliyati bilan mahallaga yo'l olib, u yerdagi sharoitlar bilan tanishishdi. Tadbirkor murojaati partiya "Yoshlar qanoti" guruhi faollari nazoratiga olindi.
Parlamenti a'zolari ishtirokidagi bu kabi muloqotlarni barcha tumanlarda tashkil etish rejalashtirilgan.
Sirojiddin АXMATOV,
O'zLiDeP Jizzax viloyat hududiy partiya tashkiloti
"Yoshlar qanoti" guruhi rahbari