Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining fraksiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi muhokama etildi.
Yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi mas’ul xodimlari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Bugun respublikamizda saylov tizimini takomillashtirish jarayonida ilk bor aralash ya’ni, majoritar hamda proporsional saylov tizimiga o‘tmoqdamiz.
Bu yangi tizim sizga va bizga, qolaversa, fuqarolarimizga nima beradi?
Majoritar saylovda saylovchilarimiz siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz berishadi.
Proporsional saylovda esa, amaldagi siyosiy partiyalarga ovoz beriladi. Bu esa bugun siyosiy partiyalarning jamiyatda o‘z o‘rni va mavqeini, qolaversa, nufuzini oshirishda xizmat qiladi.
Qonun loyihasi bilan Saylov kodeksiga hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilmoqda.
Saylovlarni professional, ochiq va demokratik tarzda tashkil etish hamda o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasining konstitutsiyaviy maqomi yanada mustahkamlanmoqda. Xususan, saylov organlarining vertikal tizimini tashkil etish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi zimmasiga nafaqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yoki parlamentga saylovni, balki xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlarni ham tashkil etish vazifalari yuklatilmoqda.
Shuningdek, davlat boshqaruvida meritokratiya tamoyillarini tatbiq etish maqsadida ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emasligi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlik o‘rnining 50 foizi majoritar, ya’ni hozirgidek saylov okruglari bo‘yicha, eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar saylanishi, qolgan 50 foizi esa proporsional, ya’ni aniq bir shaxsga emas, balki siyosiy partiyalarga ovoz berish orqali, siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan ro‘yxat asosida nomzodlar saylanishi kabi yangi normalar kiritilmoqda.
Albatta, siyosiy partiyalar o‘z o‘rniga ega bo‘lsa, jamiyatda olib borayotgan ishlari, ko‘rsatkichlari, aholi bilan munosabatlarining ta’sirchan va natijadorligiga erishsa, saylovda ko‘p ovoz olishi aniq.
Yana qiziqarli jihatlardan biri, partiya ro‘yxatiga ham gender tengligini ta’minlash maqsadida xuddi majoritar tizim bo‘yicha nomzodlarning kamida 30 foizi ayollar bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Haqiqatan ham, so‘nggi yillarda respublikamizda xotin-qizlarga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Yaqinda qabul qilingan Konstitutsiyamizda ham xotin-qizlarning huquq va manfaatlari kafolatlab qo‘yildi.
Bugungi islohotlarimizni amalga oshirishda, saylov tizimini takomillashtirishda aralash saylov tizimi zarurmi?
Albatta, aralash saylov tizimi eng muhim jarayonlardan biridir.
Yangiliklardan yana biri shuki, saylov komissiyalarining o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan a’zolari saylov davrida ish beruvchining tashabbusi bilan ishdan bo‘shatilishi yoki ularning roziligisiz boshqa ishga o‘tkazilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilmoqda.
Qonun loyihasida Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari saylovi natijalarini belgilash tartibi ham takomillashtirilmoqda. Amaldagi qonunchilikda saylovda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzod (ya’ni ellik plyus bir) olgan saylangan hisoblanar edi, endilikda esa, mutlaq ko‘pchilik ovoz talab etilmoqda. Ya’ni, boshqalarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan hisoblanadi. Beshta partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlarning ichidan eng ko‘p ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan deb e’tirof etiladi.
Agarda proporsional tizim asosida shakllantirilgan deputatlik o‘rni bo‘shab qolsa, tegishli partiya ro‘yxatidagi keyingi navbatdagi mandatga ega bo‘lmagan nomzodlar hisobidan to‘ldiriladi.
Yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan partiya belgilangan tartibda deputatlik o‘rinlariga ega bo‘ladi. Agar hech qaysi partiya kamida yetti foiz ovozni to‘plamagan bo‘lsa, saylov o‘tmagan deb topiladi.
Yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovchilarning ovozi asosida deputatlik o‘rinlarini partiyalar o‘rtasida taqsimlashning aniq tartibi o‘rnatilmoqda. Bunda, proporsional saylov tizimida yetti foizlik chegaradan o‘tgan partiyalarni yoqlab berilgan umumiy ovozlar soni 75 ta deputatlik o‘rniga bo‘linadi va undan chiqqan raqam saylov koeffitsiyenti hisoblanadi. So‘ngra har bir partiyani yoqlab berilgan ovozlar soni mana shu saylov koeffitsiyentiga bo‘linadi. Undan chiqqan son esa har bir partiyaga beriladigan deputatlik o‘rniga teng bo‘ladi. Agar yaxlit bo‘lmagan qoldiq sonlar vujudga kelib, buning natijasida ba’zi deputalik o‘rinlari taqsimlanmas-dan qolsa, ularni ham taqsimlash tartibi aniq ochib berilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, ushbu Konstitutsiyaviy qonun siyosiy partiyalar va deputatlar o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishiga, partiyalar mavqei hamda saylov organlarining professionallik darajasi yanada oshishiga xizmat qiladi.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolarning davlat boshqaruvida ishtirok etish imkoniyatini oshirishga xizmat qiladi. Aralash saylov tizimi siyosiy partiyalar nufuzini oshirish va qonun ijodkorligi jarayonlarining ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish uchun ko‘prik vazifasini o‘taydi.
O‘rol O‘rOzboyev,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi