O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi hamda shaffofligini ta’minlash davlat boshqaruvi tizimini isloh qilishning eng muhim va ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan. Bugungi kunga kelib, har bir idora va tashkilotning eshigi odamlar uchun ochiq, barcha bo‘g‘indagi amaldor va mulozimlarning fuqarolar bilan ochiq muloqotga kirishishi odat tusiga kirdi.
Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyati boshqarmasi faoliyatida ham ana shunday holat hukmron. Bu boradagi sa’y-harakatlarning yanada samarali bo‘lishini ta’minlash boshqarma qoshida faoliyat yuritayotgan Jamoatchilik kengashi zimmasiga yuklangan. Ta’kidlash joizki, ushbu kengashning o‘zi ham ochiq va oshkora tanlov asosida tashkil etildi. Uning tarkibida malakali, bilimdon, asosiysi, odamlar bilan ishlay bilish layoqatiga ega mutaxassislar bo‘lishiga e’tibor qaratildi. Maqsad – kadastr tizimi vakillari hamda fuqarolar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlash, aholining soha faoliyatiga bo‘lgan ishonchini orttirish, uning haqidagi istalgan ma’lumotlarni olishi uchun imkoniyat yaratishdan iborat bo‘ldi.
Shu o‘rinda Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyati boshqarmasining faoliyati OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘z aksini topayotganini ta’kidlab o‘tish joiz. Tomonlar hamkorligini ta’minlash va o‘zaro aloqa bog‘lab turishlari uchun “JIZZAX KADASTR” telegramm kanali hamda “@Jizzaxkadastr_bot”i ishlab turibdi. Feysbuk, Instagramdagi sahifalarimizda tizim faoliyati, sohadagi yangilik va o‘zgarishlar keng yoritib borilyapti. Eng muhimi, ular orqali istalgan shaxs tizim faoliyatida ko‘zga tashlanayotgan har qanday muammo yoki korrupsion holatlar haqida xabar berishi mumkin.
Keltirilgan mulohazalarga hamohang tarzda Jizzax viloyati kadastrchilarining o‘tgan 2023-yilda amalga oshirgan ishlari haqida qisqacha ma’lumot berish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi 1060-sonli “Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyat boshqarmasiga 2023-yil hisobiga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha jami 41 422 ta murojaat kelib tushgan, shundan 4 553 ta noturar joy, 22 137 ta turar joy obyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. UZKAD axborot tizimi orqali o‘tgan 2023 yil davomida qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan jami 10 417 ta obyektda 344 496 ga yer maydoni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, 1 907 ta obyektda 35 219 ga yer maydoni UZKAD axborot tizimi orqali hisobga olingan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 10 sentyabrdagi dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi PQ-373-son qarorlariga asosan fermer xo‘jaliklarining g‘oliblik bayonnomasi asosida tuzilgan ijara shartnomalari bo‘yicha 269 ta holatda jami 6 132 ga yer maydoni, dexqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun 7 837 ta holatda jami 5 326 ga yer maydoni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-sonli qaroriga asosan tadbirkorlik hamda shaharsozlikni amalga oshirish uchun Jizzax viloyati bo‘yicha yer uchastkalari muntazam ravishda hududiy qurilish bo‘limlari bilan hamkorlikda «YERELEKTRON» AAT tizimiga kiritildi. Shundan “e-auksion.uz” ochiq elektron savdo maydoniga 87 gektar bo‘lgan 1580 ta yer uchastkalari auksion savdolariga chiqarilgan.
Ko‘chmas mulk-3 dasturida 2024-yil 1-yanvar holatiga Jizzax viloyatida jismoniy va yuridik shaxslar egaligida bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari jami 305 950 tani tashkil qilgan. Shundan yakka tartibdagi turar joy obyektlari 234 629 tani, 2 585 ta qo‘p qavatli uylardagi kvartiralar 43 403 tani, noturar joy obyektlari 27 719 tani tashkil etadi. O‘tgan davr mobaynida jami 9 088 ta ko‘chmas mulk obyektlari Ko‘chmas mulk-3 ma’lumotlar bazasida yangidan hisobga olindi. Shundan 3 047 tasi yakka tartibdagi turar joy obyektlari, 62 tasi qo‘p qavatli uylardagi kvartiralar, 1535 tasi noturar joy obyektlarini tashkil qiladi.
Shu kabi 2024-yilning 1-yanvariga qadar “Uzkad” axborot tizimiga ma’lumotlarni kiritish bo‘yicha jami 7 866 ta 3 887.72 gektar yer uchastkalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritildi.
2023-yilda bino-inshootlar va Davlat yer kadastrini yuritish holati bo‘yicha ma’lumot beradigan bo‘lsak, viloyat bo‘yicha o‘tgan yil davomida yer egalari va yerdan foydalanuvchilarning yer fondidagi barcha o‘zgarishlar (yer tuzish, yer ajratish, yerlarni zaxiraga olish, yerlarning toifalari o‘zgarishi) yer hisobotini yuritish bilan bog‘liq Davlat kadastrlari palatasi tomonidan berilgan 25 ta tahliliy jadvallar va hisobot shakllari tuman (shahar)larda ishlab chiqildi va boshqarmada umumlashtirilib YerResursUZ dasturiga ma’lumotlar kiritildi.
Ko‘rinib turibdiki, kadastr sohasida ham ochiqlik, shaffoflik bo‘lishi shart. Zero, ochiqlik orqali sohaviy mas’ul shaxslarning o‘z vazifalariga bo‘lgan mas’uliyati keskin oshadi. Bu esa o‘z-o‘zidan sohadagi rivojlanishga xizmat qiladi.
Sanjar KODIRKULOV,
Davlat kadastrlari palatasi
Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i.