2023-yil 11-sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan "O‘zbekiston - 2030" strategiyasi qabul qilindi. Strategiya 5 ta bo‘lim va 100 ta banddan iborat bo‘lib, unda quyidagi asosiy g‘oyalar aks ettirilgan: barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish; aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta`lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish; aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish; xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish; mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta`minlash.
Strategiyaning 4-bo‘limi qonun ustuvorligini ta`minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish deb nomlanib, mazkur bo‘limda qonun ustuvorligini ta`minlash va sud-huquq tizimidagi islohotlar sanab o‘tilgan.
Islohotlarning birinchisida Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligini ta`minlash, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta`minlashni sud-huquq islohotlarining bosh mezoniga aylantirish nazarda tutilgan bo‘lib, bunda aholi punktlarida ikki va undan ortiq polosali tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘laklarini (tugmali) svetoforlar bilan to‘liq jihozlash; ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash amaliyotini 30 foizdan 20 foizga tushirish; sudlar hamda tergov organlari faoliyatida ayrim protsessual harakatlarni masofadan turib amalga oshirish imkoniyatlarini kamida 2 barobarga oshirish vazifalari qo‘yilgan.
Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda ma`muriy adliya tizimini yanada rivojlantirish sohasida esa ma`muriy sudlarga bevosita murojaat qilishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni to‘liq bartaraf etish; sudga qadar bosqichda nizolarni hal qilish samaradorligini 50 foizga oshirish; sudga qadar hal etilishi mumkin bo‘lgan nizolar yuzasidan sudlarga kelib tushadigan ishlar sonini 50 foizga kamaytirish; ma`muriy tartib-taomillar prinsiplarini yo‘l harakatini tartibga soluvchi belgilar va ishoralarga to‘liq tatbiq etish nazarda tutilgan.
Sud hokimiyatining mustaqilligini kuchaytirish va uning faoliyatida ochiqlikni ta`minlash orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish yuzasidan ma`muriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni ko‘rib chiqish natijalari ustidan sudlarga yuborilayotgan shikoyatlarning 50 foizini elektron shaklda kelib tushishiga erishish; tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ko‘rilayotgan jinoyat ishlarining 100 foizida himoyachi yoki jamoat himoyachisi ishtirokini ta`minlashga erishish; sud tizimini boshqarishga sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini to‘laqonli joriy etish hamda sudyalar hamjamiyati organlari tizimini to‘liq shakllantirish; jahon odil sudlov loyihasining Huquq ustuvorligi indeksi bo‘yicha 0,64 ballni to‘plashga erishish; boshqaruv sifati indikatorlarining Huquq ustuvorligi yo‘nalishi bo‘yicha 61,5 ballni to‘plashga erishish vazifasi qo‘yilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyatini inson manfaatlari, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirish bo‘yicha yagona elektron reyestr yaratish orqali jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan tortib ish yuzasidan hukm chiqarilguniga qadar bo‘lgan jarayonni individual raqam va QR kodi orqali kuzatib borish imkoniyatini joriy qilish; dalillarni to‘plash va mustahkamlash faoliyatini zamonaviy texnologiyalar va so‘nggi ilmiy yutuqlarni joriy qilish orqali to‘liq raqamlashtirish; sud va boshqa organlarning hujjatlari ijrosini ta`minlash bo‘yicha ishlar toifasining kamida 30 foizini xususiy sektor yordamida ijro etishni yo‘lga qo‘yish; jiddiy oqibatlar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari sonini kamida 50 foizga kamaytirish; 100 foiz jinoyat ishlari va materiallarning elektron shakldagi nusxasini yuritish va ushbu ishlar bo‘yicha elektron hujjat almashinuvini ta`minlash nazarda tutilgan.
Àdvokatura institutining salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, malakali huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish yo‘nalishida advokatura institutini o‘z-o‘zini boshqarish tizimiga o‘tkazish hamda uning davlat organlari va boshqa tuzilmalardan chinakam mustaqilligini ta`minlash; advokatlar malakasini oshirishning zamonaviy va xalqaro standartlarga mos keluvchi va muqobillik tamoyiliga asoslangan tizimini joriy etish; advokatlar sonini kamida 2000 nafarga ko‘paytirish; fuqarolik, ma`muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha advokatlar hamda sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron hujjatlar almashinuvi darajasini kamida 50 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish ishlarini jadal davom ettirish sohasida "Transparency International" xalqaro tashkiloti tomonidan e`lon qilinadigan Korrupsiyani qabul qilish indeksida kamida 50 pog‘onaga ko‘tarilishga erishish; davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish holatlarini 2 barobarga kamaytirishga erishish; davlat xaridlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali amalga oshirishda mablag‘larni talon-toroj qilish holatlari, tovar va xizmatlarning narxi bozor qiymatidan oshib ketishining oldini olish bo‘yicha jamoatchilik nazoratini to‘laqonli joriy qilish; 100 foiz normativ-huquqiy hujjatlarning "korrupsiyadan xoli qonunchilik" tamoyili asosida ishlab chiqilishini ta`minlash vazifalari qo‘yilgan.
S.Quvvatov,
viloyat sudi iqtisodiy sudlov hay`ati sudyasi
M.Fayazov,
viloyat sudi iqtisodiy sudlov hay`ati sudyasi