XX asrdagi 237 ta katta va kichik urushlar 100 million kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Jumladan, olti yil davom etib dunyodagi 62 davlat aholisining sakson foizini qamrab olgan ikkinchi jahon urushuda 70 milliondan ziyod kishi qirg‘inbarot qurboniga aylandi.
Osiyo, Yevropa, Afrika qit`alaridagi 40 ta davlatni o‘z ichiga olgan jangu jadallarda ishtirok etgan jizzaxlik askarlarning 7450 nafariga qadrdon go‘shaga qaytish nasib etmadi.
mardlik va jasurlik namunalarini ko‘rsatgan Grigoriy Gubarkov, Yegor Ivanin, Ivan Kondratets, Jo‘raqul To‘rayev, Pyotr Traynin, Eshonqul Ismoilov va Jo‘raxon Usmonov qahramonlik oltin medali bilan taqdirlandi. O‘zbek eli vakillarining 4600 nafardan ko‘prog‘i jagovar orden va medallar sohibiga aylandi.
Yetmish sakkiz yildirki, ana shu jasorat hurmat ila esalanadi. «Xotira xiyoboni»da kecha bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda 1941-1945-yillarda fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba asoschilari, shuningdek, Mustaqillik yillarida vatanimiz sarhadlarini muhofaza qilib halok bo‘lgan yurt posbonlari hurmat bilan yodga olishdi.
«Motamsaro ona» haykali poyiga viloyat va shahar hokimliklari, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, viloyat prokuraturasi, mudofaa ishlari, Davlat xavfsizlik xizmati, chegara qo‘shinlari, favqulodda vaziyatlar hamda bojxona boshqarmalari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari hamda mehnat jamoalari nomidan gulchambarlar qo‘yildi.
R.YUNUSOV