ADLIYA MASLAHATXONASI

- Qaysi toifadagi xodimlarni o‘zlarining roziligisiz xizmat safariga yuborib bo‘lmaydi?


Savolga Jizzax shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Musaxon ÀsatullaYev javob beradi:

- Mehnat kodeksining 396-moddasiga ko‘ra, homilador ayollar, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolaning (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning) ota-onasidan birini faqatgina ularning yozma roziligi bilan xizmat safariga yuborish mumkin.

Bu toifadagi xodimlarni xizmat safariga yuborish ular bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi kerak. Ya`ni, ushbu toifaga mansub xodimlar xizmat safariga borishga rozi bo‘lmasalar, ularni majburan xizmat safariga jalb qilib bo‘lmaydi.

Faqat bu imtiyozlar o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolaning (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning) ota-onasidan birigagina beriladi.

***

- Jismoniy yoki yuridik shaxslar qo‘riqlash faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkinmi?


Savolga Jizzax shahar adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Bekzod Turopov javob beradi:

- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-yanvardagi "O‘zbekiston Respublikasida qo‘riqlash faoliyati bilan shug‘ullanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 16-son qarori bilan nodavlat tashkilotlar va jismoniy shaxslar tomonidan qo‘riqlash faoliyatini amalga oshirish hamda yuridik va jismoniy shaxslar xavfsizligini ta`minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish ta`qiqlangan.

Qo‘riqlash faoliyati bilan esa Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi shug‘ullanishi belgilangan. Davlat organlari, tashkilotlar, shaxslar ushbu tashkilot bilan shartnoma tuzgan holda ularning xizmatidan foydalanishi mumkin.

***

- Xususiy tashkilotlar yangi kodeks bo‘yicha dekret ta`tili bermaslikka haqlimi?


Savolga Jizzax shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Nargiza FayziYeva javob beradi:

- Xususiy tashkilotlar ham "dekret ta`tili" berishga majbur. Mehnat kodeksinining 237-moddasiga ko‘ra xodimlar quyidagi ijtimoiy ta`tillarni olish huquqidan foydalanadi:

-homiladorlik va tug‘ish ta`tillari (ushbu Kodeksning 404-moddasi);

-bola parvarishlash ta`tili (ushbu Kodeksning 405-moddasining birinchi va ikkinchi qismlari);

-o‘quv ta`tili (ushbu Kodeksning 385-moddasining birinchi qismi);

- ijodiy ta`tillar (ushbu Kodeksning 387-moddasining birinchi qismi).

Xodimlarga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ijtimoiy ta`tillarni berish xodimning mehnat stajiga, u bajaradigan ishning joyi va xususiyatiga, ish beruvchining tashkiliy-huquqiy shakliga bog‘liq emas.

E`tibor bering! Homiladorlik va tug‘ish ta`tili va boshqa ijtimoiy ta`tillar ish beruvchining tashkiliy-huquqiy shaklidan qat`i nazar ya`ni xususiymi, byudjet tashkilotimi taqdim qilinadi va "dekret puli" to‘lab beriladi.

Ish beruvchi xodimga "dekret puli"ni to‘lab bermasligi Ma`muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 49-3-moddasiga ko‘ra, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini qonunchilikda belgilangan miqdorlarda to‘lash bo‘yicha majburiyatdan bo‘yin tovlanganlik hisoblanadi va bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha (4 million 950 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

 Xuddi shunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 30 baravarigacha (9 million 900 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solinadi.

***

- Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlar) qiyoslashdan o‘tkazishda hisoblagich nosozligi aniqlansa ularni ta`mirlash yoki yangisiga almashtirish bilan bog‘liq xarajatlar kimlarning hisobidan qoplanadi?


Savolga Jizzax shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Doniyor Nizamov javob beradi: 

- Hukumatning 698-son qarori bilan elektr energiyasi, tabiiy gazni, ichimlik va issiq suvni hisobga olish uskunalarini (hisoblagichlarni) yechish, qiyoslashdan o‘tkazish va o‘rnatish bo‘yicha reglamentlar tasdiqlangan.

Ushbu reglamentlarga muvofiq jismoniy shaxslar va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarning hisobga olish uskunalarini ta`mirlash yoki yangisiga almashtirish xarajatlari tegishlicha hududiy elektr tarmoqlari korxonalari, gaz ta`minoti tashkilotlari, suv ta`minoti yoki hududiy issiqlik ta`minoti korxonalari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Ma`muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 215-5-moddasiga ko‘ra davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma`muriy javobgarlik belgilangan.

***

- Men oilada yolg‘iz o‘g‘il, yagona boquvchiman. Muddatli harbiy xizmatga bormasam bo‘ladi? 


Savolga Jizzax shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Àbror Mamatov javob beradi: 

- "Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida"gi Qonunning 22-moddasiga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga (bir oylik harbiy xizmat) chaqirilishdan quyidagilar ozod etiladilar:

1) salomatligiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan chaqiriluvchilar;

2) yaqin qarindoshlaridan biri (aka-ukasi, opa-singlisi) harbiy xizmatni o‘tash vaqtida halok bo‘lgan yoki vafot etgan chaqiriluvchilar;

3) ro‘yxatdan o‘tgan diniy tashkilotlardan birida diniy rutba egasi bo‘lgan chaqiriluvchilar.

Ushbu moddaning 2-bandida ko‘rsatilgan shaxslar (yaqin qarindoshlaridan biri (aka-ukasi, opa-singlisi) harbiy xizmatni o‘tash vaqtida halok bo‘lgan yoki vafot etgan chaqiriluvchilar) o‘z roziliklari bilan harbiy xizmatga chaqirilishlari mumkin.

Jinoiy javobgarlikka tortilgan, shuningdek, sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar harbiy xizmatga chaqirilmaydilar.

***

- Hech qayerda ishlamaydigan shaxs bir nafar bolaga qancha miqdorda aliment to‘laydi?


Savolga Jizzax shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Àbdulaziz Rahmatov javob beradi:

- Oila Kodeksining 99-moddasiga muvofiq, agar voyaga yetmagan bolalarga ta`minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta`minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun - to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun - uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun - yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e`tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin. Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak. 

Hech qayerda ishlamaydigan shaxs bir nafar bola uchun o‘rtacha oylik ish haqining 4 dan 1 qismi miqdorida aliment to‘lashi kerak.

***

- Suyunchi nafaqasini olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?


Savolga Jizzax shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Àlimjon Àrakulov javob beradi:

- Ma`lumot uchun aytish kerakki, bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa summasi - mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 70,3 foizi deb belgilangan. Ya`ni hozirgi kunda 688 940 so‘mni tashkil etadi.

Ya`ni, bugungi kunda bola tug‘ilganda bolaga beriladigan familiya, ism va ota ismi, ota-ona va ularning nikohi, bola ro‘yxatga qo‘yiladigan poliklinika va ichki ishlar bo‘limi, navbatga qo‘yiladigan davlat maktabgacha ta`lim tashkiloti haqidagi barcha ma`lumotlar tibbiyot muassasasi (tug‘ruqxona, shifoxona tug‘ruq bo‘limi, oilaviy poliklinika) tomonidan "Tug‘ilish va o‘limni, shu jumladan perinatal o‘limni elektron ro‘yxatga olish" avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritiladi.

Pensiya jamg‘armasi tomonidan barcha zaruriy ma`lumotlar tibbiyot muassasasi va FHDY axborot tizimlaridan elektron shaklda olingan holda "Suyunchi" nafaqasi avtomatik ravishda tayinlanadi.

Bunda bolaning otasi yoki onasi Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xalq bankining istalgan filialiga murojaat qilish orqali "suyunchi" nafaqasini olish imkoniyati yaratilgan. Bundan tashqari, fuqaroning xohishiga ko‘ra ushbu nafaqalar Xalq bankiga ham murojaat qilmasdan ularning bank kartasiga yuklab berilishi mumkin.

***

- Bir o‘qituvchimiz o‘qishga ketgandi. Menga uning vazifalari yuklatildi. Hozirda uning sinfiga rahbarlik ham qilyapman. Shunda menga sinf rahbarlik va daftar tekshirganlik uchun ham qo‘shimcha haq to‘lanishi kerakmi?


Savolga Jizzax shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Mahfuza Yoqubjonova javob beradi:

- Mehnat kodeksining 116-moddasiga ko‘ra xodimning roziligi bilan unga ish kunining (smenaning) belgilangan davomiyligi mobaynida xuddi o‘sha ish beruvchida qo‘shimcha haq evaziga mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan asosiy ish bilan bir qatorda, asosiy ishidagi kabi aynan o‘sha kasb (lavozim) bo‘yicha yoki boshqa kasb (lavozim) bo‘yicha ham qo‘shimcha ishni bajarish topshirilishi mumkin.

Xodimga topshirilayotgan qo‘shimcha ish vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini mehnat shartnomasida belgilangan, asosiy ishidagi ayni o‘sha kasb (lavozim) yoki boshqa kasb (lavozim) bo‘yicha ishdan ozod etilmagan holda bajarilishi mumkin.

Mehnat kodeksining 259-moddasiga ko‘ra, byudjet tashkilotlari xodimlari uchun bir necha lavozimda ishlaganlik uchun tarif stavkasining (maoshining) ellik foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Ya`ni, sizga vaqtincha yo‘q bo‘lgan xodimning vazifalarini bajarganingiz uchun albatta qo‘shimcha haq to‘lanishi lozim. Bunda dars soatlari, sinf rahbarligi hamda daftar tekshirganlik uchun ham yuqoridagi norma bo‘yicha qo‘shimcha haq to‘lab beriladi.

Ushbu qoidalar Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktabrdagi 297-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda ham aks etgan. Shuni ham alohida qayd etib o‘tish lozimki, faqatgina byudjet tashkilotlari xodimlari uchun xodim tarif stavkasining (maoshining) ellik foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanadi.


Авторизация