NOGIRONLAR UCHUNMEHNAT QONUNCHILIGIDA QANDAY IMTIYOZLAR BERILGAN?

- Har yilgi asosiy uzaytirilgan ta`til berish davomiyligi va birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat ta`tilini berish tartibi qanday bo‘ladi?

I.SOATOV,

Jizzax shahri


Savolga shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i F. AtaboYev javob beradi:

- O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 218 va 227-moddalariga asosan, 1-2- guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga yoshi va sog‘lig‘ining holati hisobga olingan holda har yilgi asosiy uzaytirilgan - o‘ttiz kalendar kun, shuningdek, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan shaxslarga (yolg‘iz ota-onaga va 1- va 2- guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga olti oy o‘tguniga qadar xohishiga ko‘ra birinchi ish yili uchun har yilgi mehnat ta`tili beriladi.

***

- Xodimning talabiga ko‘ra majburiy tartibda ish haqi saqlanmagan holda ta`til va qo‘shimcha dam olish kuni berish tartibi qanday?

U.NABIYEV,

Sharof Rashidov tumani


Savolga shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti N.FayziYeva javob beradi: 

- O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 242-moddasiga asosan, 1- va 2- guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga har yili o‘n to‘rt kalendar kungacha, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan ota-onaning biriga (ota-onaning o‘rnini bosuvchi shaxsga) har yili o‘n to‘rt kalendar kungacha xohishiga ko‘ra ish haqi saqlanmaydigan ta`til majburiy tartibda beriladi.

Bundan tashqari, mazkur kodeksning 399-moddasiga binoan, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan, nogironligi bo‘lgan bolani tarbiyalayotgan ota-onadan biriga (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga) oyiga qo‘shimcha bir dam olish kuni beriladi.

***

- Nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatidan ularga sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatma bo‘lgan ishlarda foydalanishni ta`qiqlash tartibi to‘g‘risida tushuncha bersangiz.

T.SARIBOYEV,

Jizzax shahri


Savolga shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti D.Nizamov javob beradi:

- O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 424-moddasiga asosan, nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatidan ularga sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatma bo‘lgan ishlarda foydalanish taqiqlanadi.

Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘liqsiz ish vaqti rejimi to‘g‘risidagi, yuklamani kamaytirish haqidagi va mehnatning boshqa shart-sharoitlari to‘g‘risidagi tavsiyalari ish beruvchi tomonidan bajarilishi majburiydir.

***

- Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishda qanday kafolatlar mavjud?

G.DOMONOVA,

Forish tumani


Savolga shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti À.Mamatov javob beradi:

- O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 423-moddasiga asosan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga "Aholi bandligi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilangan ish o‘rinlarining eng kam soni hisobidan zaxiradagi ish o‘rinlariga mahalliy mehnat organlari yo‘llanmasiga ko‘ra ishga joylashish kafolatlanadi.

***

- Nogironligi bo‘lgan shaxslarning majburiy tibbiy ko‘riklari to‘g‘risida ma`lumot bersangiz.

V.ATABAYEVA,

Jizzax shahri


Savolga shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti À.Rahmatov javob beradi:

- O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 426-moddasiga asosan, Nogironligi bo‘lgan shaxslar faqat dastlabki majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan keyin ishga qabul qilinadi va keyinchalik har yili majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turilishi lozim.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning majburiy tibbiy ko‘riklari ish beruvchining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

 ***

- 1-va 2- guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi qancha?

B.OMONOV,

Do‘stlik tumani


Savolga shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti À.Arakulov javob beradi:

- O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 426-moddasiga asosan, 1- va 2- guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga o‘ttiz olti soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi.

1- va 2- guruh nogironligi bo‘lgan xodimlar uchun kunlik ishning (smenaning) davomiyligi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining tavsiyalariga muvofiq belgilanadi, lekin olti kunlik ish haftasida - olti soatdan, besh kunlik ish haftasida - yetti soatu o‘ttiz daqiqadan ortib ketmasligi kerak.

***

- Vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tish yoki o‘tkazish uchun ustuvor huquq beriladigan xodimlar to‘g‘risida ma`lumot bersangiz.

M.JO‘RAYEV,

Jizzax shahri


Savolga shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti M.Yoqub-jonova javob beradi:

- O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 458-moddasiga asosan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni parvarishlayotgan xodimlar tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlar, ishlab chiqarishdagi avariyalar, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar, shuningdek, yong‘inlar, toshqinlar, zilzilalar, epidemiyalar yoki epizootiyalar ro‘y bergan taqdirda hamda aholining yoxud uning bir qismining hayotiga yoki normal yashash sharoitlariga tahdid soladigan boshqa alohida hollarda ish beruvchida tegishli texnik va tashkiliy imkoniyatlar mavjud bo‘lganda vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tishga haqli.


Авторизация