TABIAT MUHOFAZASI YO'LIDA

2-fevral - Butunjahon suvli-botqoqli hududlar kuni munosabati bilan viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan Àydar-Àrnasoy ko‘llar tizimiga press-tur tashkil etildi. OÀV vakillari va jurnalistlar ishtirok etgan press-tur davomida qayd etilganidek, suvli-botqoqli hududlar tabiatning ajralmas bo‘lagi sanaladi. Ular sayyoramizda ekologik muvozanatni saqlash, oziq-ovqat va boshqa iste`mol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, biologik xilma-xillikni ta`minlash, jamiyatni barqaror rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. 

Ma`lumot o‘rnida aytish lozimki, O‘zbekiston 1971-yil 2-fevralda Eronning Ramsar shahrida suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoqli hududlar to‘g‘risida qabul qilingan xalqaro konvensiya a`zosi hisoblanadi. O‘zbekiston hududida joylashgan Dengizko‘l 2002-yilda, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi 2008-yilda, shuningdek, Quyimozor va To‘dako‘l suv omborlari 2020-yilda Ramsar konventsiyasi ro‘yxatiga kiritilgan. 

2008-yil 20-oktabrda Ramsar xalqaro konvensiyasining o‘ninchi konferensiyasida ko‘llar tizimining 63,3 ming gektar yer maydonida Àrnasoy ornitologik buyurtmaxonasi tashkil etilgan va ushbu hududga xalqaro muhofaza etiladigan ko‘llar maqomini belgilovchi 1841-sonli sertifikati berilgan va suv botqoq qushlarining qishlash joyi sifatida e`tirof etilgan.

- Ko‘llar tizimining umumiy maydoni 370 ming gektar, uzunligi 168 kilometr, o‘rtacha kengligi esa 25-30 kilometrni tashkil etadi. Eng chuqur qismi 30-50 metrni, o‘rtacha chuqurligi 7 metrni tashkil etadi, - deydi viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Zamira Àbdullayeva. - Àydar-Àrnasoy ko‘llar tizimining suvli-botqoqli hududlari o‘ziga xos flora va faunasi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda suv o‘tlari va baliqlar bilan oziqlanadigan 100 dan ziyod turdagi qushlar bor. Har yili dekabr, yanvar, mart oylarida bu yerga 400 ga yaqin qush turlari qishlash uchun uchib keladi. Hattoki, so‘nggi yillarda Orolbo‘yi hududlaridan pushti rang flamingolarning uchib kelishi ham kuzatilyapti.

Bugungi kunda, Àydar-Àrnasoy ko‘llar tizimining ekologik holatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar alohida ahamiyat kasb etadi. Jumladan, ko‘llar tizimi qirg‘oqlari bo‘yidagi 800 gektar yerda daraxt va butalar ekilmoqda. Àydar-Àrnasoy ko‘llar tizimi shu hududdagi tabiat muvozanatini saqlab turishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun bu ko‘llarni asrash tabiat oldidagi sizu bizning insoniylik burchimiz hisoblanadi.

Said DONISHEV


Авторизация