Dunyo miqyosida eng asosiy ekologik muammolaridan biri bu atrof tabiiy muhitning chiqindilar bilan ifloslanishidir. Mamlakatimizda chiqindi muammolari va ular bilan bog‘liq ishlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi uning tizimidagi hududiy tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
Jizzax viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘limi tomonidan viloyatimiz hududidagi ijtimoiy soha obyektlariga chiqindi konteynerlarini o‘rnatish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, viloyatdagi maktablarga 170 ta, maktabgacha ta`lim muassasalariga 83 ta, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi tibbiyot muassasalariga 38 ta, jami 291 ta chiqindi konteynerlari o‘rnatildi.
Hududlarda chiqindilarning betartib joylashtirilishi, noqonuniy chiqindixonalarning hosil bo‘lishini oldini olish maqsadida boshqarmaning ekologik-davlat inspektorlari doimiy nazorat tadbirlarini olib bormoqdalar. 2023-yil 15-noyabr holatiga qadar chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlagan va noqonuniy joylashtirgan 1 169 nafar huquqbuzarga jarimalar qo‘llanildi. Àmmo aholi o‘rtasida muntazam olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlariga qaramasdan fuqarolar tomonidan chiqindilarni belgilanmagan joylashga tashlash holatlari ham kuzatilyapti.
Shuni ham ta`kidlash kerakki, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 12 ta qattiq maishiy chiqindilarni ko‘mish poligonlariga o‘rtacha bir yilda 350 592 tonna chiqindi olib kelinadi. Poligonlarda hozirgi kunga qadar to‘plangan chiqindilar 1 104 707 tonnani tashkil etmoqda.
Bugungi kunda viloyatimizda maishiy chiqindilarni saralab, qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 21 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Ularda 2023-yil 9 oy davomida 43 675,4 tonna chiqindi ikkilamchi xomashyo sifatida qayta ishlandi. Natijada hozir viloyatimizda chiqindilarni qayta ishlash darajasi 32,1% ga yetkazilgan. Bundan keyin ham chiqindilarni qayta ishlash borasidagi ishlar yanada kengaytirilishi rejalashtirilgan.
Kamol Àhadov,
Jizzax viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish
va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sho‘basi mudiri