OʼZBOSHIMCHALIK BILAN EGALLAB OLINGAN YER MAYDONI FERMER XOʼJALIGIGA OLIB BERILDI.

Yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish boʼyicha davlat nazorati bu sohaning oʼzigagina xos boʼlgan huquqiy shakllariga ega. Yer nazorati organlari nazorat ostidagi subʼektlardan yer va ekologik qonunchilik meʼyorlariga rioya etishni talab qilishi barobarida, oʼzlari ham moddiy va protsessual huquq normalariga ogʼishmay amal qilishlari zarur. 

Yer nazoratining huquqiy shakllari ularni qoʼllash xarakteridan kelib chiqib uchga boʼlinadi: ogohlantiruvchi, joriy va navbatdagi. 

Ogohlantiruvchi nazorat yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi nazorat faoliyati shakli sifatida nazorat tizimida markaziy oʼrin egallaydi (er nazoratining ogohlantiruvchi vazifasidan kelib chiqadi). Ogohlantiruvchi shakl tashkiliy qismining asosiy maqsadi yerlardan munosib foydalanishni taʼminlash uchun tashkiliy shart-sharoitlar yaratishdan iborat. Tashkiliy-ogohlantiruvchi element oʼz ichiga nazorat faoliyatini tartibga soluvchi huquq normalari, koʼrsatmalar, reja va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish hamda qabul qilishni qamrab oladi. Shuningdek, yerdan oqilona foydalanish, huquqbuzarliklarning oldini olish asoslarini yaratishga doir vazifalarni hal etadi. Yer nazorati mansabdor shaxslari dasturlar ishlab chiqish, loyihalash, rejalashtirishda qatnashish, loyihaviy qarorlarni ekspertiza qilish, yer uchastkasini tanlash va rad etish jarayoni, obʼektlarni, meliorativ qurilmalarni ishga tushirish uchun qabul qilib olish orqali yerdan foydalanishni tashkillashtiradi hamda yerlarni muhofaza etish sohasidagi zararli oqibatlar kelib chiqishining oldini olishni nazarda tutadi. 

Nazorat obʼekti — yer taalluqli boʼlgan yer fondi, uning maqsadi va foydalanish holati toʼgʼrisidagi maʼlumotlar hujjatlarda mustahkamlanishi, toʼplanishi, tegishlicha qayta ishlanishi, tizimlashtirilishi, qiyoslanishi, tahlil etilishi va baholanishi lozim. Buni amalga oshirish uchun, nazarimizda, nazoratning ogohlantirish shaklining tadqiqot qismidan foydalanish zarurati yuzaga keladi. Uni amalga oshirish huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda tegishli choralar (sanktsiyalar) qoʼllash zaruratini aniqlash, yerlardan foydalanish va nazorat qilish tashkiliy shakllarini takomillashtirish orqali ogohlantiruvchi choralar majmuini ishlab chiqish, yer huquqbuzarliklarining oldini olish hamda davomli huquqbuzarliklarga bar¬ham berish maqsadida maslahat faoliyatiga ehtiyojni aniqlash imkonini beradi.

Joriy nazorat — tegishli organlar faoliyatining doimiy va ajralmas qismi hisoblanadi. Zotan, ogohlantiruvchi faoliyat shakli qanchalik samarali boʼlmasin, amaliyot yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida huquqbuzarliklar sodir etilishi muqarrarligidan dalolat bermoqda. Ogohlantiruvchi faoliyat naqadar muhim boʼlmasin, qonunchilik talablari, foydalanish qoidalari, majburiy tadbirlar bajarilishi va shu kabilarga rioya etilishini tekshirish nazorat xizmatining tadqiq etilayotgan shakli orqali amalga oshirilayotgan kundalik vazifalardan biri boʼlib qolmoqda.

Mazkur faoliyatning tekshiruv, kuzatuv, tadqiqot, ekspertiza, huquqbuzarliklar manbalarini hisobga olish, huquqbuzarliklarning oldini olish, javobgarlikka tortish kabi usullar orqali amalga oshirilishi tan olingan. Ushbu nazoratda kuzatuv, tadqiqot, qoʼqqisdan tekshiruv oʼtkazish, taqqoslash, qiyoslash va boshqa usullardan foydalanish, ayniqsa, samarali hisoblanadi. 

Tekshiruv mazmuni, amalga oshirish tartibi, uni qoʼllashning texnik usuli tekshirishning maqsadi, yoʼnalishi, yerdan foydalanishning oʼziga xos xususiyatiga bogʼliq. Ushbu holatlardan kelib chiqqan holda rejali, rejadan tashqari, kompleks, umumiy, tanlangan, takroriy va boshqa turdagi tekshiruvlar oʼtkaziladi.

Natijalar tegishlicha rasmiylashtiriladi, aniqlangan huquqbuzarliklarga nisbatan zarur choralar qoʼllaniladi. Tekshiruv natijalari boʼyicha zarur maʼlumot ushbu hududda yerdan foydalanuvchi barcha shaxslar eʼtiboriga yetkazilishi lozim. Shunda uning samaradorligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Tekshiruv nafaqat joriy nazorat, balki ogohlantirish chorasi sifatida ham koʼrilishi zarur. Joriy nazoratda tekshiruv jarayonida yerdan foydalanish va muhofaza qilishning belgilangan tartibidan muayyan darajada chekinishni aniqlashga yoʼnaltirilgan texnik chora-tadbirlar kompleksi qoʼllanadi. Bunda tegishli joylarda koʼrsatkichlarni aniqlash, namunalar olish va tekshirish, iqtisodiy hisob-kitob qilish va hokazolar talab etiladi.

Doimiy joriy tekshiruvlar, oʼz navbatida, yer huquqbuzarliklari sodir etilishiga olib kelgan asosiy sabab va manbalarni aniqlash, ularni tizimlashtirish hamda oʼz vaqtida bartaraf etish imkonini beradi. Ushbu holatda nazoratning joriy va ogohlantiruvchi shakllari oʼrtasidagi aloqadorlik koʼzga tashlanadi. Qoida tariqasida taqiqlar u yoki bu faoliyatni toʼxtatishda, uning davom etishi, zararli oqibati rivojlanishining oldini olishda namoyon boʼladi. Shuningdek, davomli huquqbuzarliklarga barham beradi.

Umumiy qoida tariqasida javobgarlikka tortish vakolatli organlarning yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida aniqlangan huquqbuzarliklarga nisbatan taʼsir etishning muayyan shaklida namoyon boʼladi. Yaʼni yer mulkdori, yerdan foydalanuvchi, ijarachi tomonidan salbiy, qonunchilikka zid qilmishlar sodir etilganda ularga nisbatan tegishli yuridik javobgarlik qoʼllanadi.

Shu oʼrinda hayotiy misollarga eʼtibor qaratadigan boʼlsak, daʼvogar Fermer, dehqon xoʼjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi fermer xoʼjaligi manfaatida javobgar fuqaroga nisbatan daʼvo ariza bilan sudga murojaat qilib unda oʼzboshimchalik bilan qurilgan qurilishni buzdirish va yer maydonini fermer xoʼjaligiga qaytarib olish haqida sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan.

Fuqarolik ishlari boʼyicha tuman sudining hal qiluv qarori bilan daʼvogarning daʼvosi qanoatlantirilib, javobgar fuqaro tomonidan SIU hududidagi qishloq xoʼjalik xaritasining 200-konturdagi fermer xoʼjaligiga tegishli boʼlgan 12 gektar yer maydonidan 0,50 sotix yer maydoni unga qaytarilgan.

Javobgar fuqaro tomonidan ushbu hududdagi noqonuniy ravishda qurilgan 20x10 metr oʼlchamdagi, 200 kvadrat metrli 5 xonali uy-joy javobgarning hisobidan buzib tashlash majburiyati yuklatilgan.

Sudning mazkur hal qiluv qaroriga nisbatan javobgar fuqaro tomonidan apellyatsiya shikoyati berilgan.

Ish hujjatlariga qaraganda, tumani hokimining 2005 yil 1 dekabrdagi qarori bilan fermer xoʼjaligiga shirkat xoʼjaligi hududidagi 201-konturdan 1 gektar, 202-konturdan 2 gektar, 200-konturdan 12 gektar jami 14 gektar buz yer maydonlaridan 30 yil muddatga shartnoma asosida ijaraga ajratib berilgan.

Tumani hokimining 2018 yil 10 avgustdagi 1680-sonli qarori bilan fermer xoʼjaligiga qoʼshimcha yer maydoni ajratilib, Turon massivi hududidagi jami 59,0 gektar yer maydonidan iborat ekanligi belgilab quyilgan.

Tumani hokimligi bilan fermer xoʼjaligi oʼrtasida 2018 yil 3 sentyabrda 130-sonli fermer xoʼjaligi tomonidan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasi tuzilgan.

Tumani Yer resurslari va davlat kadastri boʼlimi vakillari, fermer xoʼjaligi raisi va javobgar fuqaro ishtirokida 2019 yil 25 fevralda javobgar fuqaro fermer xoʼjaligiga ijara berilgan 200-konturdagi yaylov yer maydonidan 0,50 sotix yer maydonini oʼzboshimchalik bilan egallab olib, noqonuniy ravishda 20x10 metr oʼlchamdagi 200 kvadrat metrli 5 xonali uy-joy qurib olganligi haqida dalolatnoma tuzishgan.

Javobgar fuqaroning oʼzboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy qurilmasiga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish yuzasidan Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi huzuridagi davlat xizmatlari agentligi Tumani davlat xizmatlari markazida 2019 yil 25 yanvarda roʼyxatga olingan arizasi 2019 yil 20 fevralda Tumani yer resurslari va davlat kadastri boʼlimi tomonidan koʼrib chiqilib, ushbu yer maydoni fermer xoʼjaligida foydalanishda boʼlgan yer maydoni boʼlganligi sababli yer maydoniga meros qilib qoldiriladigan egalik qilish huquqi va bino-inshootiga xususiy mulk huquqini berish maqsadga muvofiq emasligi haqida xulosa berilgan.

Tumani maʼmuriy sudining qarori bilan javobgar fuqaro nizoli yer maydonini oʼzboshimchalik bilan egallab olib, uy-joy qurganligi holati boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi MJtKda nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etganligi uchun javobgarlikka tortilgan. 

Tumani maʼmuriy sudining hal qiluv qarori bilan fuqaroning tumani hokimligiga nisbatan fermer hoʼjaligiga yer ajratish haqidagi hokim qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi arizasi rad etilgan.

Аpellyatsiya instantsiyasi nizoli yer maydoni daʼvogarga hokim qarori bilan ajratilganligini, javobgar daʼvogarga ajratilgan yer maydoniga oʼzboshimchalik bilan qurilma qurganligi mutaxassislarning xulosasi bilan oʼz tasdigʼini topganligini, javobgar mazkur sodir etgan huquqbuzarligi uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilganligini, javobgarning fermer hoʼjaligiga yer ajratish haqidagi hokim qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi arizasi rad etilganligini inobatga olib fuqarolik ishlari boʼyicha tuman sudining hal qiluv qarorini oʼzgarishsiz qoldirgan. 

 

Sobir Nabiev,

Jizzax viloyat sudi sudyasi


Авторизация