YERGА OID MULKIY MUNOSАBАTLАRDА BАRQАRORLIKNI TА’MINLАSH LOZIM

Sud qarorlarining oʼz vaqtida ijro etilishi sud organlarining nufuzini oshirish, sud qarorlari, shu jumladan jazoning muqarrarligini taʼminlash bilan bir qatorda, fuqarolarning buzilgan huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishga xizmat qiladi.

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi hamda boshqa manfaatdor idoralar oʼrtasida fuqarolar va tadbirkorlar huquq hamda qonuniy manfaatlarining ishonchli himoyasini taʼminlash, sud hujjatlarini oʼz vaqtida va sifatli ijro etilishi borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisda”gi 11-sonli Farmonida sud qarorlarining qaʼtiy ijrosini taʼminlash hamda sud qarorlarini ijro etmaganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish boʼyicha bir qancha vazifalar belgilab olingan.

Oʼzbekiston Respublikasi FKning 212-moddasiga koʼra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki oʼzga koʼchmas mulk oʼzboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi. Oʼzboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi.

Ushbu moddaning 3-qismiga koʼra, oʼzboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining daʼvosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim.

Qonunlar avvalo fuqarolarimizning huquq va qonuniy manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat idoralari ham oʼz navbatida fuqarolarimiz uchun xizmat qiladi.

Jizzax viloyat fuqarolik ishlari boʼyicha tumanlararo, tuman sudlari tomonidan 2018-2022 yillar davomida oʼzboshimchalik bilan egallab olingan yerlarni qaytarish haqida jami 1089 ta fuqarolik ishlari koʼrib tamomlangan va aniqlangan oʼzboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarni buzdirish toʼgʼrisidagi ijro hujjatlari tegishli hududiy boʼlimlarga yuborilgan.

2023 yilning 1-yarmida yerga oid huquqiy munosabatlarga doir koʼrilgan fuqarolik ishlarining soni 312 tani tashkil qilsa, shundan 242 tasi “oʼzboshimchalik bilan egallab olingan yerlarni qaytarishga doir nizolar” koʼrib tamomlangan.

Bu fuqarolarimizning qonunda belgilangan tartibga rioya qilmasdan kelayotganlaridan dalolat demakdir.

Oʼzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʼgʼrisida”gi Qonuni asosida ijro ishi yuritish toʼgʼrisida”gi Qonunning 23-moddasiga koʼra, davlat ijrochisi ijro hujjatini suddan yoki uni bergan boshqa organdan yoxud undiruvchidan (agar ijro hujjatini ijroga topshirish muddati oʼtmagan va mazkur hujjat ushbu Qonunning 8-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʼlsa) ijro uchun qabul qilib olishi va ijro ishi yuritishni qoʼzgʼatishi shart.

Davlat ijrochisi ijro hujjatini olgan paytdan eʼtiboran bir ish kuni ichida ijro ishi yuritishni qoʼzgʼatish toʼgʼrisida qaror chiqaradi.

Ijro ishi yuritishni qoʼzgʼatish toʼgʼrisidagi qaror nusxasi u chiqarilgan kunning ertasidan kechiktirmay undiruvchiga, qarzdorga, shuningdek hujjati ijro etilishi lozim boʼlgan sud yoki boshqa organga yuboriladi.

Mazkur Qonunning 30-moddasiga koʼra, ijro harakatlari va ijro hujjatining talablari ijro hujjatining ixtiyoriy ijro etilishi uchun ijro ishi yuritishni qoʼzgʼatish toʼgʼrisidagi qarorda belgilangan muddat tugagan kundan eʼtiboran koʼpi bilan ikki oy muddat ichida davlat ijrochisi tomonidan amalga oshirilishi va ijro etilishi kerak.

Prezident taʼbiri bilan aytganda «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak».

Ushbu tamoyilni ilgari surish masadida malakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar koʼlamida fuqarolarimizni ham yerni egallash, uni obod qilish maqsadida tinmay mehnatini ayamay, tinch totuvlikda ishlashlari uchun belgilangan tartib taomillariga ham amal qilishni bilishlari va chuqur anglashlari lozim boʼladi.

 

Murod Zulfuqorov,

Jizzax viloyat sudi sudyasi


Авторизация