TADBIRKORLARGA OCHILGAN KENG YO'L

Keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 70 dan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi.

2023-yil 4-sentabr kuni ham Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorda joriy yil 18- avgust kuni o‘tkazilgan ochiq muloqot doirasida tadbirkorlardan kelib tushgan 6 mingga yaqin murojaatda keltirilgan muammolar yechimiga qaratilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish, ochiq muloqotda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Qarorda ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga bajarilishi yuzasidan "yo‘l xaritasi" tasdiqlanib, unda kichik biznesga yangi imkoniyatlar yaratish, o‘rta biznesni barqaror iqtisodiy o‘sish garoviga aylantirish, yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulot bilan kirish, yuqori daromadli korxonalarni ko‘paytirish, sodda soliq ma`muriyatchiligi va byurokratiyadan holi qulay muhit yaratish lozimligi ko‘rsatilgan.

Qarorda tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish masalasiga alohida e`tibor qaratilgan. Jumladan, ba`zi bir tadbirkorlarning oylab sudma-sud sarson bo‘lishiga sabab bo‘layotgan yana bir muammo - tadbirkorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy summasi o‘rnini qoplashda (qaytarishda) soliq uzilishi (tax gap) koeffitsiyentini qo‘llash amaliyoti ta`qiqlandi va qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha maxsus ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishini to‘xtatib turish tartibi ham bekor qilindi.

Shuningdek, 2024-yil 1-yanvardan boshlab iqtisodiy sudlar tomonidan soliq organlari ishtirokida ko‘rilayotgan ishlar ma`muriy sudlar yurisdiksiyasiga o‘tkazilib, soliq majburiyati bo‘yicha da`vo qilish muddati ham besh yildan uch yilga qisqartirildi.

Soliq idoralari tomonidan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq to‘lovchining hududiga kirish, soliq to‘lovchining hududini va binolarini ko‘zdan kechirish, soliq to‘lovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish, soliq to‘lovchining hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish taqiqlandi(bundan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha o‘rnini qoplashda o‘tkaziladigan kameral soliq tekshiruvlari mustasno).

Bundan tashqari, 2024-yil 1- yanvardan boshlab aholi va tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish bo‘yicha sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, mazkur kreditlar bo‘yicha foizlar va jarima hisoblanishi to‘xtatildi. 

S.Quvvatov,

viloyat sudi iqtisodiy 

sudlov hay`ati sudyasi. 

N.DjuraYev,

Jizzax tumanlararo 

iqtisodiy sudi sudyasi


Авторизация