QISH HAQIDA YOZDA O'YLA

Shu yil yanvar oyida favqulodda yuz bergan kuchli sovuq ijtimoiy soha obyektlaridagi mavjud isitish tizimlarining nechog‘liq eskirib qolganligini ko‘rsatdi. Hatto mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida ham gaz va elektr ta`minoti bilan bog‘liq uzilishlar sodir bo‘ldi. Natijada ko‘p qavatli turar joy binolarida istiqomat qilayotgan odamlar ko‘chalarda gulxan yoqib, isinishga majbur bo‘ldi. 

Mamlakatimiz hukumati bu holatdan tezda xulosa chiqardi. Àprel oyining 10-sana-sida Respublika Prezidentining "Ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida"gi Qarori qabul qilindi.

Qarorda isitish tizimlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta`minlash, energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish borasidagi dolzarb vazifalar belgilandi.

Qarorga ko‘ra, 2023-2026 yillarda respublika hududlarida faoliyat yuritayotgan davlat ijtimoiy soha obyektlarini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish, qozonxonalarni modernizatsiya qilish hamda issiqlik tizimini ta`mirlash, belgilangan me`yorlarda ishlashini ta`minlash tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektor ishtirokida bosqichma-bosqich joriy etish choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yilgan.

Qarorga asosan xususiy sherikka ijtimoiy soha muassasalarining foydalanilmayotgan, bo‘sh turgan bino va inshootlari vaqtinchalik ijaraga beriladi yoki omborxona qurilishi uchun yer uchastkasi ajratiladi. Joriy yil 1-avgust-dan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan va loyiha konsepsiyalari tasdiqlangan tuman (shahar)lardagi issiqlik tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ishlari boshlanadi.

Qarorga ko‘ra, davlat sherigi etib - tuman (shahar) hokimliklari belgilanadi, xususiy sheriklar esa O‘zbekiston Respublikasining "Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida"gi qonuni talablariga muvofiq tender o‘tkazish va xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlari asosida eng maqbul takliflarni tanlab olish orqali aniqlanadi.

Mazkur hujjat asosida loyihalarni amalga oshirishda davlat sheriklari zimmasiga:

Davlat ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini xatlovdan o‘tkazish, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va davlat ekspertizasidan o‘tkazishni ta`minlash;

Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan energiya tejamkor qozonlarni o‘rnatish va obyektlardagi ichki issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilishni nazarda tutish;

Loyihalarni amalga oshirish uchun tenderlarni tashkil qilish hamda xususiy sheriklarni shaffof va ochiq shartlarda tanlash;

Davlat budjeti hisobidan ajratiladigan mablag‘larning davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda belgilangan muddatlarda va miqdorlarda yo‘naltirib borilishini ta`minlash;

Xususiy sheriklar tomonidan bajariladigan ishlar va xizmatlar sifatini doimiy nazorat qilib borish, natijasi bo‘yicha har chorakda respublika ishchi guruhiga axborot berish;

Xususiy sheriklar tomonidan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda belgilangan shartlar bajarilmagan taqdirda bitimni bir tomonlama bekor qilish kabi vazifa va majburiyatlar yuklatilgan.

O‘z navbatida xususiy sheriklar uchun:

Sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq ijtimoiy soha obyektlarining ichki qismlarida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddati davomida issiqlik haroratini lozim darajada ta`minlash;

Isitish uchun me`yor bo‘yicha talab etiladigan ko‘mir va elektr energiyasi xarajatlarini kamida 20 foizga va issiqlik energiyasi yo‘qotishlarini 30 foizga kamaytirish;

Ijtimoiy soha obyektlarida O‘zbekiston Respublikasida kamida bir yil sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan va xizmat qilish kafolati kamida 15 yilni tashkil qiladigan qozonlarni o‘rnatish;

O‘rnatiladigan isitish qozonlarining sifatini kafolatlash va muddatidan oldin yaroqsiz holatga kelgan isitish qozonlarini o‘z mablag‘lari hisobidan yangilash;

Ijtimoiy soha obyektlarini isitish bilan bog‘liq barcha masalalarni o‘z zimmasiga olish borasidagi vazifa va majburiyatlar belgilab qo‘yilgan.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mamlakatimiz hukumati har doim xalq farovonligini ta`minlashga qaratilgan siyosat olib bormoqda. Respublika Prezidentining mazkur Qarorida ham xalqimizni yillar davomida qiynab kelayotgan muammolardan birini uzil-kesil hal etish yuzasidan zarur bo‘lgan chora-tadbirlar o‘z ifodasini topgan.

Abdurahmon KARIMOV


Авторизация