Virusli gepatit “A” turi yuqumli kasallik bo‘lib, ko‘proq bolalarda uchraydi. Kasallik tozalikka rioya qilmaslik ya’ni ovqatlanishdan oldin qo‘llarni sovunlab yuvmaslik, meva-sabzavotlarni yuvmasdan iste’mol qilish va qaynatilmagan suvni ichish sababli kelib chiqadi.
Pashshalar kasallikni yuqishida yetakchi rol o‘ynaydi. Birgina pashsha ichagi, qanoti va tanasida millionlab kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarni, shuningdek, gepatit viruslarini ham tashiydi.
Kasallik gepatit bilan og‘riyotgan bemorlardan yuqadi. Bemor foydalangan idish-tovoqlar, choyshab, yostiq jildi, kiyim-kechagi, o‘yinchoqlari, so‘rg‘ichlari, hojat tuvaklari va bemordan qolgan ovqat qoldiqlari virus bilan zararlangan bo‘lishi mumkin.
Kasallik holsizlanish, ishtahaning yo‘qolishi, ko‘ngil aynishi va ovqatlangandan keyin qusish kabi holatlar bilan kechadi. Keyin kasallikning sariqlik davri boshlanadi. Bunda ko‘zning shilliq qavati, teri sarg‘aya boshlaydi. Sarg‘ayish davri 1-2 haftagacha davom etadi, sariqlik alomatlari yaqqol kuzatilmasligi mumkin. Yuqoridagi holatlar kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Kasallik qancha erta aniqlansa, davolanish shunchalik tez samara berib, asorat qoldirmaydi.
Kasallik yuqmasligi va oldini olish uchun ovqatlanishdan oldin, hojatdan chiqqach qo‘llarni sovunlab yuvish, meva-sabzavotlarni yuvib iste’mol qilish, faqat qaynatilgan suvni ichishga odatlanish maqsadga muvofiqdir.
Aholi o‘rtasida 2 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarni virusli gepatit kasalligining “A” turiga qarshi emlanishi bilan bolaning organizmi virusli gepatit kasalligining «A” turi bilan kasallanmasligi 15 yil kafolatlanadi.
F.IBODOV,
shahar SEO va JS bo‘limi sanitariya
bo‘lim mudiri
I.PO‘LATOV,
Epidemiologiya vrach yordamchisi