Chekishning keltiradigan zararini qancha gapirsak shuncha oz. Kuniga bir quti sigaret chekadigan kashanda umri davomida tanasiga 2 kg. sof nikotin kiritishi aniqlangan. Zaharning bu miqdori 20 ming odamni halok qilishi mumkin. Kashanda nafaqat o‘z organizmiga, balki oila a`zolari sog‘ligiga ham zarar keltiradi. Chekish oqibatida qayd etilgan o‘lim boshqa giyohvand moddalarga nisbatan 13 barobar ko‘pligi ham uning odam organizmi uchun naqadar xavfli ekanligidan dalolat beradi.
Sigaret tutunini birinchi bor ichiga tortgan o‘smir tanasida nikotin qonga tez so‘rilib, butun organizmga tarqaladi. Bir necha daqiqadan so‘ng bosh miyaga yetib boradi va markaziy asab tizimini izdan chiqarib, nerv hujayralariga o‘tadi. Àrterial bosimni oshiradi, mayda qon tomirlarini toraytiradi, nafasni tezlashtiradi, ovqat hazm qilish faoliyatini kuchaytiradi.
20 ta sigaret tarkibidan 50 l. zaharli gaz hosil bo‘ladi. Yonish mahsulotlaridagi zahar tutun bilan nafas olish sistemasiga o‘tib, arterial qondagi kislorodni kamaytirib yuboradi. U bronxlar shilliq pardasiga ta`sir ko‘rsatib, surunkali bronxit va o‘pka emfizemasiga sabab bo‘ladi. Nikotin ayniqsa, homilador ayollarga juda zararli ta`sir ko‘rsatadi.
Àshaddiy kashanda chekishni birdaniga tashlashi qiyin, shuning uchun u shifokor-narkolog nazoratida bo‘lishi lozim. Shifokor dori-darmonlardan va psixoterapiya usullaridan foydalanib yordam beradi. Chekishni tashlamoqchi bo‘lganlarning sut va sut mahsulotlari, meva-sabzavotlarni ko‘proq iste`mol qilishlari, sport va o‘zi yoqtirgan biron mashg‘ulot bilan shug‘ullanishlari chekish xumorini bosishda yordam beradi.
Organizmda nikotin yetishmovchiligi tufayli yurak sohasida og‘riq, bosh aylanishi, terlash, yo‘tal kuchayib, balg‘am ajraladi. Àgar inson shu davrda chekish xumoriga chidab, 4-5 kun sabr qilsa, ushbu holat o‘tib ketadi.
Hozirgi kunga kelib ko‘pgina davlatlar chekishga qarshi chora-tadbirlar qo‘llamoqda. Rossiya, Fransiya, Germaniya kabi mamlakatlarda sigaretni reklama qilish ta`qiqlangan. Britaniya hukumati jamoat joylarda chekishni ta`qiqlovchi qonun qabul qildi. Butan qirolligida esa chekish umuman ta`qiqlangan. O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 7-apreldan boshlab kuchga kirgan "Àlkogol va tamaki mahsulotlarining tarqalishi hamda iste`mol qilishini cheklash to‘g‘risida"gi Qonuniga ko‘ra, 20 yoshga to‘lmagan shaxslarga spirtli ichimlik va tamaki mahsulotlari sotilmaydi.
Bugungi kunda mamlakatimizda ham jamoat joylarida chekkanlarga jarima qo‘llanilmoqda.
Erkaklarning chekishi fojia bo‘lsa, ayollarning chekishi katta falokatdir. Chunki chekuvchi ayol ikki kishining umriga zomin bo‘ladi.
Chekishning zararli oqibatlari to‘g‘risida nafaqat tibbiy xodimlar, balki barcha targ‘ibot-tashviqot qilishi zarur. Zero, kashandalik o‘z-o‘ziga dushmanlikdir.
N.ÀSQÀROVÀ,
viloyat OITSga qarshi kurashish
markazi bosh shifokori,
tibbiyot fanlari nomzodi
N.JÀMOLOV,
viloyat OITSga qarshi kurashish
markazi yetakchi mutaxassisi