OIVGA CHALINGANLAR KO'PAYMOQDA...(MI?)

Jizzax shahrida OIV infeksiyasiga tekshiruvlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32 foizga, o‘z- o‘zidan kasallik aniqlanishi 5 barobarga oshdi. Achinarlisi, OIV aniqlangan shaxslarning turmush o‘rtoqlari va oila a’zolari tekshirilganda ularda ham kasallik aniqlandi. Jumladan, shahardagi «Kimyogar» mahallasida yashovchi bir nafar mehnat migranti o‘zidagi kasallikni bilmasdan turmush o‘rtog‘iga va farzandiga, «Tinchlik» mahallasida yashovchi erkak tartibsiz jinsiy hayot kechirib, kasalligini bilmasdan turmush o‘rtog‘iga yuqtirgan. 

Aniqlangan OIV infeksiyali shaxslarning 50 foizi chet davlatlarda mehnat migratsiyasida bo‘lib kelgan va kasallikni chet davlatlarda yuqtirgan.  Bemorlarning 80 foizi kasallikni jinsiy yo‘l bilan orttirgan. Dard 10 foiz holatda (1 nafar) giyohvand moddalarni qabul qilishi natijasida va 105 holatda (1 nafar bola) oilaviy sharoitda maishiy muloqot orqali yuqqan.

OIV infeksiyasini yuqtirgan shaxslar shifokor nazoratiga olinadi, tushuntirish ishlari o‘zkaziladi, kasallikni bila turib yuqtirganda jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi tushuntiriladi. Aksar hollarda OIVga chalinganlar OIVni tarqatmaslik nuqtai nazaridan sog‘lom turmush tarziga o‘tmoqda. Bila turib OIV infeksiyasini tarqatayotganlar ham uchrab turibdi, bu holatlar bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tegishli choralar ko‘rilmoqda. Lekin o‘zida virus borligini bilmaydigan insonlar tomonidan kasallikni tarqatish xavfi bir necha barobar yuqori hisoblanadi. Barcha insonlar ixtiyoriy ravishda  bepul qon topshirib bir yilda bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tsa, OIV kasalligini erta bosqichda aniqlash va davolash choralari samarali kechadi.

Azizlar, sog‘lig‘ingizga befarq bo‘lmang, o‘zingiz va yaqinlaringizning salomatligini asrang.

Anvar Xolboyev,

viloyat OITSga qarshi kurashish markazi bosh shifokori o‘rinbosari 



Авторизация