Harakatli oʼyinlarining kelib chiqish tarixi uzoq oʼtmishimiz bilan bogʼlanib ketadi.
Afrosiyob, Dalvarzintepa, Sirdaryoning quyi qismlarida, shuningdek Xorazm va Qoraqalpogʼiston hududlarida oʼtkazilgan arxeologik qazilmalar natijalari asosida topilgan turli xil buyumlar, ashyolar, bezaklarning guvohlik berishicha bundan 3-4 ming yillar avvalgi ajdodlarimiz xilma-xil oʼyinlar, jismoniy mashqlar bilan mashgʼul boʼlgan. Yovvoyi hayvonlarni tutish, ov qilish, quvlash, nayza sanchish, olishish va boshqa juda koʼp murakkab harakatli faoliyatlar tasvirlarda, sopol va metall buyumlarda ifoda etilgan.
Koʼpkari, poyga, qiz quvmoq, otdan agʼdarish, otda qilichlashish, nayza sanchish, dorboz, kurash kabi murakkab harakatli oʼyinlar Markaziy Osiyoning barcha xududlarida keng tarqalgan. Ijtimoiy-madaniy turmush sharoitidan kelib chiqqan "quloq choʼzma", "eshak mindi", "oq suyak", "chillik" kabi yuzlab milliy harakatli oʼyinlar ham barcha elatlar hayotida chuqur oʼrin egallagan.
"Alpomish", "Go‘ro‘g‘li" kabi xalq og‘zaki ijodi durdonalari kabi minglab harakatli o‘yinlar ham yozma bo‘lmaganligi sababli og‘izdan og‘izga o‘tib bizgacha yetib kelgan. Chunki o‘g‘il uylantirish, qiz chiqarish, beshik, sunnat, payg‘ambar yoshi kabi ulug‘ to‘ylar, Navro‘z, Hosil yig‘ish bayramlari (qovun sayli, gul sayli va h.k), hayitlar, gashtaklar (gaplar) va juda ko‘p marosimlar xalqdan xalqqa o‘tib kelgan. Ularning mazmunida asosan ko‘pkari-uloq, poyga, otdan ag‘darish, qiz quvmoq, kurash kabi o‘yinlar qatorida "Piyoda poyga", "Quloq cho‘zma", "Xo‘rozlar jangi", "To‘qqiz tosh" (qizlar o‘yini), "Gardkam" (oshiq o‘yinlari) kabi xilma-xil qiziqarli o‘yinlar ham o‘rin olgan.
Eʼtirof etish lozimki, sobiq sovetlar hokimiyati yillarida (1917¬1991) harakatli oʼyinlar boʼyicha bir qator toʼplamlar nashr etilib, ular asosan oʼquv yurtlarining muhim oʼquv qoʼllanmalari sifatida xizmat qildi. Lekin ularning tarkibida oʼzbek xalq milliy harakatli oʼyinlari umuman uchramaydi.
Mustaqillikning sharofati tufayli jismoniy tarbiya fakultetlarida "Milliy harakatli oʼyinlar" fani tashkil qilindi. Shu sababdan harakatli oʼyinlarning deyarli barcha sport turlari boʼyicha darslar, sport mashgʼulotlari yoʼlga qoʼyilgan. Bu oʼz navbatida milliy harakatli oʼyinlarning nufuzini oshirishga koʼmak beradi.
Dilshod Аbdullaev,
Jizzax davlat pedagogika universiteti,
Jismoniy madaniyat nazariyasi va
metodikasi kafedrasi dotsenti.