USTOZLАRNING USTOZI

 Xotira aziz, xotira muqaddas. Zero ota-bobolarimiz, ustozlarimiz, ulugʼ ajdodlarimizni xotirlar ekanmiz, ular amalga oshirgan buyuk va savobli ishlar, amallar bizni kelajakka undaydi. Loʼnda qilib aytganda, oʼtmishsiz kelajak ham boʼlmaydi.

9-may – Xotir va qadrlash kuni oldidan “Jizzax ovozi” gazetasining moʼʼjazgina muzeyiga tashrif buyurdim. Maqsad, umrini shu dargoh uchun baxshida etgan, koʼp yillar gazetaning bosh muxarriri lavozimida ishlagan Toji Odilov toʼgʼrisida maqola yozish edi.

Sargʼayib ketgan gazetalarni varoqlar ekanman, dimogʼimga chang, mogʼor hidi bilan birgalikda oʼsha olis yillarning nafasi ham urilgandek boʼldi. Devorlarda osilgan suratlarga birma-bir koʼz yugurtirish onlarida yurakni bir gʼussa bosdi. Negaki, suratlardagi insonlar - Nuʼmon Mirzaev, Ibroxim Donishev, Аkram Inomov, Saidmurod Norboev, Аbdulla Raxmonqulov, Ikrom Muzaffarov singari koʼplab jurnalistlar bilan oʼz vaqtida suhbatlashganman va ulardan koʼp narsani oʼrganganman. Ularning ustozlari Xoʼjam Isroilov, Yoʼldosh Xoshimov, Yusuf Yoʼldoshev, Toji Odilov singari jurnalistlar bilan uchrashish nasib etmagan boʼlsada, ustozlarimizning ustozlari bosib oʼtgan yoʼl ham biz uchun qadrli, eʼzozlidir. Аfsuski ular bugun oramizda emas. Umr oʼtkinchi, vaqt beshafqat. Shu bois ustozlarimiz va ustozlarimizning ustozlari xotirasini yuragimiz toʼrida asrash va kelajak avlodga yetkazish har birimizning burchimizdir. 


1932 yilning 15 iyunь kuni “Sotsializm gʼalabasi”(hozirgi “Jizzax ovozi” gazetasining ilk soni Samarqand shahridagi Morozov nomli bosmaxonada 450 nusxada chop etildi. Oradan ikki yil oʼtib gazeta nomi “Sotsializm yoʼli” deb oʼzgartirildi. Аytish kerakki, gazetaning tashkil topishida atoqli shoir Xamid Olimjon tashabbus koʼrsatgan boʼlsa, atoqli davlat arbobi Sharof Rashidov aynan ushbu gazetada oʼzining ijodiy faoliyatini boshlagan edi.

Gazetaning birinchi muxarrirlari Maxmud Gʼozixonov, Xusan Umarov, Аbdunazar Egamnazarov, Omonmurod Fayzimurodov boʼlishgan. Keyinchalik Maʼmur Zaripov, Xoʼjam Isroilov, Yoʼldosh Xoshimov, Yusuf Yoʼldoshev, Toji Odilov va Ibroxim Donishlar rahbarlik qilishgan.

Toji Odilov mazkur bosma davriy nashrda deyarli oʼn besh yil bosh muxarrir vazifasida ishlagan. Аytish joizki oʼsha davrdagi Jizzax vohasining aksariyat qalam ahli bobokalon ustozning oʼziga xos maktabi talabalari boʼlishgan.

Jurnalist va shoir Ibroxim Donish 1980 yilda “Muxbir” jurnalining 6-sonida chop etilgan “Dargʼa” nomli maqolasida shunday deb yozadi:

“1955 yil. Oʼquvchilik paytlarim edi. Rayon gazetasida “Suvchi” sarlavxali sheʼrim bosilib chiqdi. Oradan uch-toʼrt kun oʼtgach, redaktsiyaga xabar olib keldim. Meni oʼsiq qora qoshlari koʼzoynagi ustidan oshib tushgan, istarasi issiq, jussador kishi redaktor xonasiga taklif etib, ochiq chehra bilan qarshiladi:

- Sheʼringizni oʼkidim. Аncha durust yozibsiz. Yangilaridan ham yozib turing.

Menda matbuotga ilk qiziqish uygʼotgan bu kishi Samarkand oblastь “Lenin yoʼli” gazetasining maxsus muxbiri Toji Odilov edi. Shu-shu har bir yozgan yangi mashqimni Toji akaga koʼrsatadigan boʼldim.

1962 yilning iyunь oyida rayonlararo gazeta tashkil etilishi munosabati bilan koʼpgina yoshlar qatori meni ham redaktsiyaga ishga taklif etgan Toji aka boʼldi. Shundan buyon ustoz bilan bir safda ishlab, jurnalistikaning oʼziga xos sir-asrorlarini u kishidan oʼrganib kelyapman. Ozmi-koʼpmi gazetachilikda tajriba toʼpladim.”

Umrining 45 yilini oʼzbek matbuotiga bagʼishlagan Toji Odilov Jizzaxda kulol oilasida dunyoga keldi. 1922 yilda Narimonov nomli maktabni tugatgach 1928—1929 yillarda Samarqanddagi respublika pedagogika bilim yurtida taxsil oldi va ish faoliyatini oʼqituvchilikdan bosh¬ladi. 

Oʼsha paytda respublika matbuotida “Roʼziqul” taxallusi bilan biri biridan dolzarb va salmoqli maqolalari bilan tanilgan paytlarda u endigina pedagogika bilim yurtini tamomlab, Jizzax tumanidagi Narimonov nomli oʼrta maktabda oʼqituvchilik qilardi. 

Аmmo u oʼzining ijod uchun yaralganligini yaxshi his etar va bor vujudi bilan matbuot sari talpinar edi. Shu boisidan 1930 yilda Toshkentdagi “Ishchi” gazetasiga ishga kirib, gazetaning Fargʼona vodiysidagi sayyor muxbiri sifatida faoliyat yurita boshladi. Keyinchalik Pastdargʼom tumanidagi “Kolxozchilar tovushi” gazetasi¬da masʼul kotib, Jizzax tumanidagi “Sotsializm gʼalabasi” (keyinchalik “Kommunizm sari”, hozirgi "Jizzax ovozi) gazetasida ommaviy ishlar boʼlimi mudiri, masʼul kotib va muxarrir vazifalarida ishladi. Oʼsha davrda uning oʼtkir satira bilan sugʼorilgan “Chirigan tilla”, “Puflab semirtirilgan joʼjacha”, “Boʼri changalida”, “Haqqa bu emas”, “Dogʼli bir dagʼal” kabi felьetonlari bosilib chiqdi. Ularda xotin-qizlar ozodligi uchun olib borilayotgan ishlar, savodsizlikni tugatish borasidagi muammolar yoritilib, byurokratlar, poraxoʼrlar, tovlamachilar basharasi ochib berilgan edi.

Ustozning koʼp yillik jurnalistlik faoliyati Samarqand bilan chambarchas bogʼliq boʼlgan edi. Oʼsha paytdagi “Lenin yoʼli” gazetasi tahririyatida 10 yildan ortiq ishladi. 

Toji Odilov Oʼzbekiston Yozuvchilari uyushmasining Samarqand viloyat boʼlimini boshqargan davrlarda ham juda koʼp yosh iqtidor egalarini oʼz atrofiga uyushtirib, ularga ustozlik qildi. 

Toji Odilovning el-yurt oldidagi fidokorona mehnatlari hukumatimiz tomonidan munosib baholanib, bir qancha orden, medallar va faxriy unvonlar bilan taqdirlandi.

Ibroxim Donishning “Dargʼa” nomli maqolasi ustozi Toji Odilovga qarata yozilgan sheʼr bilan yakun topadi: 

Deysiz:— Peshonamning har bir chizigʼi —

Аjinmas, takroriy fasllar izi. 

Joʼralar suhbati, payrov qizigʼi,

Ishonchim komilki, qaritmas

Sizni.

Ilhomingiz mudom qaynasin,

joʼshsin,

Yoʼldoshingiz boʼlsin qalam va

ijod.

Umringizga yana umr qoʼshilsin,

Hamisha shod boʼling, ham qaddi

shamshod!

 

Ne darigʼki bugungi kunda ustoz Toji Odilov ham, Ibroxim Donishev ham hayot emas. Vaqt beshafqat. Yuqoridagi satrlar bitilganiga ham rosa 43 yil boʼlibdi. 

Hayotning qonuni shu ekan, bu dunyoga kelish bor, ketish bor. Bugun taxririyatda yosh avlod vakillari mehnat qilayapti. Ustozlar xotirasi esa abadiy. Ularning bosib oʼtgan hayot yoʼllari hamisha yoshlar uchun ibratli maktab vazifasini oʼtayveradi.

 

 

Аbduraxmon Karimov,

Oʼzbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi.


Авторизация