YANGI O‘QITUVCHI

Sinf xonasida biri tetik, biri anqov, biri kamgap bo‘lsa boshqasi sergap  xullas, yolg‘onlar-u, g‘irromlik neligini hali bilmaydigan, sodda va beg‘ubor bolalarning qizg‘in suhbati avjida... 

Ular bu yil maktabni bitirishadi.

Ajib muhokama ketmoqda, ya’ni ularni nazorat qilish uchun yaqin orada "yangi" muallim kelyapti, shuning muhokamasi... Qizig‘i shundaki yangi muallimni sinfdagilarning hech biri hali yaxshi bilmaydi.

-Kim taniydi bu muallimni, qanaqa ekan o‘zi, ishqilib urmasmikan? - dedi sinfdagi eng to‘polonchilardan biri.

-Bilmayman - dedi kimdir.

-Ajoyib domla ekan ! - dedi yana birov.

-Eng yaxshi ustoz, tengi yo‘q muallim bo‘lsa kerak, - deya qoshlarini chimirdi bir qiz.

-Eh, kimga qanday, hammasi o‘zlaringga bog‘lik, u kishi bilan yaxshi muomila qilib ish tutishimiz kerak, uni yaxshi bilmayman-u, har holda adolatli ekanini sezyapman. Yaxshi bo‘lsang - mehribon, yomon bo‘lsang... yomonda, - deya dona, dona so‘zladi sinf sardori.

-Pul yig‘avermasmikan ishqilib?... - Eh, kaniydi, har kuni pul berib tursada! - ishshaydi Boybo‘taboyning bolasi.

-U o‘ta jirkanch! - baqirdi birov... - hammaning hayratli nigohi eng orqada o‘tirgan, ust - boshi betartib - Albek alkashning o‘g‘liga qadaldi.

-Ha-a, - davom etdi u, - dadamdan eshitganman, - U - JIRKANCH va OLCHOQ! - dedi u qat’iy ohangda.

-Ja - a, unchalikmasdirov... - e’tiroz bildirdi qizlardan biri.

-Jirkanch ekanligini bilmaymanu, lekin U bevafo ekan, hech kimga do‘stlik qilmas ekan, - deb fikr bildirgan bo‘ldi yaqinda ishdan haydalgan bank boshlig‘ining o‘g‘li Azizbek.

Sinfda yana g‘ala - g‘ovur avjiga chiqdi.

-Muncha tortishasanlar bilmagan odamni unaqa – bunaqa deb, fol ochyapsilarmi? - folbinlik ham evi bilan-da!.. Oldin kelsin - ko‘raylik, sabr qilinglar axir! - deya tortishuvlarga nuqta qo‘ymokchi bo‘ldi Sobir mullaning o‘g‘li Solih.

Nihoyat muhokama qilinayotgan MUALLIM paydo bo‘ldi. 

U ZALVORLI, U SIRLI EDI...

-Tortishuvni bas qilinglar! - dedi U qat’iy, - BAS YETAR! ENDI YOSH BOLA EMASSANLAR, SЕNLARNI YAKKA O‘ZIM IMTIXON QILAMAN!!! Darvoqe, o‘zimni tanishtiray Men - HAYOT ODILOVMAN - dedi- yu bolalarga quchog‘ini ochdi.

O‘quvchilar HAYOT MUALLIMNING QUCHOG‘IGA SINGIB KЕTISHDI... 

Ziyo Astanaqulov.


Авторизация