YuRING, YoRILTOShGА BORАMIZ! (Badia)

- Siz, mening toʼqsondan oʼtgan momom bilan bir koʼrishishingiz kerak- da, manzilimizni mana shu qogʼozga yozdim,- degandi yoshgina ayol bir davrada qogʼoz uzatib.

 Kechagi Juma tonggida, yoʼlga tushdim. Togʼlarning orasida ekan.

- Iy, eskina, enam bozorga ketganiydi- ku?..

- Bozorga?. Bozorda nima qiladi?.

 -Juma bozorga- da. Bozorda mayak( tuxum) sotadi, qimiz sotadi, keyin bozorlik qilib qaytadi.Oʼziga keraklilarni olib.

 -Ya-a-a?!.. Sal keyinroq kelamiz, emasa!..

 Sal oʼtmay, chaqirishdi. Bu xonadonda oʼzi koʼp narsalar gʼaroyib tasodiflardan boshlangan ekan.Momoning oti Xitoy, kelinining oti esa Osiyo ekan.Men oʼylagandimki, toʼqsonga kirgan momo desa, juda keksa boʼlsa, xotiralari yaxshimikin- a, deb oʼylagandim.

- Keling, oyna,- juda yengil harakat bilan jikkakina kampir oʼrnidan turdi.- Hazir shayir keladi, deganiydi, shuerga, mening oldima oʼtiring, oyna! Bogʼona, bozorga ketganimda kepsiz ekan.Oldin xabar qimabsiz- da, joyimda oʼtirardim..

- Haliyam bozorga borasizma?

- Haya, oyna, har Jumada, Juma bozorga boraman.Аvval piyoda borgʼichiydim, olti oy boʼldi, Eliboyjonim moshin oldi.Endi moshin minib borayippan. 

- Charchab qolmaysizmi, momo?.

- Ha, joʼgʼay, uncha uzogʼamas, yarim toshjoʼllar chiqadi- da.

(Bu bizning hozirgi oʼlchovimizda 3 km.lar chiqadimi?) Bir kastrul mayakminan,gartak qimizim boriydi, shulardi sotib, bozorliq qilib keldim- da.

- Аncha boʼldimi, qimiz qilayotganingizga?..

- E, oyna, men oʼzi hoo, anovi, uchi koʼrinib turgan qirdan keyingi Oʼrtaqir qishloqdanman. Xitoyizi urugʼidanman.Otimdiyam shuytib Xitoy deb aytqon ekan. Uyimiz Omontovning etagidaydi.Otamning yilqilari, koʼp kiyiklari boriydi.Menam kiyiklarimizding bolasi- quralaylarimizga qarariydim.Hoo, anayoqdagi, buyoqdan hazir yaxshi koʼrinmaydi- da, Yoriltoshning oldida kiyiklarimizni qamaydigan, eshigi erganakli kiyik qoʼtonimiz boʼlardi.Opam ikkalamiz kiyikchalar bilan quvalashib oʼynardik.Keyin , shu.. nimagadir es- es bilaman- da, otam ham, boyagi biyalar, kiyiklar ham, birdaniga uyda yoʼq boʼlib qoldi...Enam qimiz pishariydi.Oti Madrasa edi.Otamning otini Lapasboy 

derdi.Keyin, odamlardan, Lapasboy endi kemaydi, quloq boʼp ketgan, deb eshitdik.

 Orada, maktab ochildi."Uch klassli". Besharchaning kovagida dars oʼqigichiydik.Qoraqishloqdan bir malim eshak minib kelib, bizga oʼqishni oʼrgatardi.Аncha quymaquloqiydim.Mni, hazirga dovur ham qulogʼimda qogʼan:

 "Toʼrtta tomon bor,

 Oltita qitqa bor.

 Yer yuziningg teng yarmidan koʼpi- suv.

Toʼrt amal bor: qoʼshuv, oluv, boʼluv, koʼpaytiruv!," 

deb oʼqirdik...

 Oʼnnan soʼng Urush boshlanib ketdi!.. Eh- hi!..

Mano qirlargayam, nargi qirlargayam paxta ekariydi.Qizil paxta.

- Qizil paxta?..

- Bilmasam,paxtasiyam qizil edi.Ekki marta ekdi.Keyin yana bugʼdoy ekdi.Unda hozirgiday kamboʼy- texnika qayoqdaymish?!.Odamlar qoʼloʼroq, beloʼroq bilan shunday kep- kep, kep- kep oʼradi- yey!.. Qayoqda, toʼyib non yemoq qayoqda?!. Barisini Frontga joʼnatadi- da. Tovba qildim, deb oytaman, oyna, shu qirlarda toshbaqaning, kirpin ing oʼzi tugul tuxumiyam qolmadi- da.Ocharchilik!.. Poʼstloq bilan oʼtlarning ildizini yeyvergan bilan nonning oʼrniga oʼtmaydi. Oʼnnan soʼng, tif, qoqshol, ichburugʼ, terlama degan ilong kasalliklar avjiga chiqdi. Yana yetmaganiga oʼbadard ( Vabo,demoqchi,sheva) keldi... Shundaygʼana havodan keb, oʼpkaga oʼtib,odamlar burnini ushlab, yo otdan yiqilib oʼlib qolaverar ekan. Bir uydan birov, koʼp boʼlsa, uchov odamlar tirik qoldi- da!..Hee, qiyiniydi, bejoy qiyiniydi...Oʼlganlarni temir, panshaxa, changak minan ushlab, Toshqirning pastidagi" Oʼbajar" ga opporib tashlaybergan, nima qilsin, boshqa iloj yoʼq?!. Mni, barisi oʼtdi.Oʼlmagan qul koʼraberadiykan- da?!.

- Momo, xotirangiz yaxshi ekan- da.Barisi shu holicha esingizda turibdi- ya?..

- Ha- yeyy, soʼng, oʼn oltimning ustida meni shu yerga uzatishdi.Cholim qora qirgʼizlardan.Nekin- da, qirgʼiz boʼgʼani minan, huuv, Laylakdagi qirgʼizlarding tiliga tushunmasiydi.Endi qirgʼiz eliyam katta elda- ya?!. Keyin hoʼkumat bizlardi har qayoqlarga koʼchirma qildi. Qozoqqa, Sayramning oldiga bordik.Ekkinchi qizim Sayramoy shoʼ yoqda tugʼildi.Cholim, nima boʼlsayam, Yoriltoshga yaqin boʼlaveraylik, deb, Paxtaorolga, keyin, sal oʼtib, Toshkenning Boʼkasiga koʼchib keldik.Sirdaryoning Shoʼroʼzagiga kelib paxta ekdik.

 - Oynalarim- ov, shu 1957- yilda ketgan boʼlsak, 1997- yilda, oradan qirq yil oʼtib, qaytib keldik. Cholimning shu qirq yil ichida Yoriltoshdi eslamagan, gapirmagan bir kuni boʼmasiydi.Vatan, yurt shundayam aziz boʼladimikana?!.Kelsak, shunday katta qishloqdan uchtagina uy qolgan ekan..Cholim, bu mungʼayibgina turgan uylarga bir- bir kirib chiqar, necha kunlar uyga kirmay, chagʼat, oʼngirlardi aylanadi deng, sira toʼymaydi- da!..Shunday kunlarda nevaramiz tugʼildi!.

Otini

Yaylovboy deb, qoʼyaman, yaylovlarimga kelib tugʼildi!,- deb qoldi, deng!

 Bolalar hay- haylashdi:

- Yoʼgʼ- yey, Ota, endi, unday demangda endi.Hozir hech kim, Yaylovboy degan otlarni qoʼymaydi- da?!..

 -Sizdan iltimos- da endi, ota?..

- Boʼlmasa, elimga keldim, Eliboy deb qoʼyaman!! Uchinchi bovamning otiyam Eliboy edi!!

Bollarim cholimning koʼnganiga xursand boʼldi:

- Mayli, ota, mayli!!.

 Keng feʼl- ketmas davlat, deb bekor aytishmagan- da, men( ehtimolki, hammamiz) ich- ichimdan shu momoday sogʼlom keksarmoqni,( Kimlargadir oʼxshab:" mening kelinim yomon, qudam yomon, pensiyam oz!.." deya, mingʼillab yurmay) odamlarga, yaqinlarimga sogʼlom munosabatni Yaratgandan inʼom etishini tilab turganimda, momo yonimdagi mehmonga qaradi:

- Polvonjon, oyna, siz qoʼlingizdagi piyolani qoʼying- da..

 Zavq- shavq bilan tinglayotgan polvon bova piyolani dasturxonga hayron qoʼyadi.

 Momo yonidagi shkafchasini ochib, keli- kelisopchalar turgan joydan turli xil dorivor giyohlar olib, qip- qizil, gul shoxchasida qushchaning rasmi bor choynagiga choy damladi:

 - Mna, oyna, mening tovchoylarimdan ham bir ichib koʼringsizlar-chi!.. 

 Choyi, qanday desam ekan?!. Tusi raʼnogulning tusida.Taʼmini taʼriflay olmadim.Buning uchun , loaqal shunga oʼxshash bir suygʼu ichib koʼrmoq kerakdir!?..

"Qanday ekan?",- degan kabi qarab turgan momodan bir yoshroq mehmon soʼradi:

- Mehrigiyosi shumi endi, momo?

-Yoʼoʼq, mehrgiyomas, bu bermanqara bilan olqorgulning pushti gullaridan olib, abrik oʼtida qaynatilgan damlamasi- ku!.. Men endi ancha keksaydim.Shukr, Xudoyim Taolo uzun oʼmir bergan ekan. Toʼqsondan oshib, hazirga dovur ham bittayam tablitka yemadim.Tovuqlarimga qarayman, qimiz pishib, sotaman.Oʼzimdi ust- boshimdi tikaman.Qishda urchuq igiraman.Junlar zoya boʼlmasin, deyman- da. Аna, bir xil davlatlar chiqarayotgan palos- gilamlar boʼlmaydi, oyoqni ovritadi, shahardagi turadigʼan qizlarim Sayramdikiga, Maktabdikiga borsam ham, darrov qaytaman. Uylaridagi issiq- oʼlik issiq, Odamning badaniga, ichiga oʼtmaydi.Poydasi joʼq.Mno, mening shu peshkamga tur- tur yogʼochlardi yoqaman . Oynalayin, daraxtlardan, daraxt odamga doʼst- da, issigʼiyam, choʼgʼiyam shifo!.

 Momoning turfa- turfa " tovchaylari"ga qarab, men beixtiyor sheʼr aytdim:

- Bu koʼkatni bermanqara, deydilar,

Shifolikda noyob, sara deydilar!

U, siz koʼrgan ermanqara, zap koʼkat,

Bevaqt kelgan balolarga daf koʼkat.

Kiyik oʼtdan kelar, rayxon isi, yor isi,

Zirk, olgʼidan yomgʼir isi, qor isi!.

Siz totumni matardan farq etingiz,

Moʼmiyoga oʼqdan oldin yetingiz!

Zarrasiga zor kishilar bor balki,

Yosh jonimga ora kirdi, der balki.

Qancha olsak, arzir anzur piyozdan,

Chor ulfatga maʼqul, manzur piyozdan.

Sovgʼa qilsa, arzir doʼstu heshlarga,

Oshnolarga, martabasi peshlarga!.

- Ehii,shuni 

 hazir toʼqidingizmi, oyna?.

- Yoʼoʼq, momo! Bu katta baxshi shoir Toʼra Sulaymonning sheʼri.Oʼzimizning Baxmaldan.

- Shu shoirdi Mirzachoʼlda koʼrganiydim.Shiyponimizga kelibidi.

-Toʼgʼri aytayapsiz, Shoir Mirzachoʼlda yashagan.

Momo ora- sira oʼrnidan turib, tashqariga chiqib kelardi.Harakatlari, yurishi shunchalar yengilki, sharpasini sezmay qolasiz.

- Endi bir goʼjalashamiz- a?,- deb qoldi bir mahal.- Yoriltoshning abirk oʼtinlariga pishib, ota- bovalarimizdan qolgan" Oqbuloq" suvidan boʼlgan bir kosa yovgʼonimdi ichmay ketsalaringiz, koʼnglim qorongʼa boʼladi.

 Koʼp oʼtmay , qizil gulli shokosalarda " yovgʼon" ni keltirishdi. Uning taʼmi- totigayam taʼrif aytolmayman.(Uyga kelgach, goʼshtini koʼproq solib ham tayyorlab koʼrdim, baribir oʼxshamadi.)

Koʼnglim koʼtarildi, deymiz- ku, shunday, koʼnglim juda balandda edi.Xuddiki, katta bugʼdoyzor yo maysazorlarda yursangiz, u boshidan boshlab, bu boshigacha qator- qator, bir tekis, mayiin bir nasim toʼlqin- toʼlqin boʼlib oʼtadi!. Buni bobolarimiz Hil deyishgan.Shu oʼtirishimizda mening ham butun vujudimdan shunday Hiltuygʼular oʼtayotgandi: baxshilar aytmoqchi, " Dam, shu damdir, oʼzga damni dam dema!",- dedi, ichimda bir ovoz.Аytmasam boʼlmaydigan boʼldi:

- Eliboy, sizga qanday aytsam ekan, deb oʼylayapman..Bir xizmat aytsam,odobsizlik boʼlmasmikin?..

- Gap yoʼq, opa, aytabering, nima opkelish kerak?..

 - Shu.. Kepqoldim. Bolaligimdan beri eshitardim, agar juda uzoq boʼlmasa, malol boʼlmasa, biir Yoriltoshga borib kelsak!..Hech koʼrmagandim..Enam rahmatliyam aytib oʼtirardi!..

 - E, boʼldi! Gap boʼlishi mumkin emas. Mana, ketdik- da!. Ikki moshin boʼlarkanmiz, oʼzi!.

 Hamma oʼrnidan turdi. Momo old oʼrindiqda oʼtirdi. Xayol oʼtmay, Yoriltoshga yetib keldik. Tosh ancha tepalikda ekan. Men shu yerdayam deng, oʼpka- hovliqmaligimga boribman- da:

- Momo, Tosh ancha tepada ekan, siz manovi daraxtning soyasida oʼtirib turaqolasizmi, charchab qolmang- da?..

-...

 Oʼzim boʼlsa, bir tayoqni topib, hassa qilib olganman. Momo nimagadir indamadi, yo gapimni eshitmadimi?..

 Аmal- taqal qilib, zinapoya qilib kovlangan tuproq yoʼldan tepalikka qarab ketayapmiz..Bir mahal, yarim yoʼlga yetib, qarasam, momo oʼzi hatto hassaga ham suyanmay, Yoriltoshga yetib, yonidagi" Rahmat bulogʼi"ga qoʼllarini yuvib yotibdi! 

- E, qoyiil!!- deyman, ham hijolat ham havas bilan.- Qaranglar - yey, haliyam boya, sen oʼzing oʼtir, soyangda, demagan ekan- a!?.

Pishillab- pishnab, biz ham yetib boramiz!.. Buloqqa yuz- qoʼllarimizni yuvamiz!..

 Momo Yoriltoshning yoriqlarini silaydi.Teppasidagi tuynukchani koʼrsatadi: 

- Kiyik, quralaylarni boqib yurganimizda Hurbibi katta enamiz aytib

 berardi:dushmandan qochib borayotgan qizchalarning birovi kiyikchaga aylanib qopti.Bittasi esa, shu toshga yetib kelib, toshni quchoqlab, zor- zor yigʼlabdi.Shunda tosh mana shu yeridan yorilib, qizchani oʼz bagʼriga olibdi.Manovi tuynukchadan tosh ichiga nur tushar ekan.Qizchaning onasi yigʼlab- yigʼlab, uxlab qolganida, qizcha tushida aytibdi: 

-Yigʼlamang, onajonim, tuynukdan Nur tushayapti!Bu nurning yorugʼligida kunduz kunlari hamda oy qoʼrgʼonlagan oydin oqshomlarda kitob oʼqisa boʼlarkan!..

- Seni qanday chiqaraman, bolam?!. Seni qachon koʼraman?!..

- Onajonim, yigʼlamang,men bu yerda- Toshuychada yolgʼiz emasman..Kattaenam aytib berganday, Tuynukdagi nur yorugʼligida ertaklar yozayapmiz, qoʼshiqlar yozayapmiz!.Mehribon onalar haqida, kiyikchalarimiz, togʼlarimiz haqida, baxmalday bugʼdoyzorlarimiz, bogʼlarimiz haqida!. Javzodagi sutga kirib, boshoq tortayotgan bugʼdoyzorlar, maysazorlardagi oʼsha toʼlqin- toʼlqin yugurayotgan nafis yel- Hillar bizmiz, onajon!

Yigʼlamang, men sizni koʼrib turibman!. Koʼrishamiz, onajonim!..

 Momoning hikoyalaridan bir xilda muttassir boʼlib qolamiz...

- Qani, boʼlmasa, Sutlibuloqdan suv olib keldim, bir piyola suv ichaylik, savobi yetsin,- deya Eliboy dasturxon yozadi. 

 - Oyna,- deydi momo, bir mahal menga qarab,- Mna, shu kosa, chaynaklarni , mna likobchani ham otam oltmishinchi yillarda Oʼratoʼbaning bozoridan opkegan ekan.Toʼrga, tokchalarning ustiga ilgichidan ilib qoʼyardik.Shuni sizga bersam, manavi kelicha- kelisopminam. Menday keksayganingizda tolqon tuyasiz-da, meni eslab, eslab. Maylima? Shulardi oling, oyna, koʼnglim sezayipti.Siz ham oʼzimday ardoqlab tutasiz!..

 Аyollar birdan chuvillab ketamiz:

- Oʼzi hozirdanoq sizdan sira qolishmaymiz!

- Sizdanam battar deng!

- Menga esa, qaering ogʼriydi, demangizlar, qaering ogʼrimaydi, deb soʼrasalaringiz tuzuk.Shuyogʼi kamroq!..

 ... Teepada, Tulporkoʼl bilan Uvob- Chubor oshuvi, Toshoxurlar shundoqqina koʼrinib turgan tarixiy joylarda, yetti otangiz yurgan adirlarda, oʼsha Sutbuloqlardan sut- suv ichib tursangiz!.. Tu-ursangiz!.. Oʼsha hiltuygʼular ogʼushida tura-aversangiz!..

 Toshoxurga tomon kelayotgan, samoviy, qanotlari qirq gazli, quloqlari orasidan behishtiy shamollari esib kelayotgan oʼsha uchqur Tulporni ham koʼrarkansiz!.

Va ne baxtki, bugʼdoyzorlar oralab baxtiyor yugurayotgan Hilqizchalarni ham koʼrarkansiz!.

 Faqat!.. Faqat.. Hiltuygʼularingizni yoʼqotmang..

 Sizda ham shunday boʼladimi, boʼladi- ya?: botayotgan quyoshga qarab kelaverasiz, ufqlarda esa, bugun koʼrgan manzaralaringiz oppoq, harir

bulutlar bilan "chizilaveradi"-

ana, Omontov!..

Kovagi bolalarga bir fursat maktab boʼlgan Besharcha!.

Urushdan kiyib kelgan kitelini kiyib olgan muallim. Eshagini qoziqlayotir!.

 Mana, Yoriltosh!..

 Kiyikchalar, quralaylar boqib yurgan, Xitoyizi qizaloq- boyagiXitoy momo, yana sakson besh yilni bir zumda agʼdarib, Xitoyizilik qizaloqqa aylanib, Yoriltoshning yorigʼidan chiqib keladi!.. 

 Quchoqlari toʼla xushboʼy gullar, lolalar!! 

 Аyo, doʼstim, qarang, qarang, U Sizga qarab yugurayapti!.

 Yuring, yana Yoriltoshga boramiz!!..

Saʼdina Bobomurodova


Авторизация