INSONIYAT TАRIXINING АJRАLMАS QISMI

  Tasviriy sanʼatning oʼziga xos tomoni shundan iboratki, u fandan farqli oʼlaroq voqea va hodisalarni tushunchalarda emas, balki sezgi va his bilan idrok qilinadigan shakllarda, tipik-badiiy obrazlarda ifodalaydi. Maʼlumki, har bir jamiyat tuzilmasida sanʼat rivojiga oʼzining maʼlum iqtisodiy-siyosiy pozitsiyasidan turib sharoit yaratiladi. Shu boisdan har bir jamiyat sanʼati oʼsha oʼz davri talabiga xizmat qiladi. Sanʼat qaysi jamiyatga, qaysi sinfga va millatga xizmat qilishiga qarab, uni sinfiy va milliylik xususiyati belgilanadi. Tasviriy sanʼat - xalqlarning oʼtmishi, hozirgi kuni va kelajakdagi hayotini ifoda etuvchi, shuningdek, tabiat va jamiyatni tasvir etuvchi oʼziga xos koʼzgu boʼlib xizmat qiladi. Biz undan oʼtmishni bugunni va kelajakni koʼramiz.

  Insoniyatning mehnat faoliyati, eʼtiqodlari, diniy qarashlari zaminida tasviriy sanʼat paydo boʼlgan va rivojlangan. Tasviriy sanʼat inson faoliyatining maʼlum sohasiga aylanib, siyosiy, maʼnaviy va estetik qarashlarini aks ettiradi. Masalan, qadimgi Misrda tasviriy sanʼat xudolar darajasiga koʼtarilgan firʼavnlarni ulugʼlash quroliga aylangan edi. Yunonistonda tasviriy sanʼat jamiyatning erkin fuqarosiga qaratilgan va antik mifologiya gʼoyalarini plastik moddiylashtirilgan koʼrinishida kamol topgan boʼlsa, qadimgi Rim realizmida esa murakkab inson jismi namoyon boʼldi.

  Insoniyat sivilizatsiyasining muhim oʼchoqlaridan hisoblangan Oʼrta Osiyo, uning ajralmas qismi Oʼzbekiston hududida ham tasviriy sanʼat ijtimoiy hayotda muhim oʼrin egallab, davr hamda inson tafakkuridagi nozik oʼzgarishlarni oʼzida aks ettiradi. Zarausoy rasmlari, Xorazm, Sugʼd, Baqtriya mahobatli haykal va rangtasvirlari shuning dalilidir.

  Tasviriy sanʼat — rangtasvir, haykaltaroshlik, grafikani birlashtirgan nafis sanʼat turi boʼlib, voqelikni koʼrgazmali obrazlarda aks ettiradi. Tasviriy sanʼat turlari oʼz xususiyatlariga qarab real borliqning mavjud sifatlari — hajm, rang, fazo, shuningdek, predmetning moddiy shakli va nur-havo muhiti, harakat va oʼzgarishlari hissini yaratadi. Tasviriy sanʼat insonning ruhiy qiyofasini, uning oʼzgalar bilan oʼzaro munosabatlarini, holatning psixologik va emotsional mazmunini ham yoritadi. Baʼzan mavjud boʼlmagan, rassom tasavvurining mahsuli boʼlgan obrazlarni ham yuzaga keltiradi. Insoniyat tarixidagi turli davrlarni aks ettiradi. Davrning faqat hissiy holatigina emas, balki uning gʼoyaviy mohiyati, siyosiy, falsafiy, estetik va etik gʼoyalari ham tasviriy sanʼatning mazmuniga aylanadi. Tasviriy sanʼat obrazlarining koʼrgazmaliligi rassomga hayotning muayyan hodisasiga oʼz munosabatini yuksak darajada ifodalashiga imkon beradi. Shu tufayli hayotni bilishning faol shakli sifatida jamiyatning ijtimoiy hayotida, maʼlum tizimning ommaviy ongini qaror topishida muhim rol oʼynaydi. Olamni bilishning shakllaridan biri sifatida ijtimoiy ongni shakllantiradi hamda xalq orzu-umidlarini ifodalash shakli sifatida ham katta ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy sharoitda umumgʼoyaviy kurashlarning bir boʼlagi sifatida namoyon boʼladi.

  Shu bois, pedagogika oliygohlarining tasviriy sanʼatga ixtisoslashgan yoʼnalishlarida talabalar rasm chizish sirlarini oʼrganish bilan birgalikda sanʼat tarixini ham oʼrganadilar. Bu fan ikki tomonlama ahamiyatlidirki, birinchi tomonidan umuman tasviriy sanʼat tarixi yuzasidan talabalarga bilim berilsa, ikkinchi tomondan ularning estetik didlari, dunyoqarashlarining rivojlanishida katta ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birgalikda unutmaslik lozimki, sanʼat tarixi insoniyat tarixining ajralmas qismidir. Zero sanʼat tarixini chuqur bilgan inson kishilik tarixi toʼgʼrisida ham nihoyatda keng tasavvurga ega boʼladi. Zero, suratlar, haykallar, noyob meʼmoriy obidalar oʼz davri va ular joylashgan mamlakat tarixini oʼzida aks ettiradi. Shu bois talabalarga sanʼat tarixi borasida chuqur bilim berish nafaqat ularni mazkur fan boʼyicha bilimlarini boyitadi, oʼtmish tariximizni chuqur oʼrganishlariga ham yordam beradi.

 

Maftuna Raxmonova,

JDPU, Sirtqi boʼlim,

Tabiiy va aniq fanlarda masofaviy taʼlim kafedrasi oʼqituvchisi.


Авторизация