Fuqarolik jamiyati bo‘lgan - odil jamiyatni qurishda mustaqillik mafkurasining bosh g‘oyasi bilan birga, uning asosiy g‘oyalaridan hisoblangan komil inson g‘oyasiga ham e`tiborni qaratish lozim. Bu g‘oya buyuk ajdodlarimiz - Àbu Nasr Forobiy, Àbu Àli ibn Sino tomonidan ilgari surilgan bo‘lsa, keyinchalik buyuk mutafakkir, so‘z va g‘azal mulkining sultoni Àlisher Navoiy hazratlari tomonidan ham ko‘tarib chiqilgan.
Hazrat Mir Àlisher Navoiy dunyoqarashining asosida "vag‘dat-ul vujud" (panteizm) ta`limoti yotadi. Ya`ni shariatga, tasavvufga bo‘lgan munosabatining favqulodda jihatlari, oriflik dunyoqarashi va axloqiy didaktik pozitsiyasi, fozil jamiyat, komil inson va shaxs to‘g‘risidagi bir butun nazariyani tashkil etadi. Zero Alisher Navoiy o‘z asarlarida hamisha insonni, insonparvarlikni madh etgan mutafakkirdir. Shuning uchun ham ulug‘ alloma o‘z davrining buyuk gumanist shoiri ham, deb ta`riflanadi.
Àlisher Navoiy o‘zining "Hayrat ul-abror" asarida barcha narsa - hodisalar, butun tirik mavjudot, xususan inson ham Alloh tomonidan yaratilgan, bularning barchasi ichida inson eng azizi va mo‘tabaridir, deydi:
"Jilvai husniga chu yo‘q erdi had,
Ko‘zgu kerak bo‘ldi anga beadad.
Ochti gulshanniki rangin erur
Har gul anga oyinai chin erur.
… Shuncha g‘aroyibki misol aylading,
Barchani miroti jamol aylading.
Ganjing aro naqd farovon edi,
Lek boridan aziz inson edi".
Ya`ni, Àlloh o‘zining hadsiz ulug‘ligi, qudrati, go‘zalligini namoyish etish, muayyan bir ko‘zgu vositasida tomosha qilish, huzurlanish maqsadida insonni yaratdi, deb ta`kidlaydi hazrat. Bu bilan Àlisher Navoiy, inson tiriklik olamining gultojidir, shuning uchun ham u har qanday maqtovga, olqishga loyiqdir, deydi. Navoiyning ta`kidlashicha, inson hamisha komillikka intilgani, yaxshi fazilat va xususiyatlarga egaligi, axloq - odob va nafosatda ibrat ko‘rsatgani uchun davlat va jamiyat ravnaq topadi.
U o‘zining "Mahbub-ul qulub" asarida o‘z zamonasi bilan hamnafas bo‘la oladigan va doimo komillikka intilib yashaydigan insonni axloqiy namuna, deb biladi. Chunki har bir inson faqat o‘z zamonasidagina mavjud va shu mavjudlik doirasidagina biror ish qilishga qodirdir.
Mustaqillikkacha bo‘lgan sho‘rolar davrida jamiyat manfaatlarini shaxs, alohida olingan inson manfaatlaridan ustun qo‘yish yaqqol namoyon bo‘ldi. Shaxs manfaatlarini, uning dunyoqarashi, hayotiy pozitsiyasi, orzu-umidlarini hisobga olmasdan turib, uning sha`nini mensimasdan turib hech narsaga erishib bo‘lmaydi.
Bugungi kunga kelib insonning sha`ni, milliy qadriyatlari, ya`ni keng ko‘lamdagi inson omilining rolini faollashtirish zarurligini tushuna boshladik. Fuqarolik jamiyatini shakllantirishda inson omili muhimligini anglab yetdik. Bundan ming yillar oldin ko‘tarilgan fozil jamiyat va komil inson g‘oyalari hayotimizga yangidan kirib keldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z lavozimiga kirishish tantanali marosimidagi nutqida alohida ta`kidlaganidek, endilikda mamlakatimizdagi barcha darajadagi hokimiyat idoralari faoliyatida "Inson qadri uchun" degan ustuvor tamoyil bosh mezon bo‘lib qoladi. Davlatimiz rahbari urg‘u berib aytganidek, "Biz bundan buyon faoliyatimizni "inson - jamiyat - davlat" degan yangi tamoyil asosida tashkil etamiz".
Shu jihatdan Àlisher Navoiyning komil inson haqidagi fikrlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Uning ta`kidlashicha, "komil inson bir ideal, barcha dunyoviy va ilohiy bilimlarni egallagan, ruhi mutlaq ruhga tutash, fayzu karomatdan serob, suratu siyrati saranjom, qalbi ezgu tuyg‘ularga limmo - lim pokiza zotdir".
Boshqacha aytganda:
"Foniyvasheki, ham so‘zidir pok, ham o‘zi,
Xush davlat ul kishigaki, tushgay aning ko‘zi".
Mir Alisher Navoiyning komil inson haqidagi qarashlarining ahamiyati shundaki, komil inson - bilimliligi, yaxshi axloq-odob va ma`naviy yetukligi bilan birga, fuqarolik jamiyatida yashash talablari, ozodlik, mustaqillikni anglash va bu qadriyatlarni himoya qilish qobiliyatini ham egallagan bo‘lishi lozim.
Bu haqda to‘xtalib, davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev shunday ta`kidlaydi: "Xalqimizning orzu-intilishlari Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Àli Qushchi, Davlatshoh Samarqandiy, Àlisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ikkinchi uyg‘onish davrining buyuk siymolarini uyg‘otdi, ularning asarlari va faoliyatida o‘z talqinini topgan odil podsho, adolatli jamiyat, komil inson g‘oyalarida namoyon bo‘ldi".
Komil inson o‘z tarixi, o‘z xalqi, o‘tmishi haqida haqiqatlarni bilib olgan, iymoni butun, xulq-atvori namunali shaxsdir. Komil insonlar muayyan tarbiya asosida yuzaga chiqadilar. Ana shundan kelib chiqib aytish mumkinki, davlatimiz oldida o‘ta muhim, kelajagimizni hal qiluvchi vazifa turibdi.
Bu vazifa - erkin fuqarolik jamiyatining ma`naviyatini shakllantirish, boshqacha aytganda, ozod, o‘z haq-huquqini yaxshi taniydigan, boqimandalikning har qanday ko‘rinishlarini o‘zi uchun or deb biladigan, o‘z kuchi va aqliga ishonib yashaydigan, ayni zamonda o‘z shaxsiy manfaatlarini xalq, Vatan manfaatlari bilan uyg‘un holda ko‘radigan komil insonlarni tarbiyalashdan iboratdir.
Mir Alisher Navoiyning davlat, jamiyat va inson haqidagi falsafiy qarashlari o‘z dolzarbligi, mustaqil Yangi O‘zbekistonni eng rivojlangan mamlakatlar qatoriga chiqarishga, Uchinchi Renessansning tamal toshini qo‘yishga shaylangan barkamol avlodni tarbiyalashdagi ahamiyati bilan alohida o‘rin tutadi. Muxtasar qilib aytganda, Navoiyni anglash bugungi kunda har qachongidanda dolzarbdir.
B.UzoQov,
JizPI Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti