Ta'lim va tarbiyaviy qarashlar

"Buyuk didaktika" asarida tabiat va jamiyat bilimlarining yig'indisi xususida so'z boradi. Komenskiy o'zining pedagogik nazariyasida tarbiyaning tabiatga uyg'un bo'lishi to'g'risidagi tushunchani ilgari suradi. "Buyuk didaktika"da o'qitish tabiiylikka bo'ysunishi, o'qitish tabiat talabiga bo'ysunishi kerak, deydi. Bolaning aqliy va jismoniy o'sish jarayoni tabiat-dagi o'sish jara-yoniga o'xshagan bo'ladi. Masalan, bog'bon daraxtlarni parvarish qiladi, uning o'sish xususiyatlarini hisobga oladi. Xuddi shunday o'qituvchi tarbiyalash qonuniyatiga bo'ysunadi. O'qitish jarayoni tabiatga o'xshab sekinlik bilan amalga oshadi. 

Komenskiy yashagan davrda hammani o'qishga tortish shart emas, qobiliyatli kishigina o'qishi kerak, degan g'oya mavjud edi. Komenskiy esa o'qishga hammaning tortilishini, hamma o'z ona tilida umum-boshlang'ich ta'lim olishi kerakligini uqtiradi. Umumta'lim to'g'risida gapirganda ayollarni ham hisobga oladi. O'sha davrda xotin-qizlar uchun o'qish juda katta muammo edi, shunga qaramay, u bu masalani ilgari surdi. 

Komenskiy nazariyasining yana bir qimmatli tomoni shundaki, o'quvchilar bilim olish tushunchasiga ega. Oynani qanchalik chang bosgan bo'lsa ham, baribir kishi o'z aksini ko'rishi mumkin, albatta, toza oyna kishi aksini toza ko'rsatadi. O'qituvchining vazifasini oynadagi changni artib tashlash, ya'ni bilimni bola ongiga yetkazish, uni aqliy tomondan o'stirishdir, degan edi. Komenskiy o'z asarlarida tarbiyaning maqsadini ko'rsatadi. Tarbiyaning maqsadi kishini mangulik dunyosiga tayyorlashdan iboratdir. Buni uch xil tarbiya orqali amalga oshirish mumkin: 

1. Aqliy tarbiya. 

2. Axloqiy tarbiya. 

3. Diniy tarbiya. 

Bu maqsad bolaning tug'ilganidan to 24 yoshigacha amalga oshadi, bu davr ichida bola to'rt maktabni o'qib tugatishi, har birida 6 yil o'qishi kerak, deb hisoblaydi. Komenskiyning pedagogik nazariyasida ta'lim-o'qitish, ya'ni didaktika katta o'rinni egallaydi. Bunda u tabiiylik usulini asos qilib oladi. Bu usulning mohiyati shundan iboratki, bunda bolaning yoshi, bilim darajasi, psixologik xususiyat-lari hisobga olinib, darsni tabiat borlig'iga moslab olib borish kerak, degan g'oya ilgari suriladi. 

Masalan: Qush o'ziga uya yasaydi, uya issiq va yumshoq bo'lishi kerak. 

Maktab ham xuddi shunday bo'lishi kerak. Komenskiy o'zining "Buyuk didaktika" asarida maktabda o'qitish tizimini amalga oshirishda quyidagi didaktik tamoyillarga amal qilishni tavsiya etadi: 

1. Ko'rsatmalilik tamoyili. 

2. Onglilik tamoyili.

3. Izchillik va tizimlilik tamoyili. 

4. Mashq qilish, bilim va malakalarni puxta egallash tamoyillari.

Shunday qilib, taniqli slavyan pedagogi Komenskiy butun dunyoda pedagogika ilmiga asos solib, maktab taraqqiyotiga, pedagogika ilmiga katta ta'sir ko'rsatdi. Uni ko'p G'arbiy Yevropa mamlakatlari maktab ishini yaxshilash maqsadida taklif etdi. Komenskiyning pedagogikasi ilmiy pedagogik bo'lib, jahon madaniyatiga qo'shilgan katta hissadir. Uning qarashlari hozirgacha o'z ahamiyatini yo'qotgani yo'q. 

Dinora ABDULLAYEVA,

JDPU Maktabgacha ta`lim fakulteti

Maktabgacha ta`lim yo`nalishi 

530/21-guruh talabasi


Авторизация