Keyingi yillarda aholini odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini “Yangi O‘zbekiston - yangi sud” prinsipi doirasida yanada kengaytirish uchun insonning qadr-qimmati ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirildi.
Xususan, mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar olib borildi. Buning natijasida odil sudlovni amalga oshirish jarayonida shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.
Shu bilan birga bugungi kunda sud qarorlarini qayta ko‘rish institutining tahlili mazkur institutni tako-millashtirish orqali amaldagi tartibni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi “Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi va mazkur Qonun 2024-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kirdi.
Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiya sudida ko‘rilgan ishlar viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar mazkur sudlarda taftish tartibida, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida taftish tartibida qayta ko‘rilishini, alohida hollarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rilgan ishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida taftish tartibida qayta ko‘rilishini, shuningdek, apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari sudlari tomonidan ishlarni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudlariga yuborish tartibi bekor qilinishini hamda ularning zimmasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror chiqarish mas’uliyati yuklatilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ushbu Qonun sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish mexanizmini yanada takomillashtirish hamda sud qarorlarini qayta ko‘rishning yangi tartibini joriy etish orqali odil sudlov sifatini hamda fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, fuqarolarning buzilgan huquqlari va erkinliklari, shuningdek, qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi “Sud hujjatlarini taftish tartibida qayta ko‘rish bo‘yicha ish yuritish” deb nomlanuvchi 36-bob bilan to‘ldirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida taftish tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha sud hujjatlari, shuningdek taftish tartibida qabul qilingan sud hujjatlari ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori tomonidan protest keltirilganda - O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati tomonidan ko‘riladi.
Alohida hollarda taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqish muddati ishni ko‘rayotgan sudlov hay’ati tomonidan ko‘pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati tomonidan taftish tartibidagi protest O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga kelib tushgan kundan e’tiboran ikki oydan kechiktirmay ko‘rib chiqilishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasining shikoyatni ish yuritishga qabul qilishni rad etish, taftish tartibidagi shikoyatni qaytarish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan ushbu Kodeksda belgilangan taftish tartibidagi shikoyatni berish muddati ichida shikoyatni bergan shaxsning arizasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi yoki uning o‘rinbosari tomonidan bekor qilinishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasining taftish tartibidagi protestni ish yuritishga qabul qilishni rad etish, qaytarish to‘g‘risidagi ajrimi ustidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda sud hujjati ustidan taftish tartibidagi protestni berish muddati ichida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga protest keltirilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining taftish tartibidagi shikoyat (protest) bo‘yicha ish yuritishni tugatish, taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risidagi ajrimi, shuningdek, kodeksda ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) nazarda tutilgan boshqa ajrimlari ustidan belgilangan tartibda sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berish muddati ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Bosh prokurori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga protest keltirilishi mumkin.
S.Quvvatov,
Jizzax viloyati sudi iqtisodiy sudlov
hay’ati sudyasi,
N.Djurayev,
Jizzax tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi