YANGI TАFTISH INSTАNTSIYASI

 2023-yil 25-dekabr kuni "Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida" gi Qonun davlatimiz rahbari tomonidan imzolandi.

Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 49 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, yangi 36-bob, ya`ni "Sud hujjatlarini taftish tartibida qayta ko‘rish bo‘yicha ish yuritish" bobi bilan to‘ldirildi. Ya`ni, 2024-yil 1-yanvardan e`tiboran, tumanlararo, tuman va shahar iqtisodiy sudlarining sud hujjatlari ustidan beriladigan apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlari hamda taftish tartibidagi shikoyatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining sudlov hay`atlari tomonidan ko‘rib chiqish tartibi joriy etilganligi bois, shu bilan bog‘liq protsessual huquq normalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Taftish instansiyasi haqida qisqacha izoh beradigan bo‘lsak, taftish tartibidagi shikoyat (protest) birinchi instansiya sudi hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e`tiboran bir yil ichida beriladi. Taftish shikoyatini ishda qatnashgan taraflar, shuningdek, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qiligan shaxslar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil shikoyat berishi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning o‘rinbosalarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari va ularning o‘rinbosalarlari prokuror ishtirokida ko‘rilgan ish bo‘yicha hamda boshqa ishlar bo‘yicha taraflarning murojaati mavjud bo‘lganda taqdirda taftish tartibida protest keltirishi mumkin. 

Taftish tartibidagi shikoyat (protest)ni birinchi instansiya sudi, viloyat sudi tomonidan ko‘rilgan va apellyatsiya yoxud kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining sudlov hay`atlari tomonidan, agar ishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan birinchi instansiya sifatida ko‘rib chiqilgan ishlar apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan bo‘lsa, Oliy sudning Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay`ati tomonidan taftish tartibida ko‘rish belgilandi.


O.Àsatov,

Jizzax tumanlararo

iqtisodiy sudi raisi.

N.Djurayev,

Jizzax tumanlararo

iqtisodiy sudi sudyasi



Авторизация