O'ZBEKISTON-XITOY: DO'STLIK GURUHLARI YANADA FAOLLASHTIRILADI

Barchamizga ma`lumki, joriy yil 23-25-yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifi doirasida Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo‘mitasi Raisi Chjao Letszi bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasi bilan munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarildi. Binobarin, O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatida Xitoy bilan bo‘lgan munosabatlar dolzarbligicha qolmoqda. 

Hozirgi kunda O‘zbekiston ushbu mamlakat bilan tashqi savdo, transport kommunikatsiyasi sohasidagi hamkorliklar jadal sur`atlar bilan rivojlanayotganligi bizga sir emas. Xitoyning O‘zbekistonga qaratilgan tashqi siyosatida o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. 

Shuningdek, suhbatda O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etilib, bu galgi tashrif har tomonlama strategik sheriklikni kengaytirishga yangi sur`at bag‘ishlashiga ishonch bildirildi.

Keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi 2 barobar, qo‘shma korxonalar soni 3 barobar oshdi. E`tiborli jihati shundaki, Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish borasidagi tajribasi faol joriy qilinmoqda.

Uchrashuvda mamlakatimiz texnik yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash markazlarini tashkil etish, Xitoyning ijtimoiy himoya va sug‘urta, aholiga manzilli yordam ko‘rsatish borasidagi tajribasini o‘rganishdan manfaatdor ekani ta`kidlandi.

Parlamentlar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish va "O‘zbekiston-Xitoy" do‘stlik guruhlarini faollashtirish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari XXR raisi bilan 15 tadan ortiq o‘zaro kelishuv bitim va hujjatlari imzolandi. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Xitoy rahbari Si Jinping bilan tor va keng doirada strategik masalalar muhokama qilindi.

Birgina energetika ta`minotini olsak ham, bugun Xitoy kompaniyalari ishtirokida quyosh panellari ishlab chiqarish, texnik modernizatsiya qilishda ishlar olib borilyapti. Bundan tashqari, ta`lim, ijtimoiy infratuzilma, ijtimoiy siyosat sohalarida ham Xitoy tajribasini qo‘llash nazarda tutilyapti. Savdo, sarmoyaviy sohalarda aloqalar O‘zbekiston iqtisodiy, ijtimoiy nuqtai nazardan yuqori bosqichga ko‘tarilishida muhim bo‘ladi. 

Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, tranzit yo‘llarini kengaytirish borasida Xitoy tajribasi bizga qo‘l keladi. Umuman olganda jahon bozorida Xitoy kapital qo‘yilmalari bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Shu bilan birga logistika imkoniyatlari ham juda yuqori. O‘zbekiston va Xitoy uzok tarixga, noyob madaniyat hamda ulkan intellektual salohiyatga ega. Bu davlatlararo gumanitar hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish, shuningdek, o‘zaro madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

O‘rol O‘razboYev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi hamda Mehnat va ijtimoiy

masalalar qo‘mitasi a`zosi



Авторизация