SERQIRRA HAMKORLIK-N21-SON-27 MAY.2023Y.

XXI asrning eng qudratli davlatlaridan biri - Xitoy Xalq Respublikasi bilan siyosiy, iqtisodiy, savdo, ilm-fan va madaniy sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlikni o'rnatish va rivojlantirish ham O'zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etadi. 

Ikki tomonlama hamkorlik munosabatlari joriy yilning 17-19-may kunlari davlatimiz rahbarining Xitoy davlatiga tashrifi chog'ida imzolangan 41 ta hujjatlarda yana bir bor yaqqol o'z aksini topdi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sian shahrida bo'lib o'tgan "Markaziy Osiyo-Xitoy" birinchi sammitida mintaqaviy hamkorlikni yanada kengayti-rishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish sohasi bu borada alohida o'rin tutadi.    

Eng dolzarb muammolardan biri – "yashil" energetika yuzasidan quyosh, shamol va suv energetikasi bo'yicha yuqori texnologiyalarga ega Xitoy bilan hamkorlikni keskin rivojlantirish, Orolbo'yi mintaqasining ekologik muammolarini hal etish, bioxilma-xillikni, muzliklar va tuproqni asrash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish yuzasidan muhim fikrlar o'rtaga tashlandi. 

Butun dunyoda bioxilma-xillik kamayib borayotgani, chunonchi, noyob genlar, turlar va ekologik tizimlar yo'q bo'lib ketayotgani yurtimizga ham tahdid solmoqda. Shu bois bu borada amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan hamkorlik katta ahamiyatga ega. Sammit kun tartibidan o'rin olgan ushbu yo'nalishlar Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy xalqlarining kelajakda iqlim o'zgarishi oqibatlaridan aziyat chekmasliklarini ta`minlaydi. 

Ikki davlat o'rtasida olib borilgan muzokaralardan so'ng O'zbekiston-Xitoy sherikligining 2023-2027-yillarga mo'ljallangan dasturi qabul qilindi. O'zaro savdo, bojxona, ta`lim, energetika, qishloq xo'jaligi, transport kabi sohalarga oid o'nlab hujjatlar to'plami imzolandi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, elektron tijoratni rivojlantirish, sanoat kooperat-siyasi, avtomobilsozlik, "yashil" energetika, qishloq xo'jaligiga oid ilg'or loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi. 

Xulosa o'rnida shuni aytish joizki, Xitoy bilan O'zbekiston-ning serqirra hamkorligi barcha sohalarda yuksak samaralar beradi, mamlakatlar o'rtasidagi do'stlikning yorqin, yangi sahifalarini ochaveradi.


M.Tirkasheva,

Oliy Majlis Qonunchilik 

palatasi deputati 



Авторизация