Bugun ertalab qizim odatdagidek tayyorlov markaziga darsga ketdi. Xiyol o‘tmay darvozadan hovliqib kirib kelayotgan qizimni ko‘rib biron narsasi yodidan chiqqandir-da, deb o‘ylab peshvoz chiqdim. Àmmo rangi oqarib, ko‘zlari kattalashib ketgan qizimni ko‘rib o‘zim ham shoshib qoldim.
- Ha bolam, nima bo‘ldi?
Javobni kutayapman-u, ichim titraydi. Ishqilib tinchlik bo‘lsin-da. Nihoyat qizim tilga kirdi:
-Àyajon, bizda o‘qiydigan bir bola o‘zini ko‘p qavatli uy tomidan tashlabdi, o‘lib qolibdi. O‘qituvchilarimiz javob bervorishdi. Qo‘rqib ketdim.
-Voy, kim ekan u? Nega unaqa qiladi?...
-Bilmayman ayajon, qurilishi tugallanmagan ko‘p qavatli uyni tomidan tushib ketganmi, o‘zi tashlaganmi, hech kim bilmaydi. Bir kampir ertalab soat 6 da ko‘rib qolibdi, tez yordamda ketayotganda o‘lib qolibdi...
Bolamni tinchlantirib, ishga otlandim. Yo‘lda kelayapman-u, xayolim parishon. Sho‘rpeshona bolaning ota-onasini o‘ylayman. (U o‘z joniga qasd qilganmi yoki kimdir tashlab yuborganmi bu hali noma`lum. Katta taxmin bilan bola o‘z joniga qasd qilgan, deyishmoqda ). Ne-ne umidlarda bolam o‘qisin deb shaharga jo‘natgan ota-onaning aybi nima?
Kuni kecha uzoq vaqt ko‘rishmagan yaqin dugonam bilan uchrashib, ancha suhbatlashdik. Gap orasida dugonamdan farzandlarini so‘radim. Hammasi yaxshi, deya siniqqina jilmaydi. Keyin esa "yorildi". Uch nafar farzandini uyli-joyli qilgan dugonam ko‘zlaridan yosh toma-toma bo‘y yetgan kichik qizining uydan bosh olib chiqib ketganini, qancha urinsa ham uni uyga qaytara olishmayotganini aytib yig‘ladi. Dugonamni qanday ovutishni bilmadim. Bildimki, bola ota-onasiga nimagadir achchiq qilayapti. Àlam-zadalik bilan uydagilardan o‘ch olishni istayapti.
Bugun tongda eshitgan noxush xabar esa dard ustiga chipqon bo‘ldi. Qayerdadir suitsid bilan bog‘liq maqolani o‘qigan edim. Unda bir psixoanalitikning "Hayot qoniqishdan iborat", degan iborasi keltirilgan edi. Demak, har bir inson hayotdan qoniqib yashashi kerak ekan-da. Hayotdan qoniqmagan odamning miyasiga turli yomon fikrlar kelaveradi. Yuqoridagi ikki holatda ham bolalarning nimadandir qoniqmay yashagani rost. Ular atrof-muhitga ana shu yo‘l bilan javob qaytarishdimikin? Xo‘sh, buning oldini olish uchun nima qilish kerak? Bizda malakali psixologlar, bolalar, oila va o‘smirlar bilan shug‘ullanadigan tibbiy psixologlar, psixoterapevtlar bormi? Menimcha, yo‘q. Bo‘lsa ham bunday mutaxassislar viloyatimizda juda kam. Biz oliy ta`lim muassasalarida (ayniqsa, tibbiyot oliy ta`lim muassasalarida) bu yo‘nalishlarni ko‘paytirishimiz, ko‘paytirganda ham sifatli kadrlarni yetishtirishimiz kerak. Maktablarda, maktabgacha ta`lim muassalarida nomigagina bitta shtat maosh oladigan, lekin oyda bir ko‘rinadigan va hisobot uchun ishlaydigan psixologlar o‘rniga lozim bo‘lsa boshlang‘ich, o‘rta va yuqori sinflar bilan alohida shug‘ullandigan malakali psixologlar shtatini ko‘paytirishimiz kerak. Toki bola borib ichki kechinmalarini ayta oladigan, dardini bo‘lisha oladigan, ishonadigan manzil topsin. Onalarni emas, otalarni ham o‘qitishimiz kerak. Onalar maktabi emas, otalar maktabi ham bo‘lsin. Siz nima deysiz?
Gulchehra Sharipova