Keyingi yillarda nafaqat shaharning asosiy ko‘chalari, mahallalarning ichki yo‘llari ham qaysi biri asfaltlanib, qaysi birlariga beton yotqizildi. Ikki-uch yil ilgari bu ko‘chalardan yozda mashina yursa atrof changga burkanar, qishda esa o‘ydim-chuqur joylari suvga to‘lib, hovliqma haydovchilar atrofga loy sachratib o‘tardi. Endi esa tekis yo‘llarda suv turmaydi, mashinalar ham ravon yuradi. Àmmo...
Mahallalar ichidan o‘tgan, ta`mirlangan yo‘llar tor. Ikkita mashina to‘qnash kelib, bir-birining yonidan o‘tsa velosiped tugul piyoda odamga ham joy qolmaydi. Piyodalar uchun yo‘lakcha bor-ku, dersiz. To‘g‘ri mahallalarning ichki yo‘llarida, xonadonlarning ko‘cha tarafida yo‘lak bor. Faqat bu yo‘laklar hamma joyda ham piyodalar yuradigan ahvolda emas. Àyrim xonadon egalari yashab turgan uyining ko‘cha tomonini turli chiqindilarga to‘ldirib tashlagan bo‘lsa, boshqa ba`zi birlari qurilish qilish maqsadida darvozasi oldiga shag‘al yoki qum to‘kdirgan va natijada yo‘laklar to‘silib yoki yurib bo‘lmaydigan holatga kelib qolgan. Piyoda ketadigan odamlar, ayniqsa maktab o‘quvchilari ko‘chadan yurishga majburlar. Àksariyat hollarda mashinalar piyoda ketayotgan odamlarga tegib-tegmay o‘tib ketadi.
O‘tgan sonlarimizda e`lon qilingan "To‘ydagi yong‘in" sarlavhali maqolada to‘y o‘tkazish, xursandchilik qilish madaniyati to‘g‘risida so‘z yuritgandik. Mahalla aholisi o‘zi yashab turgan ko‘chaning ikki tomoni, uyining orqa qismining ozoda va sarishta bo‘lishi uchun mas`uldir. Har bir fuqaro uyi orqasiga daraxt ekishi, iloji bo‘lsa o‘tgan-ketganlarga xalaqit bermaydigan qilib gulzorlar barpo etishi lozim. Turmush madaniyati deganda shularni tushunishimiz kerak. Har bir xonadon darvozasi oldi, uyining orqa tomoni shu xonadon egalarining yuzi, desak bo‘ladi. Yuqorida aytilgandek chiqindilar sochilgan, to‘kilgan qurilish materiallari oylab shu yerdan o‘tadigan odamlarning g‘ashiga tegadigan, begona o‘tlar ko‘karib, sarg‘aygan uylarning sohiblari bu gaplardan to‘g‘ri xulosa qiladilar degan umiddamiz. Zero, ko‘chalarimiz ham ozoda bo‘lsa turmushimizning fayzli, barokatli bo‘lishiga olib kelishi aniq.
Shu o‘rinda mahalla fuqarolar yig‘inlari ma`muriyati, faollari e`tiboriga ham shuni aytish kerakki, vaqti-vaqti bilan mahalla ko‘chalarini aylanib, yuqorida aytilgani kabi xunuk manzaralarning shoxidi bo‘lganda, xonadon egalarini tartibga chaqirib tursalar foydadan xoli bo‘lmasdi.
Àbdurahmon Karimov