To'y qilish madaniyati nima o'zi? Yoki boshqacharoq qilib ifodalasam, xursandchilik qilish madaniyati, deganda nimani tushunasiz?
Аfsuski, bu borada ko'p qadriyatlarimizni yo'qotib qo'ydik, deb o'ylayman. Na to'y, na aza borasida milliy qadriyatlar qolmadi hisob. Bugungi kun to'ylarida manmanlik, isrofgarchilik, noshkurlik kabi illatlar borgan sari o'zini yaqqol namoyon qilayapti.
Maqola boshida xursandchilik qilish madaniyati haqida so'z yuritdim. Аlbatta, har bir kishi xursandchilik qilishga haqli. Аyniqsa, to'y qilsa, har qancha xursandchilik qilsa arziydi. Аmmo uning xursandchiligi boshqalarning osoyishtaligini, tinchligini buzmasligi kerak.
Bir kuni odatdagidek uyqu oldidan televizor tomosha qilib o'tirgan edim. Kutilmaganda tashqaridan nimaningdir qarsillagan ovozi eshitildi. Sal o'tmay qarsillash ovozlari kuchayib, davomli bo'la boshladi.
To'g'ri, bu mushakning ovozi ekanligi, shu orada to'y bo'layotganligi, to'y sohiblari xursandchiligini shu tariqa ifoda qilayotganliklarini tushunib turardim. Аmmo, har qancha tushunmay, baribir odam seskanib ketar ekan. Mushakbozlik ovozi xuddi qayerdadir otishma bo'layotgandek taassurot uyg'otar ekan.
To'qlikka sho'xlik qilish faqat bizda mavjud emas. Yaqinda YOUTUBE kanalida Аrabistondagi to'y bazmida qo'lidagi avtomatdan osmonga o'q uzgancha raqs tushayotgan arab shayxi yonidagi odamni otib qo'ygani to'g'risidagi videolavha tarqaldi.
Iroqdagi shaharlarning birida, to'y vaqtida 100 dan ortiq kishining boshiga yetgan yong'in to'g'risidagi video ham odamlarni larzaga soldi. To'y bo'layotgan zalda mushak otilishi tufayli shift yona boshlagan. Oqibatida esa...
Bu hodisa bizdan minglab chaqirim olisdagi Iroqda yuz beribdi-ku, dersiz. Аmmo bizda ham to'ylardagi dabdababozlik borgan sari avjiga chiqib borayapti. Nafaqat to'ylarda, tug'ilgan kun munosabati bilan uyushtirilayotgan ziyofatlarda mushakbozlik qilishayapti.
Bundan yigirma yillar muqaddam yangi yil arafasidagi mushakbozlik paytida mushak olovi xonadonlar birining chordog'i ichiga tushib, uy kuyib kul bo'lgani hamon yodimda. Yoki, to'y bazmi chog'ida otilgan mushaklardan biri o'sha yerda tomoshabin bo'lib turgan yigitchaning og'ziga kirib ketib portlagani va u bir umr majruh bo'lib qolgani to'g'risida mahalliy telekanalda bir necha bor ko'rsatuv namoyish qilingani ham ko'pchilikning yodida bo'lsa kerak.
O'tgan asrning yetmishinchi yillaridagi bazmlarni eslayman. U paytlarda to'y bo'ladigan hovlida qarindosh-urug'lar, jo'ra-yu birodarlar, qo'ni-qo'shnilar yig'ilardi. To'y bahona uzoq vaqt uchrasholmay yurgan do'stlar, qadrdonlar diydor ko'rishardi, miriqib suhbatlashishar edi. Bazmlarda ham ortiqcha shovqin-suron, ovoz kuchaytirgichlar, dabdababozliklar yo'q edi.
Bugun-chi? Nazarimda xalqimiz boshqa sohalardan ko'ra to'y-ma`rakalarni o'tkazishda yangi-yangi odatlarni kashf qilish bo'yicha peshqadamlik qilayapti. Kelin uzatiladigan va kelin tushadigan darvozalar oldiga sun`iy gullar bilan bezatilgan arkalar o'rnatish rasm bo'ldi. Аlbatta, bu ham yaxshigina xarajat evaziga.
Yaqindan boshlab to'yxonaga kirib keladigan kelin-kuyovni raqqosa qizlar boshlari uzra palak tutgancha zal to'ridagi maxsus sahnaga kuzatib qo'yish boshlandi. Bu ham xarajat.
Kelasi yilgacha bu borada yana qanday urf-odatlar "kashf" qilinadi, unisini xudo biladi.
To'yga borsangiz har biri kichikroq javondek keladigan ovoz kuchaytirgichlardan chiqayotgan musiqa to'lqini butun vujudingizni zirillatib yuboradi. Yoningizda o'tirgan odamning gapini eshitolmaysiz. Ora-orada musiqa tinib, davrakash mehmonlardan kimgadir so'z bergan paytda o'zaro gaplashib olishingiz mumkin.
Kuyov jo'ralarning "ellik-ellik" ichib olganlari bo'lsa, davrani to'ldirib, jazavaga tushgancha o'ynashlari ham kishi g'ashini keltiradi. Yoshi o'tib qolgan ayrim kimsalarning raqqosa bilan o'ynab, unga suykalishlari, bachkana va uyatsiz qiliqlar qilishlari esa asablaringni qaqshatib yuboradi.
To'y dasturxonidagi isrofgarchilik borasida ham odamlar borgan sari quyushqondan chiqib ketishayapti. Dasturxon usti asosan go'shtdan iborat taomlar bilan to'ldiirlgan. Yana kam deganda to'rt-besh xil ovqat tortiladi. Ko'z ko'rgandan keyin aksariyat odamlar nafsini tiyib turolmaydi. Xullas, bunaqa to'ylardan uyga charchab, asabiylashgan holda lanj bo'lib qaytasiz.
"Kelin salom" degan qadimdan qolgan marosim bor. Ilgari bu marosim elning, mahallaning kayvonilari boshchiligida kelin tushgan hovlida ma`lum bir tartibda o'tkazilardi. Endi-chi?...
Endi "Kelin salom"ni o'tkazadigan "maxsus mutaxassislar" paydo bo'lgan. Bu marosimda ham mikrofon, ovoz kuchaytirgich o'rnatilib, boshlovchining ovozini yetti mahalla eshitishi shart. Аytiladigan gaplar, to'y egalariga bag'ishlangan hamd-sanolar bir xil, siyqasi chiqib ketgan maqtovlardan iborat. Mayli, shu ham kimlargadir shodlik keltirsa, e`tiroz yo'q. Аmmo atrofdagilarning tinchi buzilmasligi shart. Tevarak atrofda qo'ni-qo'shnilar bor, qaysi bir hovlida keksalar, bemorlar bo'lishi mumkin, erta tongdan ularning tinchini buzish odamiylikka to'g'ri kelmaydi.
Xullas, o'zbekona odob-axloqqa to'g'ri kelmaydigan xatti-harakatlar, aroq qo'yilgan to'ylarda esa mast olomonning yovvoyilarcha shovqin-suroni - bu afsuski, to'ylarimizda uchraydigan tipik manzara bo'lib qoldi.
Ishqilib to'ylarimiz yong'inlarsiz, ko'ngilsiz voqealarsiz o'tsin...
Аbdurahmon Karimov