YO'LLAR KENGAYSINMI YOKI MASHINALAR KICHRAYSINMI?...

Gazetamizning sentabr oyida chop etilgan "Yo‘llar haqida o‘ylar" sarlavhali maqolada shahrimiz yo‘llaridagi tirbandliklar to‘g‘risida so‘z yuritilgan edi. Àyniqsa, Sharof Rashidov, Àlisher Navoiy va "O‘zbekiston" ko‘chalari tutashgan yerda chorrahadan o‘tib ketish uchun svetoforning yashil chirog‘i kam deganda uch-to‘rt marta o‘chib-yonishi kerakligi, mashinalar oqimi salkam bir chaqirimgacha cho‘zilib ketayotgani tilga olingan edi. 

Yaqinda shu yerdan o‘taturib yo‘lning stadion tomoni kengaytirilayotganiga guvoh bo‘ldik. Bunday ijobiy o‘zgarishlar kishini quvontiradi, albatta. Mahallalar ichki yo‘llarining asfaltlanishi yoki betonlashtirilganligi ham ko‘ngildagidek ish bo‘layapti.

Àmmo bu borada muammolar hali ko‘p, yo‘llardagi mashinalar harakatini tartibga solish borasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ham yetarlicha ekanligini yaxshi bilamiz.

Shuni unutmaslik kerakki, yo‘llar har qancha kengaygani bilan tirbandliklar muammosi hal bo‘lib qolmaydi. Shahar ichki infratuzilmasi talablaridan kelib chiqib yo‘llarni kengaytirish borasidagi imkoniyat ham cheklangan. Qolaversa, yo‘llarning kengayishi o‘z navbatida yo‘lni kesib o‘tadigan piyodalar uchun noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Buni Sharof Rashidov nomidagi shoxko‘cha misolida ko‘rish mumkin. Ilgari yo‘l o‘rtasida eni salkam ikki metr keladigan yashil maydon bo‘lardi. Svetoforning yashil chirog‘ida yo‘lni kesib o‘tishga ulgurmagan piyodalar o‘rtaliqdagi maydonchada bemalol turib, yo‘l ochilishini kutishardi. Endi esa o‘rtaliqda to‘xtashga majbur bo‘lgan piyoda har ikki tomondan ham nari borsa yarim metr masofada mashinalarning g‘izillab o‘tib turishiga chidashlariga to‘g‘ri keladi. Àyniqsa, yosh bolalarni yetaklagan ota-onalarga bu katta noqulaylik va xavf tug‘diradi. Àfsuski, haydovchilarning hammasi ham piyodalar yo‘lakchasi bor joylarda tezlikni kamaytirmaydi. To‘g‘risi, odamlar bunday joylarda yo‘lni yurakni hovuchlagancha kesib o‘tishadi.

Shahrimiz yo‘llariga oid yana bir kamchilik - velosipedda yurish uchun deyarli sharoit yaratilmagan. Àniqroq qilib aytilganda, velosipedchilar harakatlanadigan maxsus yo‘laklarning o‘zi mavjud emas.

Mulohaza o‘rnida yana bir fikrni o‘rtaga tashlamoqchiman. Keyingi paytlarda mamlakatimizda avtomobil sanoati keskin rivojlandi. Birgina Jizzax shahrining o‘zida uchta zavod yengil avtomobillar ishlab chiqarayapti. Faqat bu mashinalarning aksariyati gabarit jihatdan katta o‘lchamli. Yuqorida aytib o‘tilgan tirbandliklarga barham berish uchun balki mashinalar hajmini kichraytirsh kerakdir. Masalan, kichik elektromobillar, skuterlarni ishlab chiqarish ko‘paytirilsa maqsadga muvofiq bo‘larmidi. Àlbatta, qanaqa mashinada yurish har kimning ixtiyori, xohishi. Àmmo, agar yo‘llardagi mashinalar soni shu tarzda ko‘payib boraversa, yana ko‘pi bilan 3-4 yidan so‘ng manzara qanaqa bo‘lishini tasavvur qilish oson. Nafaqat tirbandlik, mashina dvigatellaridan chiqayotgan gaz katta muammolarni keltirib chiqarishi aniq.

Àytaylik, ko‘chani to‘ldirib harakatlanadigan bir mashina o‘rnida uchta kichik elektromobil yurishi mumkin. Eng muhimi, atrofga chiqariladigan zararli gazlar yo‘q bo‘lib, shovqin ham ancha pasaygan bo‘lardi.

Àlbatta, odamlarni majburlab elektromobil yoki skuterlarga jalb qilib bo‘lmaydi. Àgar shu turdagi kichik gabaritli va elektr quvvatida yuradigan transport vositalari ko‘paysa, vaqti kelib odamlarning o‘zi hashamatli ammo ekologiyaga zararli bo‘lgan, ko‘chalardagi tirbandliklarda tiqilib qoladigan beso‘naqay mashinalardan voz kechishadi. Buning uchun avtomobil savdosida ham to‘laqonli erkin raqobat muhiti vujudga kelishi shart.

À.Karimov



Авторизация