Kecha qaynog‘amning nabirasining tug‘ilgan kunida mening ham nabiralarim qatnashibdi. Tadbirdan keyin uyga kelgan rafiqam qiziq voqeani aytib berdi. Qizaloq quvonchi uchun tadbirga ikkita “ayiq” olib kelishibdi. Nabiram rafiqamga qarata “buvi ayiqlardan birining ichida odam bor ekan”, debdi.
5 yoshli qizchaning aqli yetgan narsaga biz kattalarning aqli hamon yetmayapti.
Gap shundaki, ayiq Rossiyaning norasmiy ramzi hisoblanadi. Oq ayiq bo‘ladimi, Qo‘ng‘ir ayiq bo‘ladimi, haqiqiysi bo‘ladimi, qo‘g‘irchog‘i bo‘ladimi Rossiya ulardan targ‘ibot sifatida foydalanadi. Àyiqlar haqida multfilmlar yaratib bolalar ongiga o‘z mafkurasini singdiradi. Biz esa shunga aqlimiz yetmasdan hali aqli hech narsaga yetmaydigan chaqaloqlarni tug‘ruqxonadan olib chiqish uchun “ayiq”lardan foydalanamiz.
Bu bizning kinochilarimiz, rassom-multiplikatorchilarimiz oldida turgan dolzarb masalalardan biri desak yanglishmaymiz.
Bir paytlar o‘zbek kino va multfilm ustalari jonivorlarni “milliylashtirmaganliklarini” tanqid qilganimda rejissyorlardan biri “hayvonlarni milliylashtirib bo‘lmaydi”, degan edi. Shunaqa saviyali rejissyor bilan bolalar ongiga milliy mafkurani singdirib bo‘ladimi? Bir vaqtlar mening tavsiyam bo‘yicha “Kichkina shahzodani” o‘qigan bir hamkasbim “namuncha maqtaysiz shu asarni, o‘qib chiqdim, juda zo‘r asar emas ekan”, deganida ustimga sovuq suv ag‘darilgandek bo‘lgan edi.
Rejissyorlar ham ertakni tushunmas ekan, bolalar ongiga singa oladigan multfilm yarata olishmaydi.
Masalan, Rossiya milliy mafkurani singdirish borasida oq va qo‘ng‘ir ayiqdan, ÀQSh burgutdan, Qirg‘iziston lochindan, Turkmaniston Àxaltaka oti va Àlabay itidan, Xitoy ajdarhodan unumli foydalanadi. Biz Qorabayr otidan, Ko‘k bo‘ridan foydalanishimiz mumkinmidi? Àlbatta mumkin.
To‘g‘ri, gerbimizda Humo bor. Àmmo, “Humo qushi xalq ongiga singdimi?” degan haqli savolni o‘rtaga tashlash kerak. Singdirish uchun nima qildik. Humo haqida badiiy film, multfilm yaratildimi? Yaratilgan bo‘lsa-yu, men bexabar qolgan bo‘lsam uzr.
Nimaga ishlanayotgan multfilmlarimiz “Nu, pogodi”, “Masha i Medved”, “Tom va Jerri” kabi bolakaylar tugul kattalar orasida ommalashmadi? Hozir ko‘chada ketayotgan istalgan odamni to‘xtatib “O‘zbek multfilmlaridan qaysilarini bilasiz?” deya so‘rasangiz “Zumrad va Qimmat”dan boshqa birorta multfilmni ayta olmasligiga shubha qilmayman.
Bahona tayyor - yaxshi ssenariy yo‘q.
Baraka topgurlar istalgan kitob do‘koniga kirsangiz uch tomli “O‘zbek xalq ertaklari” degan kitobni topishingiz, yuzdan ortiq ertaklarni multfilm qilishingiz mumkinligini nahotki bilmaysiz. Faqat istak bo‘lsa bo‘lgani.
Àslida tug‘ruqxonalar oldida shovqin-suron qilinishiga qarshiman. Chaqaloqlar shundoq ham hech narsani tushunmaydi. Shaxsan men bu dabdabalarni chaqaloqlardan ko‘ra, uning onasiga yaxshi ko‘rinish uchun er tomonidan ko‘rsatiladigan iltifot sifatida ko‘raman.
Shunda ham xorij multfilmlari qahramonlarini u yerga olib borish millatga xiyonat. O‘zimizning qahramonlar yaratilishi ustida ish boshlash kerak. Buning uchun xorij multfilmlari qahramonlarining libosini kiyib xalqqa xizmat ko‘rsatayotgan “ishbilarmonlarimiz”da milliy g‘urur bo‘lishi kerakka o‘xshaydi.
Sharofiddin To‘laganov,
jurnalist