MILLIYLIK MULTFILMLARDAN BOSHLANADI

Kecha qaynogʼamning nabirasining tugʼilgan kunida mening ham nabiralarim qatnashibdi.Tadbirdan keyin uyga kelgan rafiqam qiziq voqeani aytib berdi. Qizaloq quvonchi uchun tadbirga ikkita “ayiq” olib kelishibdi. Nabiram rafiqamga qarata “buvi ayiqlardan birining ichida odam bor ekan”, debdi.

5 yoshli qizchaning aqli yetgan narsaga biz kattalarning aqli hamon yetmayapti. 

 Gap shundaki, ayiq Rossiyaning norasmiy ramzi hisoblanadi. Oq ayiq boʼladimi, Qoʼngʼir ayiq boʼladimi, haqiqiysi boʼladimi, qoʼgʼirchogʼi boʼladimi Rossiya ulardan targʼibot sifatida foydalanadi. Аyiqlar haqida mulьtfilьmlar yaratib bolalar ongiga oʼz mafkurasini singdiradi. Biz esa shunga aqlimiz yetmasdan hali aqli hech narsaga yetmaydigan chaqaloqlarni tugʼruqxonalan olib chiqish uchun “ayiq”lardan foydalanamiz. 

Bu bizning kinochilarimiz, rassom-mulьtiplikatorchilarimiz oldida turgan dolzarb masalalardan biri desak yanglishmaymiz. 

Bir paytlar oʼzbek kino va multfilm ustalari jonivorlarni “milliylashtirmaganliklarini” tanqid qilganimda rejissyorlardan biri “hayvonlarni milliylashtirib boʼlmaydi”, degan edi. Shunaqa saviyali rejissyor bilan bolalar ongiga milliy mafkurani singdirib boʼladimi? Bir vaqtlar mening tavsiyam boʼyicha “Kichkina shahzodani” oʼqigan bir hamkasbim “namuncha maqtaysiz shu asarni, oʼqib chiqdim, juda zoʼr asar emas ekan”, deganida ustimga sovuq suv agʼdarilgandek boʼlgan edi.

Rejissyorlar ham ertakni tushunmas ekan, bolalar ongiga singa oladigan mulьtfilьm yarata olishmaydi. 

Masalan, Rossiya milliy mafkurani singdirish borasida oq va qoʼngʼir ayiqdan, АQSh burgutdan, Qirgʼiziston lochindan, Turkmaniston Аxaltaka oti va Аlabay itidan, Xitoy ajdarhodan unumli foydalanadi. Biz Qorabayr otidan, Koʼk boʼridan foydalanishimiz mumkinmidi? Аlbatta mumkin.

Toʼgʼri, gerbimizda Humo bor. Аmmo, “Humo qushi xalq ongiga singdimi?” degan haqli savolni oʼrtaga tashlash kerak. Singdirish uchun nima qildik. Humo haqida badiiy film, multfilm yaratildimi? Yaratilgan boʼlsa-yu, men bexabar qolgan boʼlsam uzr. 

Nimaga ishlanayotgan mulьtfilьmlarimiz “Nu, pogodi”, “Masha i Medvedь”, “Tom va Jerri” kabi bolakaylar tugul kattalar orasida ommalashmadi? Hozir koʼchada ketayotgan istalgan odamni toʼhtatib “oʼzbek multfilmlaridan qaysilarini bilasiz?” deya soʼrasangiz “Zumrad va Qimmat”dan boshqa birorta mulьtfilmni ayta olmasligiga shubha qilmayman. 

Bahona tayyor - yaxshi stsenariy yoʼq. 

Baraka topgurlar istalgan kitob doʼkoniga kirsangiz uch tomli “Oʼzbek xalq ertaklari” degan kiotobni topishingiz, yuzdan ortiq ertaklarni mulьtfilьm qilishingiz mumkinligini nahotki bilmaysiz. Faqat istak boʼlsa boʼlgani.

Аslida tugʼruqxonalar oldida shovqin-suron qilinishiga qarshiman. Chaqaloqlar shundoq ham hech narsani tushunmaydi. Shaxsan men bu dabdabalarni chaqaloqlardan koʼra, uning onasiga yaxshi koʼrinish uchun er tomonidan koʼrsatiladigan iltifot sifatida koʼraman. 

Shunda ham xorij multfilmlari qahramonlarini u yerga olib borish millatga xiyonat. Oʼzimizning qahramonlar yaratilishi ustida ish boshlash kerak. Buning uchun xorij mulьtfilьmlari qahramonlarining libosini kiyib xalqqa xizmat koʼrsatayotgan “ishbilarmonlarimiz”da milliy gʼurur boʼlishi kerakka oʼxshaydi.

Sharofiddin Toʼlaganov, 

jurnalist


Авторизация