YURING, YORILTOSHGA BORAMIZ

- Siz, mening to‘qsondan o‘tgan momom bilan bir ko‘rishishingiz kerak-da, manzilimizni mana shu qog‘ozga yozdim, - degandi yoshgina ayol bir davrada qog‘oz uzatib.

Kechagi juma tongida, yo‘lga tushdim. Tog‘larning orasida ekan.

- Iy, eskina, enam bozorga ketganiydi-ku?

- Bozorga? Bozorda nima qiladi?

- Juma bozorga-da. Bozorda mayak (tuxum) sotadi, qimiz sotadi, keyin bozorlik qilib qaytadi. O‘ziga keraklilarni olib.

- Ya-a-a?!.. Sal keyinroq kelamiz, emasa.

Sal o‘tmay, chaqirishdi. Bu xonadonda o‘zi ko‘p narsalar g‘aroyib tasodiflardan boshlangan ekan. Momoning oti Xitoy, kelinining oti esa Osiyo ekan. Men to‘qsonga kirgan momo desa, juda keksa bo‘lsa, xotiralari yaxshimikin-a, deb o‘ylagandim.

- Keling, oyna, - juda yengil harakat bilan jikkakkina kampir o‘rnidan turdi. - Hazir shayir keladi, deganiydi, mening oldima o‘tiring, oyna! Bog‘ona, bozorga ketganimda kepsiz ekan. Oldin xabar qimabsiz-da, joyimda o‘tirardim..

- Haliyam bozorga borasizma?

- Haya, oyna, har jumada, Juma bozorga boraman. Àvval piyoda borg‘ichiydim, olti oy bo‘ldi, Eliboyjonim moshin oldi. Endi moshin minib borayippan. 

- Charchab qolmaysizmi, momo?

- Ha, jo‘g‘ay, uncha uzog‘amas, yarim toshjo‘llar chiqadi-da.

(Bu bizning hozirgi o‘lchovimizda 3 km.lar chiqadi) Bir kastrul mayakminan, gartak qimizim boriydi, shulardi sotib, bozorliq qilib keldim-da.

- Àncha bo‘ldimi, qimiz qilayotganingizga?

- E, oyna, men o‘zi hoo, anovi, uchi ko‘rinib turgan qirdan keyingi O‘rtaqir qishloqdanman. Xitoyizi urug‘idanman. Otimdiyam shuytib Xitoy deb aytqon ekan. Uyimiz Omontovning etagidaydi. Otamning yilqilari, ko‘p kiyiklari boriydi. Menam kiyiklarimizding bolasi - quralaylarimizga qarariydim. Hoo, anayoqdagi, buyoqdan hazir yaxshi ko‘rinmaydi-da, Yoriltoshning oldida kiyiklarimizni qamaydigan, eshigi erganakli kiyik qo‘tonimiz bo‘lardi. Opam ikkalamiz kiyikchalar bilan quvalashib o‘ynardik. Keyin, shu.. nimagadir es-es bilaman-da, otam ham, boyagi biyalar, kiyiklar ham, birdaniga uyda yo‘q bo‘lib qoldi... Enam qimiz pishariydi. Oti Madrasa edi. Otamning otini Lapasboy derdi. Keyin, odamlardan, Lapasboy endi kemaydi, quloq bo‘p ketgan, deb eshitdik.

Orada, maktab ochildi. "Uch klassli". Besharchaning kovagida dars o‘qigichiydik. Qoraqishloqdan bir malim eshak minib kelib, bizga o‘qishni o‘rgatardi. Àncha quymaquloqiydim. Mna, hazirga dovur ham qulog‘imda qog‘an:

"To‘rtta tomon bor,

Oltita qitqa bor.

Yer yuzining teng yarmidan ko‘pi- suv.

To‘rt amal bor: qo‘shuv, oluv, bo‘luv, ko‘paytiruv, deb o‘qirdik...

 O‘nnan so‘ng urush boshlanib ketdi!.. Eh-hi!..

Mano qirlargayam, nargi qirlargayam paxta ekariydi. Qizil paxta.

- Qizil paxta?

- Bilmasam, paxtasiyam qizil edi. Ekki marta ekdi. Keyin yana bug‘doy ekdi. Unda hozirgiday kambo‘y- texnika qayoqdaymish? Odamlar qo‘lo‘roq, belo‘roq bilan shunday kep-kep, kep-kep o‘radi-yey!.. Qayoqda, to‘yib non yemoq qayoqda? Barisini Frontga jo‘natadi- da. Tovba qildim, deb oytaman, oyna, shu qirlarda toshbaqaning, kirpining o‘zi tugul tuxumiyam qolmadi-da. Ocharchilik! Po‘stloq bilan o‘tlarning ildizini yeyvergan bilan nonning o‘rniga o‘tmaydi. Undan so‘ng, tif, qoqshol, ichburug‘, terlama degan ilong kasalliklar avjiga chiqdi. Yana yetmaganiga o‘badard (Vabo, demoqchi, sheva) keldi... Shundayg‘ana havodan keb, o‘pkaga o‘tib, odamlar burnini ushlab, yo otdan yiqilib o‘lib qolaverar ekan. Bir uydan birov, ko‘p bo‘lsa, uchov odamlar tirik qoldi-da. Hee, qiyiniydi, bejoy qiyiniydi... O‘lganlarni temir, panshaxa, changak minan ushlab, Toshqirning pastidagi "O‘bajar"ga opporib tashlaybergan, nima qilsin, boshqa iloj yo‘q. Mna, barisi o‘tdi. O‘lmagan qul ko‘raberadiykan-da.

- Momo, xotirangiz yaxshi ekan- da. Barisi shu holicha esingizda turibdi-ya?

- Ha-yeyy, so‘ng, o‘n oltimning ustida meni shu yerga uzatishdi. Cholim qora qirg‘izlardan. Nekin-da, qirg‘iz bo‘g‘ani minan, huuv, Laylakdagi qirg‘izlarding tiliga tushunmasiydi. Endi qirg‘iz eliyam katta elda-ya? Keyin ho‘kumat bizlardi har qayoqlarga ko‘chirma qildi. Qozoqqa, Sayramning oldiga bordik. Ekkinchi qizim Sayramoy sho‘ yoqda tug‘ildi. Cholim, nima bo‘lsayam, Yoriltoshga yaqin bo‘laveraylik, deb, Paxtaorolga, keyin, sal o‘tib, Toshkenning Bo‘kasiga ko‘chib keldik. Sirdaryoning Sho‘ro‘zagiga kelib paxta ekdik.

Oynalarim-ov, shu 1957-yilda ketgan bo‘lsak, 1997-yilda, oradan qirq yil o‘tib, qaytib keldik. Cholimning shu qirq yil ichida Yoriltoshdi eslamagan, gapirmagan bir kuni bo‘masiydi. Vatan, yurt shundayam aziz bo‘ladimikana? Kelsak, shunday katta qishloqdan uchtagina uy qolgan ekan.. Cholim, bu mung‘ayibgina turgan uylarga bir- bir kirib chiqar, necha kunlar uyga kirmay, chag‘at, o‘ngirlardi aylanadi deng, sira to‘ymaydi-da! Shunday kunlarda nevaramiz tug‘ildi.

- Otini Yaylovboy deb, qo‘yaman, yaylovlarimga kelib tug‘ildi, - deb qoldi, deng.

Bolalar hay-haylashdi:

- Yo‘g‘-yey, Ota, endi, unday demangda endi. Hozir hech kim, Yaylovboy degan otlarni qo‘ymaydi- da.

- Sizdan iltimos-da endi, ota.

- Bo‘lmasa, elimga keldim, Eliboy deb qo‘yaman! Uchinchi bovamning otiyam Eliboy edi.

Bollarim cholimning ko‘nganiga xursand bo‘ldi:

- Mayli, ota, mayli.

- Keng fe`l - ketmas davlat, deb bekor aytishmagan-da, men (ehtimolki, hammamiz) ich-ichimdan shu momoday sog‘lom keksarmoqni, (Kimlargadir o‘xshab: "mening kelinim yomon, qudam yomon, pensiyam oz" deya, ming‘illab yurmay) odamlarga, yaqinlarimga sog‘lom munosabatni Yaratgandan in`om etishini tilab turganimda, momo yonimdagi mehmonga qaradi:

- Polvonjon, oyna, siz qo‘lingizdagi piyolani qo‘ying-da.

Zavq-shavq bilan tinglayotgan polvon bova piyolani dasturxonga hayron qo‘yadi.

Momo yonidagi shkafchasini ochib, keli-kelisopchalar turgan joydan turli xil dorivor giyohlar olib, qip-qizil, gul shoxchasida qushchaning rasmi bor choynagiga choy damladi:

 - Mana, oyna, mening tovchoylarimdan ham bir ichib ko‘ringsizlar-chi. 

Choyi, qanday desam ekan? Tusi ra`nogulning tusida.Ta`mini ta`riflay olmadim. Buning uchun, loaqal shunga o‘xshash bir suyg‘u ichib ko‘rmoq kerakdir.

"Qanday ekan?" degan kabi qarab turgan momodan bir yoshroq mehmon so‘radi:

- Mehrigiyosi shumi endi, momo?

- Yo‘o‘q, mehrgiyomas, bu bermanqara bilan olqorgulning pushti gullaridan olib, abrik o‘tida qaynatilgan damlamasi-ku. Men endi ancha keksaydim. Shukr, Xudoyim Taolo uzun o‘mir bergan ekan. To‘qsondan oshib, hazirga dovur ham bittayam tablitka yemadim. Tovuqlarimga qarayman, qimiz pishib, sotaman. O‘zimdi ust- boshimdi tikaman. Qishda urchuq igiraman. Junlar zoya bo‘lmasin, deyman-da. Àna, bir xil davlatlar chiqarayotgan palos-gilamlar bo‘lmaydi, oyoqni ovritadi, shahardagi turadig‘an qizlarim Sayramdikiga, Maktabdikiga borsam ham, darrov qaytaman. Uylaridagi issiq-o‘lik issiq, odamning badaniga, ichiga o‘tmaydi. Poydasi jo‘q. Mna, mening shu peshkamga tur-tur yog‘ochlardi yoqaman. Oynalayin, daraxtlardan, daraxt odamga do‘st- da, issig‘iyam, cho‘g‘iyam shifo.

 Momoning turfa-turfa "tovchaylari"ga qarab, men beixtiyor she`r aytdim:

- Bu ko‘katni bermanqara, deydilar, shifolikda noyob, sara deydilar!

U, siz ko‘rgan ermanqara, zap 

ko‘kat,

Bevaqt kelgan balolarga daf 

ko‘kat.

Kiyik o‘tdan kelar, rayxon 

isi, yor isi,

Zirk, olg‘idan yomg‘ir isi, 

qor isi.

Siz totumni matardan farq 

etingiz,

Mo‘miyoga o‘qdan oldin 

yetingiz!

Zarrasiga zor kishilar bor 

balki,

Yosh jonimga ora kirdi, 

der balki.

Qancha olsak, arzir anzur 

piyozdan,

Chor ulfatga ma`qul, manzur 

piyozdan.

Sovg‘a qilsa, arzir do‘stu 

heshlarga,

Oshnolarga, martabasi peshlarga!.

- Ehii, shuni hazir to‘qidingizmi, oyna?

- Yo‘o‘q, momo! Bu katta baxshi shoir To‘ra Sulaymonning she`ri. O‘zimizning Baxmaldan.

- Shu shoirdi Mirzacho‘lda ko‘rganiydim. Shiyponimizga kelibidi.

- To‘g‘ri aytayapsiz, Shoir Mirzacho‘lda yashagan.

Momo ora-sira o‘rnidan turib, tashqariga chiqib kelardi. Harakatlari, yurishi shunchalar yengilki, sharpasini sezmay qolasiz.

- Endi bir go‘jalashamiz-a? - deb qoldi bir mahal. - Yoriltoshning abirk o‘tinlariga pishib, ota-bovalarimizdan qolgan "Oqbuloq" suvidan bo‘lgan bir kosa yovg‘onimdi ichmay ketsalaringiz, ko‘nglim qorong‘a bo‘ladi.

Ko‘p o‘tmay, qizil gulli shokosalarda "yovg‘on"ni keltirishdi. Uning ta`mi-totigayam ta`rif aytolmayman. (Uyga kelgach, go‘shtini ko‘proq solib ham tayyorlab ko‘rdim, baribir o‘xshamadi)

Ko‘nglim ko‘tarildi, deymiz-ku, shunday, ko‘nglim juda balandda edi. Xuddiki, katta bug‘doyzor yo maysazorlarda yursangiz, u boshidan boshlab, bu boshigacha qator-qator, bir tekis, mayin bir nasim to‘lqin- to‘lqin bo‘lib o‘tadi. Buni bobolarimiz Hil deyishgan. 


Sa`dina BOBOMURODOVA

(Davomi bor)


Авторизация