DOKTORNI TOPING

Inson zoti borki, umri mobaynida xizmat turlaridan foydalanadi. Bu o'rinda tibbiyot alohida o'rin tutadi. Boshqacha bo'lishi ham mumkin emas. Issiq jonmiz axir, kutilmaganda tobimiz qochib, "tez yordam" chaqiramiz. Ba`zida vaqtni tejash maqsadida yaqin oradagi tibbiyot maskaniga yo'l olamiz. 

Statistika ma`lumotlariga qaraganda, viloyatimizda shifoxonalar soni 2016-yilga nisbatan sezilarli oshgan. Shifokorlar va o'rta maxsus tibbiyot xodimlari safi ham sezilarli darajada kengaydi. Shunga qaramasdan jizzaxlik bemorlarning ko'proq Toshkent, Samarqand va Guliston shaharlaridagi shifo maskanlariga murojaat qilish holatlari ko'paysa ko'payaptiki, kamaygani yo'q. Sabab nima? Quyida bemorlar-dan yoki ularning yaqin odamlaridan eshitgan ayrim voqealarni keltiramiz. Xulosa esa o'zingizdan.

Birinchi voqea: Bir yoshli bola to'satdan lohaslanib qoldi. Onaning dili xufton. Ota vaziyat jiddiyligini his qilib, bolasini ko'targancha shifoxona tomon yo'l oldi. Àfsuski u viloyat ko'p tarmoqli bolalar shifoxonasiga borganida muammoga duch keldi. Negaki navbatchi shifokor joyida yo'q edi. Izlay-izlay uni topa olishmadi.

«Nima qilish kerak?», deya o'yladi ota. Ko'z o'ngida og'riqdan azoblanayotgan bolasi nola qilayapti. Xullas bu yerdan najot topa olmasligiga ko'zi yetib, Samarqand shahriga yo'l oldi. 

- Jizzaxda shuncha shifokorlar turib Samarqand shahriga borishimga to'g'ri keldi, - deydi xayrobodlik Yoqub Igamberdiyev. - U yerdagi shifokorlarning muomalasiga gap yo'q. 

Darmoni qurib borayotgan o'g'limni shifokorlar bilan hamshiralarning iliq gaplari oyoqqa turg'izdi. Dori-darmonlar esa o'z yo'liga. Kichkintoyim hozir sog'ayib ketdi. Men esa samarqandlik shifokorlar bilan bundan keyin ham do'stona aloqamni davom ettiraman. 

Ikkinchi voqea: Tog'li qishloqlardan birida yashaydigan yigit o'zini yomon his qilib, tuman tibbiyot birlashmasiga keldi. Shifokorga uchrashib, dardini bayon qildi. Kun bo'yi uni tekshirishdi. So'ngra Jizzax shahriga yo'llanma berishdi.

Yigit dardiga shifo istab yo'lga chiqdi. Yana o'sha tibbiy tahlillarni qog'ozga chiqarib berishdi. Xulosalarni olayotganida shifokor tomonidan aytilgan so'z hukm misoli quloqlariga kirdi.

- Davolanishingiz kerak, dard kuchayibdi.

Yigit tashqariga chiqar ekan, ko'ziga dunyo qorong'u ko'rinib, bir muddat turib qoldi. Bu vaziyatdan uni tanishi olib chiqdi. Yo'lda ketishayotganda u jo'yali taklifni o'rtaga tashladi. 

-Yo'q demasangiz boshqa shifoxonaga, Samarqandga boramiz. 

Ular Samarqand shahridagi shifoxonaga borishib, shifokorlarga uchrashishdi. Tekshirishlar qaytadan boshlandi. Shunisi qiziqki, u yerda yigitni mutlaqo sog'lom, deb topishdi. Yigit uyiga yurib emas, uchib yetib keldi. 

-Endi nima qilmoqchisiz?-deb so'radim undan.

-Hozir huquqshunoslar bilan maslahatlashib, menga noto'g'ri tashxis qo'ygani uchun o'sha vrachni sudga bermoqchiman. Jabr ko'rgan bitta men bo'lmasam kerak. Haq-huquqimizni himoya qilishni ham o'rganishimiz kerak.

Uchinchi voqea: Mirzacho'l tumanidagi "Gagarin ma`danli suvi" MChJ shifo maskaniga borgan onaxon ko'pchilik ko'z o'ngida izza bo'ldi. Negaki tibbiy muassasada farrosh bo'lib ishlaydigan ayol undan xonani bo'shatishni talab qildi. Dili xufton bo'lgan onaxon o'g'liga telefon qilib, unga vaziyatni tushuntirdi. Farzandning aralashuvidan keyin o'rtadagi vaziyat o'nglandi, ammo onaxonning ko'ngil shishasiga darz ketgandi. U endi bundan keyin bu yerga qadam bosmaslikka ahd qildi.

Bu bilan xulosa qilib, hukm chiqarmoqchi emasmiz. Sohada xizmat qilayotgan shifokorlar, hamshiralar va boshqa xizmatchilarning mehnatlarini aslo kamsitmoq-chi ham emasmiz. Àmmo, "Guruch kurmaksiz bo'lmay-di", deganlaridek, viloyati-mizdagi tibbiy xizmat borasida bundan-da battar kamchilik va muammolar mavjud. Buni shu tizimga ishi tushgan bemorlar va ularning yaqinlari yaxshi bilishadi. Istagimiz shuki, kamchiliklar bartaraf qilinsa, muammolar-ga esa barham berilsa.

Rahmatulla Yunusov



Авторизация